8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan “Oʻzbek ayoli - oʻtmish, nafosat, kelajak ramzi” nomli an'anaviy IV Respublika fotokoʻrgazmasi tashkil etildi.
Bugun, Toshkent Fotosuratlar uyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan IV Respublika fotoko‘rgazmasi ish boshladi. Fotoko‘rgazmaga sport tarixida ayollar mavqeiga oid O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi saqlovidagi ayol sportchilarning 100 dan ziyod fotolari taqdim etilgan.
Mustaqillik yillarida ayollar, xotin-qizlarga bo‘lgan g‘amxo‘rlik, eʼtibor tufayli ayollar har sohada o‘zini namoyon etibgina qolmay, ulkan yutuqlarga erishib kelmoqda. Har bir sohada ayol o‘rni, mavqeini oshirish, ularga mehnat faoliyatida yetarli shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ajralmas qismiga aylandi. Ayol-qizlarimizda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan mustahkam huquqiy baza yaratildi. Bugungi kunda mamlakatimiz xotin-qizlarining fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat, sport sohalarida erishgan yutuqlari yuksak baholanib kelmoqda. Ayniqsa, sport sohasida erishilayotgan yutuqlar zamona ayollari nufuzini yana-da oshirdi. Bu esa sport tarixida kamdan kam uchraydigan hodisa ekanligini xalqaro ekspertlar ham tan olmoqda.
Ayol – har sohada o‘zini yorqin va to‘liq namoyon eta oladigan nozik xilqatdir. Jumladan sportning har bir turida xotin-qizlarning yutuqlari tarix zarvaraqlarida mustahkam muhrlanib bormoqda. Bugungi tadbir fizkultura va sport bilan shug‘ullanadigan hamda unga eʼtiborli bo‘lgan, sog‘lom hayotni qo‘llab-quvvatlovchi ayollarga bag‘ishlanadi.
Ko‘rgazmada 1930-yillardan boshlab bugungi kungacha ayollar sportiga bag‘ishlangan arxiv fotolari namoyish qilinmoqda. Ayniqsa, ilk bora namoyish etilayotgan 20 dan ortiq fotolar kuzatuvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari, spartakiada, olimpiada va boshqa sport tadbirlarida faol qatnashgan xotin-qizlar o‘tmish va nafosatni, matonat va kelajakni aks ettirmoqda. Fotosuratlarda aks etgan sportchi ayollarimizning holati, ko‘zi va hissiyotlaridan o‘sha davrdagi matonatini, kuchi va g‘ayratini anglash qiyin emas. Tashrif buyuruvchilar, ayniqsa yoshlar mazkur tarixiy fotolarni kuzatar ekan, ularning yuzida sportga bo‘lgan katta qiziqish kuzatiladi.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida «NURSAMUS» kimono kompaniyasi hamkorligida sport kiyimlari namoyishi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasining sportda yutuqqa erishgan va samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, tabarruk onaxonlar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, "O‘zarxiv" agentligi va arxiv xodimlari hamda ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.
Fotoko‘rgazma 10-martgacha davom etadi.