“9-iyun Xalqaro arxivlar kuni” munosabati bilan Surxondaryo viloyati Denov tumanida yangi arxiv binosining ochilishiga bagʻishlangan tadbir.

\

\

Mavzu: “9-iyun Xalqaro arxivlar kuni” munosabati bilan Surxondaryo viloyati Denov tumanida yangi arxiv binosining ochilishiga bagʻishlangan tadbir.

Oʻtkazish vaqti: 2023-yil 10-iyun, soat 10:00da

Oʻtkazilish joyi: Surxondaryo viloyati, Denov tumani yangi arxiv binosi

Tadbir tashkilotchisi: Surxondaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi, Surxondaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi.

Tariximizni oʻrganmay, bilmay turib, yangichasiga yashashni, hayot tarzimizni oʻzgartirishimizni, zamonga, buyuk ajdodlarimizga mos avlodni tarbiyalashimizni amalga oshirish qiyin boʻladi. Shuning uchun ham Arxivga eʼtibor yildan yilga ortib bormoqda. Arxivlarga yangi binolar qurib berilmoqda, mutaxassislar bilan mustahkamlanib bormoqda. Oʻtgan davr mobaynida arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilma yaratildi, arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishda ijobiy natijalarga erishildi hamda muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi, Milliy arxiv fondi Oʻzbekiston xalqining moddiy va maʼnaviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlgan arxiv hujjatlar bilan boyitildi.

Joriy yilning 10-iyun kuni “9-iyun Xalqaro arxivlar kuni” nishonlanayotgan kunlarda Denov tumanida yangi arxiv binosining ochilishi arxivchilar uchun yana bir munosib sovgʻa boʻldi.

Denov tuman davlat arxivi eski binosi Denov tumani Mustaqillik koʻchasi 67 uyda joylashgan boʻlib, 1956-yilda qurilgan. Denov tuman davlat arxivi saqlovida xozirgi kunda jami 615 fondda 97274 saqlov birligida, shundan 148 ta fondda 53680 saqlov birligida boshqaruv hujjatlari, 454 ta fondda 43284 saqlov birligidagi shaxsiy tarkib hujjatlari, 13 ta fondda 310 saqlov birligidagi shaxsiy kelib chiqish hujjatlari saqlanib kelingan. Shuningdek 12 ta fondda 4009 saqlov birligida alohida qimmatli hujjatlar ham saqlanmoqda. Tuman davlat arxivi eski binosi sigʻimdorligi allaqachon 100 % dan oshgan va arxivi eski binosi bugungi kunda taʼmirtalab ahvolga kelib qolganligi sababli, “Kenja-Sodiq” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan “Nurli manzil” mahallasi “Madaniyat” koʻchasida joylashgan Denov tuman hokimligi zahirasidagi yer maydonidan 0,6 sotix ajratilgan. Ushbu ajratilgan 0,6 sotix yer maydoniga Denov tuman davlat arxivi uchun yangi bino qurish evaziga mazkur davlat arxivining eski binosini “Kenja-Sodiq” masʼuliyati cheklangan jamiyati balansiga olish sharti bilan 2022-yilning 7-iyul kuni Denov tuman davlat arxivi binosini davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida qurish boʻyicha 3 tomonlama shartnoma imzolangan.

“Kenja-Sodiq” masʼuliyati cheklangan jamiyati (Fayzullayev Xurshid Boltayevich) tomonidan Denov tuman davlat arxiviga 150 ming saqlov birligiga ega boʻlgan yangi zamonaviy bino qurish uchun loyihachi Surxondaryo viloyati “MEGA ARX SERVIS PROEKT” xususiy korxonasi tanlab olingan va loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli tartibda ekspertizadan oʻtkazilgan holda qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Surxondaryo viloyati Denov tumani davlat arxivining yangi maʼmuriy binosi 3 qavatdan iborat boʻlib, 1-qavatida fuqarolarga xizmat koʻrsatish xonasi, arxivchilar xonasi, bosh arxivchi va fond saqlovchi xonasi, direktor xonasi va qorovul xonalar joylashgan. Binoning 2-3-qavatlarida arxiv saqlovxonalari joylashgan, binoda hujjatlarni jamlash, hisobini olib borish. saqlash va foydalanishini tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birga arxiv xodimlari uchun ham yetarlicha sharoitlar yaratilgan.

Tadbirda “Oʻzarxiv” agentligi rahbariyati, Surxondaryo viloyati hokimligi, Denov tumani hokimligi, Surxondaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi, arxivlar xodimlari, viloyat ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati