Agentlik rasmiy veb-saytida Agentlikning davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari, jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni eʼlon qilib borish (2023 yil may-iyun holatiga koʻra)
Murojaatlar boʻyicha:
2023-yil 3-iyul holatiga jami 490 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, 18 ta nazoratdagi topshiriqlar mavjud, shundan:
Oʻzbekiston Respublikasi Virtual qabulxonasidan kelib tushgan 346 ta murojaatlar ijrosi bajarilgan, 9 tasi bajarish jarayonida, muddati oʻtgan murojaatlar mavjud emas;
“Oʻzarxiv” agentligiga toʻgʻridan-toʻgʻri yozma kelib tushgan 38 ta murojaatlar ijrosi bajarilgan, 8 tasi bajarish jarayonida, muddati oʻtgan murojaatlar mavjud emas;
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Xotin-qizlar muammolari boʻyicha 1211 ishonch telefoni”ga (Call-center) kelib tushgan 2 ta murojaatlar ijrosi bajarilgan, muddati oʻtgan murojaatlar mavjud emas;
“Oʻzarxiv” agentligi idoraviy aloqa markazi (ishonch telefoni) orqali kelib tushgan 9 ta murojaatlar ijrosi bajarilgan, 1 tasi bajarish jarayonida, muddati oʻtgan murojaatlar mavjud emas;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va ilmiy faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentining 2022-yil 22-dekabrdagi 08/50-129-son bilan tasdiqlangan “Oʻzarxiv” agentligi rahbariyati tomonidan 2023-yilning I yarim yilligida hududlarda jismoniy va yuridik shaxslarni sayyor qabuli jadvaliga muvofiq, Agentlik rahbariyati tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlardagi shahar hamda tumanlarda jismoniy va yuridik shaxslarni sayyor qabuli jadvaliga asosan 8 ta sayyor va shaxsiy qabullar oʻtkazilib, ularda 77 nafar fuqarolar murojaatlari koʻrib chiqilgan;
Agentlik rahbariyati tomonidan iyul oyida Fargʻona, Buxoro, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari tumanlarida sayyor qabullar oʻtkazilishi rejalashtirilgan;
“Oʻzarxiv” agentligida ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlarning bajarilishi yuzasidan bugungi kunda jami 8374 ta (yangi kelgan soʻrovlar soni 665 ta) ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlar kelib tushgan, shundan, 8 374 tasi ijroga qaratilgan, bajarish (tizimga kiritish) jarayonida, muddati oʻtgan soʻrovlar mavjud emas.
Xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik boʻyicha:
Davlat arxivlari oʻquv zallaridan foydalanish faoliyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-noyabrdagi 706-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibini, foydalanuvchining huquq va majburiyatlarini, shuningdek, davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlarini taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallarida foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom” qoidalariga asosan 2023-yil may-iyun oylarida Agentlik tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Qirgʻiz Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, AQSh tashkilotlaridan murojaatlar kelib tushgan hamda Rossiya Federatsiyasining 1 ta, Qirgʻiz Respublikasining 1 ta, Qozogʻiston Respublikasining 1 ta, Shvetsiyaning 1 ta, Yaponiyaning 1 ta tadqiqotchilariga davlat arxivlari oʻquv zallariga tashrif buyurishi uchun oʻrnatilgan tartibda ruxsat berilgan.
“9-may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Oʻzbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaga qoʻshgan hissasini namoyish etuvchi “Xotira – abadiy, inson qadri – muqaddas” mavzusida arxiv hujjatlari fotokoʻrgazmasi Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida joriy yilning 5-15-may kunlari oʻtkazilgan hamda unda xorij Elchixonalari vakillari, jumladan, Isroil Davlati va Belarus Respublikasi Elchilari kirish nutqlari bilan ishtirok etdilar.
Joriy yilning 19-may kuni Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida Toshkentdagi “Свитанак” belorus milliy madaniyat markazi va Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi bilan hamkorlikda “Xalqaro muzeylar kuni” munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi mavzusiga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy kechada “O‘zarxiv” agentligi xodimlari Sh.Tursunbayev va D.Dadayeva ishtirok etdilar.
Qozogʻiston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligining Arxiv ishi va hujjatlarni boshqarish Qo‘mitasi huzuridagi “Kino-foto va ovozli hujjatlar Markaziy davlat arxivi” respublika davlat muassasasining 80-yillik yubileyi doirasida joriy yilning 18-19-may kunlari Olma-Ota shahrida “Qozog‘iston Respublikasi Milliy arxiv fondining audiovizual hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanishning dolzarb masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi direktori A.V.Maxkamov ishtirok etdi.
Joriy yilning 18-20-may kunlari Tatariston Respublikasi Qozon shahrida boʻlib oʻtgan “Rossiya-Islom olami: KazanForum 2023” XIV Xalqaro iqtisodiy sammitda hamda mazkur sammit doirasida oʻtkazilgan “Shejere-iman nigeze” nomli forumda Oʻzbekiston Milliy arxivining asosiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari A.A.Tillaxodjayev ishtirok etdi.
Joriy yilning 24-26-may kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan “Central Asia-2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XVI Xalqaro konferensiyasida “O‘zarxiv” agentligi Markaziy apparati xodimlari, Arxiv ishi hududiy boshqarmalari va O‘zbekiston milliy arxivlari rahbarlari oʻz ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazining taklifiga binoan joriy yilning 30-may kuni Toshkent fotosuratlar uyida oʻtkazilgan “1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan ShHT davlatlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Tabiatni birgalikda asraylik” mavzusida navbatdagi bolalar rasmlari koʻrgazmasida “O‘zarxiv” agentligi xodimlari Sh.Tursunbayev va A.Fayzullayev ishtirok etdilar.
Xalqaro arxivlar kengashi (ICA)ning 2023-yil 25-maydagi axborot xatiga muvofiq, joriy yil 5-9-iyun kunlari onlayn formatda vebinarlar seriyasidan iborat #IAW2023 – beshinchi xalqaro arxivlar haftaligida “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi tashkilotlar va hududiy boshqarmalar mutaxassislarining ishtirok etdilar.
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Arxivining taklifiga muvofiq, joriy yilning 7-9-iyun kunlari Olma-Ota shahrida “Arxivlarning ochiqligi va foydalanish imkoniyati: rivojlanishning yangi tendensiyalari” mavzusida oʻtkazilgan MDH davlatlari “Yosh arxivchilar yozgi maktabi” VI malaka oshirish dasturida “Oʻzarxiv” agentligi Elektron arxivlar va davlat katalogini yuritish boʻlimi boshligʻi A.Turapov, Oʻzbekiston Milliy arxivi boʻlimi boshligʻi A.Umurzoqov va yetakchi arxivchi M.Nigmonov, Toshkent shahar markaziy davlat arxivi yetakchi arxivchisi M.Ermatova, Andijon viloyati Bo‘ston tuman shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi direktori U.Jarqinboyev ishtirok etdilar.
“9-iyun – Xalqaro arxivlar kuni” munosabati bilan oʻzbek tomoni tashabbusiga koʻra ilk marotaba 2023-yil 8-iyun kuni Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzarxiv” agentligi va Oʻzbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi hamkorligida ShHTga a’zo davlatlar arxiv idoralari rahbarlari ishtirokida “Arxivlar ― ShHTga a’zo davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigi” mavzusida davra-suhbati onlayn vidoekonferens-aloqa shaklida oʻtkazildi. Mazkur davra-suhbatida “Oʻzarxiv” agentligi va Oʻzbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi rahbarlari, ShHTga a’zo davlatlar ― Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston hamda “kuzatuvchi” davlat boʻlmish Belarus Resublikasi arxiv idoralari rahbarlari (Xitoy Xalq Respublikasidan vakil ishtirok etmadi), shuningdek, Oʻzbekiston va Belarus respublikalari adliya vazirlari hamda Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilari oʻz nutqlari bilan faol ishtirok etdilar. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ShHTga a’zo davlatlar arxivlari o‘rtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish, tarixning asosiy manbalari bo‘lgan arxiv hujjatlarini kelajak uchun asrab-avaylashda birlashish, davlatlararo do‘stona munosabatlarni mustahkamlashdan iborat boʻldi.
Rossiya Federatsiyasi Perm davlat ijtimoiy-siyosiy tarix arxivida joriy yilning 12-15-iyun kunlari Perm shahrida o‘tkazilgan “V-Пермские научно-образовательные чтения “История Императорского Дома Романовых. К 410-летию Дома Романовых и 300-летию города Перми” ilmiy Forumida O‘zbekiston Milliy arxivining katta ilmiy xodimlari Z.Xasanova va Sh.Abduraximova “Документальное наследие князя Романова в Национальном архиве Узбекистана” va “Архивные материалы о медицинской помощи Великого Князя Николая Константиновича населению Голодной степи” mavzularidagi ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.