Agentlikning xalqaro aloqalari yoʻnalishida 2025-yil II chorakda amalga oshirilgan ishlari toʻgʻrisida ma’lumot

Davlat arxivlari oʻquv zallaridan foydalanish faoliyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-noyabrdagi 706-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlaridan foydalanish tartibini, foydalanuvchining huquq va majburiyatlarini, shuningdek, davlat arxivlari oʻquv zallarida arxiv hujjatlarini taqdim etish tartibini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi davlat arxivlari oʻquv zallarida foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom” qoidalariga asosan 2025-yil II choragida “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya hamda Qozog‘iston Respublikasidan boʻlgan 11 ta tadqiqotchilarga Oʻzbekiston Milliy arxivi, Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi, Xorazm, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari davlat arxivlari hamda Toshkent shahar Markaziy davlat arxivi o‘quv zallariga tashrif buyurishlari uchun oʻrnatilgan tartibda ruxsat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PQ-11-son Qaroriga muvofiq, 2025-yil 5-9-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga Namibiya Milliy kengashidan tashrif buyurgan (jami - 8 kishi) delegatsiya vakillari “O‘zarxiv” agentligi direktori U.Yusupov va direktor o‘rinbosari Sh.Sadikov hamrohligida (Geologiya fanlari universiteti va “Asakabank” AJ vakillari bilan kelishilgan holda) Toshkent xalqaro aeroportida belgilangan kunlar va vaqtda o‘rnatilgan tartibda kutib olindi, mehmonxonalar (“Novza Palace Hotel”, “Lakeside Hotel” va “Reikartz Amirun Hotel”)ga joylashtirildi, Assambleya doirasidagi rasmiy (Kongress Holl), madaniy (Toshkent muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Geologiya muzeyi) va boshqa tadbirlarda doimiy hamrohlik qilindi.

Tojikiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Raxmonzoda Abdudjabbor Aziz va “Oʻzarxiv” agentligi direktori Yusupov Ulugʻbek Mirtalibovich bilan 2025-yil 8-aprelda Oʻzbekiston Milliy arxivida ishchi uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv chog‘ida “O‘zarxiv” agentligi va Tojikiston arxivlari o‘rtasida arxiv sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekiston tarixi va madaniyatini, arxiv hujjatlarini Tojikiston arxivlarida targ‘ib etish, hujjatlarni raqamlashtirish, qo‘shma ko‘rgazmalar va nashrlar tashkil etish, arxivlarda tadqiqotchilarga koʻmak koʻrsatish bo‘yicha hamkorlikdagi masalalar kun tartibining asosiy mavzusi sifatida ko‘rildi.

Qirg‘iz Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchi Chotonov Duyshenkul Tezekbayevich va “Oʻzarxiv” agentligi direktori Yusupov Ulugʻbek Mirtalibovich bilan 2025-yil 9-aprelda Oʻzbekiston Milliy arxivida ishchi uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv chog‘ida “O‘zarxiv” agentligi va Qirg‘iz davlat arxivlari o‘rtasida arxiv sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Ikki qardosh xalqlar tarixi va madaniyatini, arxiv hujjatlarini har ikki davlat arxivlarida targ‘ib etish, hujjatlarni raqamlashtirish, qo‘shma ko‘rgazmalar va nashrlar tashkil etish, arxivlarda tadqiqotchilarga koʻmak koʻrsatish bo‘yicha hamkorlikdagi masalalar kun tartibining asosiy mavzusi sifatida ko‘rildi.

2025-yil 10-aprelda “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston Milliy arxivi, Shveysariyaning Friburg universiteti va Chirchiq davlat pedagogika universiteti, shuningdek, Shveysariya milliy ilmiy fondi va Qutb instituti bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Milliy arxivi majlislar zalida “Geograf olim N.L.Korjenevskiyning Pomirga birinchi sayohatlari (1903-1914-yy.)” nomli ekspeditsiya kundaligi va shaxsiy hujjatlarini Oʻzbekiston Milliy arxivi davlat saqloviga tantanali topshirish marosimini o‘tkazildi. O‘z navbatda, mazkur tadbirda Shveysariyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Elchixonasi xodimlari, xorijiy va mahalliy tarixchi-olimlar, arxivchilar va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

2025-yil 29-yanvarda Anqara shahrida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 30 yilligini nishonlash bo‘yicha Kompleks tadbirlar dasturi”ning 34-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil 23-26-aprel kunlari Buxoro shahrida “O‘zbekiston-Ozarbayjon aloqalari arxiv foto hujjatlarida” kitob-albomining taqdimoti va “O‘zbekiston va Ozarbayjon ikki qardosh xalq” mavzusidagi qo‘shma arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi oʻtkazildi.

2025-yil 3-aprel kuni videokonferens-aloqa shaklida imzolangan “Rossiya Federatsiyasi Perm davlat ijtimoiy-siyosiy tarixi arxivi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonlik mehnat armiyachilarining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi jasorati” mavzusidagi ko‘chma banner ko‘rgazmasini o‘tkazish va “O‘zbekistonlik mehnat armiyachilarining jasorati” mavzusidagi arxiv hujjatlari to‘plamini nashrga tayyorlash bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasi (2025-2026-yillar uchun)”ning 2-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida 2025-yil 13-17-may kunlari Toshkent shahriga Rossiya Federatsiyasi Perm davlat ijtimoiy-siyosiy tarixi arxivi delegatsiyasining tashrifi amalga oshirildi hamda 14-mayda “O‘zbekistonlik mehnat armiyachilarining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi jasorati” mavzusidagi qo‘shma ko‘rgazma oʻtkazildi.

Rossiya Federatsiyasidagi “Proxorovskoye Pole” davlat harbiy-tarixiy muzey-qo‘riqxonasi tomonidan 2025 yil 14-15 mayda o‘tkazilgan “Актуальные вопросы научного исследования Великой Отечественной войны: к 80-летию Великой победы” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda onlayn shaklda O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi katta ilmiy xodimi D.Kim “Одна на всех! - вклад советских республик в Победу. Изучение вклада Узбекистана в победу под Курском на основе фотодокументов” mavzusidagi maqolasi bilan ishtirok etdi.

2025-yil 14-maydan 17-maygacha Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan “Central Asia: Fan, ta‘lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XVIII xalqaro konferensiyada “O‘zarxiv” agentligi va tizimdagi tashkilotlardan jami 20 nafar xodim, shu jumladan onlayn shaklda o‘z maqolalari va taqdimotlari bilan ishtirok etdilar.

2025-yil 20-22-may kunlari Samarqand shahriga Tatariston Respublikasi Arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi (Rossiya Federatsiyasi) raisi G.Z.Gabdrahmanova boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi amalga oshirildi hamda 21-mayda “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi hamda Tatariston Respublikasi Arxiv ishi bo‘yicha Davlat qo‘mitasi (Rossiya Federatsiyasi) o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Chora-tadbirlar rejasi (2025-2027-yillar uchun)” imzolandi.

Adliya vazirining 2025-yil 27-yanvardagi “Tashkent Law Spring” IV Xalqaro yuridik forumini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 24-um-son buyrugʻiga asosan “Raqamli texnologiyalar davri: kelajakka huquqiy nazar” mavzusidagi Forum 2025-yil 29-30-may kunlari Toshkent shahrida o‘tkazildi. Ushbu Forumga tashrif buyurgan nufuzli xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari, xalqaro ekspertlar va olimlar uchun “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan “BMT tashkil topganligining 80 yilligi va uning ishidagi O‘zbekiston ishtiroki” mavzusidagi arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

2025-yil 2-7-iyun kunlari Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida MDH ishtirokchi - davlatlari arxiv xizmatlari rahbarlarining navbatdagi XXI Maslahat kengashi yigʻilishi va uning doirasida Butunrossiya hujjatlashtirish va arxivshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti (VNIIDAD)ning “Real virtual: raqamli asrdagi hujjatli meros” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida ishtirok etish maqsadida “Oʻzarxiv” agentligi direktori U.Yusupov boshchiligidagi delegatsiya (shu jumladan, Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi direktori A.Maxkamov) xizmat safarida boʻldi.

2025-yil 9-13-iyun kunlari “Arxivlarni raqamli transformatsiyalash va hujjatli merosni saqlash” mavzusida Ostona shahrida an’anaviy oʻtkazilgan “Yosh arxivchilar yozgi maktabi” VIII malaka oshirish xalqaro dasturida ishtirok etish maqsadida “O‘zarxiv” agentligi delegatsiyasi (jumladan, delegatsiya rahbari - “Oʻzarxiv” agentligi Xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh mutaxassis D.Dadayeva hamda xalqaro dastur tinglovchisi - O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi Hujjatlardan foydalanish bo‘limi arxivchisi D.Salaxetdinova) xizmat safarida bo‘ldi.

Germaniyaning “Microbox GmbH” kompaniyasi bosh direktori Stefan (Ulrix Teodor) Velp va “Oʻzarxiv” agentligi direktori bilan 2025-yil 18-iyunda Oʻzbekiston Milliy arxivida ishchi uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda O‘zbekistonda “Microbox GmbH” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan loyihalar, jumladan, respublika arxivlariga yetkazib berilgan zamonaviy skaner uskunalari, ularning texnik xususiyatlari va samaradorligi atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuv doirasida mehmonlar O‘zbekiston Milliy arxivida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlari, hujjatlarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha tashkil etilgan maxsus laboratoriya faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Tashrif yakunida “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi davlat arxivlarida ishlatilayotgan “book2net” skanerlarining axborot tizimini yangi talqinga almashtirish hamda kelajakda raqamlashtirish bilan bogʻliq masalalarda hamkorlik qilish masalalari tomonlar o‘rtasida o‘zaro kelishib olindi.

2025-yil 24-iyun kuni Mo‘g‘uliston Respublikasi Ulan-Bator shahrida oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani imzolash jarayonida “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi bilan Moʻgʻuliston arxivlari bosh boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik toʻgʻrisida Bayonnoma” imzolandi.