Aholi sogʻligʻi va iqtisodiyot barqarorligi – hayotiy muhim vazifalar

 

Aholi sogʻligʻi va iqtisodiyot barqarorligi – hayotiy muhim vazifalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, shuningdek, hududlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish hamda iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakatimiz, xalqimiz joriy yil boshida oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻygan edi. Butun dunyoga tarqalgan koronavirus infeksiyasi mart oyida yurtimizga kirib keldiyu rejalar oʻzgarib ketdi. Davlatimiz birinchi navbatda odamlar sogʻligʻini saqlash choralarini koʻrdi.

Respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Qisqa muddatda maxsus shifoxona va karantin zonalari qurildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablagʻlar ajratildi.

Shu sertashvish besh oyda Prezidentimiz koronavirus bilan bogʻliq qator farmon va qarorlar qabul qildi. Ularga muvofiq, aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlari imkon darajasida qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olgan. Deyarli har bir yigʻilishda bu masalaga eʼtibor qaratilmoqda. Maʼlumki, avvalroq poytaxtimiz va Toshkent viloyatida koronavirus bilan bogʻliq vaziyat har tomonlama tahlil qilingan edi. Bu galgi videoselektor yigʻilishida barcha hududlardagi ahvol, dolzarb chora-tadbirlar muhokama etildi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlari kasallik koʻrsatkichlari, davolanayotganlar soni va bu borada yaratilgan zaxira oʻrinlari boʻyicha hisobot berdi. Aholi murojaatlari, shoshilinch tibbiy yordam mashinalari, dori-darmon taʼminoti boʻyicha holat tahlil qilindi.

Yigʻilishda joylardagi muammolar ochiq muhokama qilindi. Koronavirusga qarshi kurashish uchun qaysi hududga qanday texnika va vositalar kerakligi belgilandi.

Prezident mutasaddilarga vaziyatning haqiqiy holatini real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etib borish boʻyicha qatʼiy topshiriq berdi.

Davolash ishlarini sifatli va xavfsiz tashkil etish, shu bilan birga, aholi va obyektlarni dezinfeksiya vositalari bilan taʼminlab, kasallik yuqishining oldini olish muhimligini taʼkidlandi.

Har bir hudud ehtiyojidan kelib chiqib, yetarlicha dori-darmon, tibbiy buyumlar va test tizimlari bilan taʼminlash, tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish manbalari belgilandi.

Yigʻilishda sogʻliqni saqlash sohasi mutasaddilari va hududlar rahbarlari hisobot berdi.

Shuningdek, videoselektorda hududlar rahbarlari pandemiya sharoitida iqtisodityotni barqaror rivojlantirish, investitsiya jalb qilish va eksport hajmini oshirish borasidagi 6 oylik yakunlari boʻyicha ham xisobot berdilar.

Keskin surʼatlarda davom etayotgan pandemiyaning iqtisodiyotga koʻrsatayotgan taʼsirini avvaldan baholash va mamlakat makroiqtisodiy barqarorligini taʼminlash, investitsion loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi, sanoat va qurilish sohasidagi prognozlarni bajarish, eksportni koʻpaytirish, hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijalari tahlil qilindi.

Davlatimiz rahbari har bir hududdagi korxonalarda pul tushumlari kamayganini qayd etib, 2020-yil 1-oktyabrga qadar tijorat banklari bilan birga qurilish va sanoat korxonalarining aksar qismini, yil yakunigacha esa 100 foiz korxonalarning faoliyatini tiklash boʻyicha topshiriq berdi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida ham qator hududlarda iqtisodiy prognozlar bajarilmaganini koʻrish mumkin. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida qishloq xoʻjaligi yalpi mahsuloti qiymati prognozga nisbatan 59 milliard soʻmga kam boʻlgan. Bu koʻrsatkich Qashqadaryo viloyatida 177 milliard, Sirdaryo viloyatida 173 milliard, Toshkent viloyatida 129 milliard soʻmni tashkil qiladi.

Shavkat Mirziyoyev har bir hududda takroriy maydonlar hisobiga sabzavot va poliz mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi qoloqliklarni qoplash, aholi xonadonlariga parranda tarqatish ishlarini jadallashtirish hamda chorvachilik, baliqchilik sohasida intensiv texnologiyalarni keng qoʻllash hamda yil yakuniga qadar hududlar salohiyatini inobatga olgan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni 3-4 % ga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати