Ayni damda "O‘zarxiv" agentligida "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi Qonuni targ‘iboti yuzasidan tadbir o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari boshchiligida barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni sifatli ijrosini ta’minlash davlat organlari tomonidan belgilangan vazifa va funksiyalarini nechog‘li puxta va samarali amalga oshirishiga bevosita bog‘liqdir.
Rivojlangan xorijiy mamlakatlar davlat boshqaruvida kadrlar siyosatini shakllantirishda davlat xizmati muhim o‘rinni egallaydi. Shu sababli, davlat boshqaruvida olib boriladigan islohotlar, birinchi navbatda, davlat xizmatini to‘g‘ri tashkil etish va samarali amalga oshirishni nazarda tutadi.
Davlat organlarining faoliyat sifatining darajasi aholining davlat xizmatiga nisbatan tasavvurlarini shakllantiradi. Davlat nomidan faoliyat olib borayotgan xizmatchiga qarab aholi tomonidan davlat boshqaruvi yoki davlat xizmati tizimiga baho beriladi.
Shuning uchun ham davlat organlariga malakali va mas’uliyatli kadrlarni jalb qilish, ularning malakasini doimiy oshirib borish bilan qatorda huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni yagona qoidalar asosida huquqiy tartibga solish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda O‘zbekistonda ijro hokimiyati funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladigan "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilindi.
Qonun vazirlik va idoralar mutaxassislari, xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida tayyorlandi. 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat.
Bundan buyon davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha vazirlik va idoralarda xodimlarni ishga qabul qilish, faoliyati samaradorligini baholash, ularni xizmat pog‘onalarida o‘stirish, rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash va xizmatni tugatish masalalarida har xil yondashuvlarga barham beriladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Qonun bilan davlat fuqarolik xizmati sohasida vakolatli organ etib — Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilandi.
Bugun barcha vazirlik, idora va tashkilotlarda "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi Qonunini keng targ‘ib qilish, mazmun-mohiyatini eng quyi bo‘g‘inlargacha faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilariga, ahamiyatini aholimizga yetkazish maqsadida Agentlik ma’sul vakillari, siyosatshunoslar, professor-o‘qituvchilardan tarkib topgan maxsus ishchi guruhi tuzildi.
Eslatib o‘tamiz, targ‘ibot ishlarining birinchi bosqichi 15 avgustdan 19 avgustga qadar reja-grafik asosida barcha vazirlik, idora va tashkilotlarda tashkil etiladi.