Amir Olimxonning hech qayerda e’lon qilinmagan nodir tasvirlari
Turkiston o‘lkasining 1860 yillarga tegishli hujjatlari O’zbekiston Respublikasi kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivida saqlanadi, – deydi arxiv fondlarini bosh saqlovchisi Umida Akromova. – Jumladan, Amir Olimxonga tegishli suratlar va uning Peterburgda Nikolay podsho bilan uchrashuvi olingan qisqa video tasvir saqlanmoqda.
Yurtimiz tarixini hikoya qiluvchi nodir hujjatlar saqlanayotgan bu maskanda Amir Olimxon tushirilgan tasvirni, uning suratlarini ko‘rdik.
Ehtiyot qilib saqlanganiga qaramay bu tasvirlar hozirda juda xiralashib qolgan. Shunday bo‘lsa-da, ularni ko‘rib, hayratlanasiz. Axir, 1900 yillarda shu tasvirning olinishi va uni arxivda saqlab qolinganini o‘zi mo‘’jiza emasmi? Ularga qarab, o‘tmishga qaytgandek, davrning nafasini bir dam his qilgandek bo‘ldik.
Kichik formatda, sarg‘ayib ketgan suratlarga boqib, "Vatansiz amir — nochoru abgor, Vatanida o‘lgan gadoy–haqiqiy amir", so‘zlari quloqlarimiz ostida jaranglaganday bo‘ldi. Ha, bu so‘zlar Buxoroning so‘nggi hukmdoriga tegishli bo‘lib, u o‘limi oldidan qabriga ana shu jumlani yozib qoldirishni vasiyat qilgan ekan.
Keling, shu o‘rinda Amir Olimxon haqida ba’zi ma’lumotlarni keltirib o‘taylik. 1893-1896 yillarda Peterburgda ta’lim olgan Sayyid Mir Olimxon 1911 yilning yanvarida Buxoro amiri bo‘ldi.
1911-1920 yillarda Buxoro taxtini boshqardi.
U o‘zining «Buxoro xalqining hasrati tarixi» haqidagi kitobida shunday yozadi: «... Vaqt kelib Buxoroyi sharif davlati buvam, rahmatlik Sayyid Amir Muzaffarxon davri salatanatidan to rahmatlik Sayyid Amir Abdulahadxon mag‘furu marhum padari buzrukvorim zamoniga va undan to bu bandayi ojiz saltanati muddatigacha mana shu Buxoroda o‘tdi. Bu orada va muazzam rus davlati saltanati barqarorligining oltmish uch yilligi davomida bu tomonlarda do‘stlik va oshnachalik yuz berib, ikki davlat orasida do‘stlik barqaror va bardavom bo‘ldi. Shu sababdan rus davlati xodimlari bilan Buxoro davlati xodimlari o‘rtasida kelishuv ham bo‘lib o‘tgan edi...»
Shunday kelishuv bo‘lishiga qaramay, amir Olimxon Buxoroda sovet hukumati o‘rnatilgach, Afg‘onistonga chiqib ketdi. 1944 yilda 64 yoshida Qobul atrofidagi Fatuh qal’asida vafot etgani manbalarda keltiriladi.
Ha, mustaqillikka erishgunimizgacha bo‘lgan davrda har qanday hukmdor, jumladan, Amir Olimxon xotirasi ham qoralangan edi. U davrga tegishli tarixiy faktlar buzib ko‘rsatilgan yoki butunlay yo‘q qilingan. Shunday bo‘lsada, o‘zbek xalqi o‘z o‘tmishini, farzandlarini hech qachon unutmaydi.