"2024-yilda “Oʻzarxiv” agentligi va hududiy boshqarmalar tomonidan tashkilotlar va korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar” mavzusida brifing o‘tkazildi.





2024-yilda “Oʻzarxiv” agentligi va hududiy boshqarmalar tomonidan tashkilotlar va korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan
davlat nazoratini amalga oshirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar” mazusida

BRIFING

 

“Oʻzarxiv” agentligi va uning arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan
2024-yil davomida rejaga muvofiq 353 ta (100%) vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazorati amalga oshirildi.

Oʻtkazilgan davlat nazorati tadbirlarining 55 tasi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan, 298 tasi (jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari – 20 tadan, Samarqand – 22 ta, Sirdaryo – 29 ta, Fargʻona – 26 ta, Toshkent shahar – 21 ta) arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshirildi.

Davlat nazorati tadbirlari natijasida, jami 325 ta tashkilotlarga koʻrib chiqishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar, shundan, 52 tasi Agentlik va 273 tasi (jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 20 ta, Toshkent shahar – 21 ta, Andijon – 20 ta, Buxoro – 18 ta, Jizzax – 20 ta, Qashqadaryo – 17 ta, Navoiy – 9 ta, Namangan – 20 ta, Samarqand – 21 ta, Sirdaryo – 29 ta, Surxondaryo – 20 ta, Toshkent – 20 ta, Fargʻona – 19 ta, Xorazm – 19 ta) arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan yuborildi.

Tekshirishda aniqlangan qonunbuzilishlari boʻyicha 65 nafar masʼul xodimlarga nisbatan Agentlik tomonidan 27 ta va 38 ta (Andijon – 3 ta, Buxoro – 7 ta, Jizzax – 7 ta, Qashqadaryo – 3 ta, Navoiy – 2 ta, Namangan – 3 ta, Samarqand – 9 ta, Sirdaryo – 3 ta) arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 2154-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organlariga yuborildi hamda 10 ta material arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Vazirlik va idoralar hamda ularning hududiy bo‘limlarida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida quyidagi kamchiliklar aniqlanmoqda:

O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini belgilangan muddatlarda davlat arxivlariga topshirmaslik, arxiv hujjatlarining qimmatliligini aniqlash ekspertizasidan o‘tkazmaslik, jumladan, arxiv ro‘yxatlarini tuzmaslik, hujjatlarni tartibga keltirmasdan saqlash va arxiv xonalari va hujjatlarni qo‘riqlov tizimiga bo‘lgan talablarga rioya etmaslik;

hujjatlarning saqlovxonada joylashuvi va qidiruvini takomillashtirish maqsadida fondlar va stellajlarning topografik ko‘rsatkichlari yuritilmaganligi;

ish yuritish qoidalariga rioya etmaslik, jumladan, ish yuritish yo‘riqnomalari, yig‘majildlar nomenklaturalari ishlab chiqilmaganligi;

Arxiv ishi va ish yuritishga mas’ul xodimlarning bilim va malakalari yetishmasligi hamda tegishli malaka oshirish kurslarida malakalari oshirilmaganligi holatlari.

Bundan tashqari, Davlat arxivlari tomonidan 1 156 ta tashkilotlar va korxonalar so‘rovlari asosida 768 ta yalpi va 388 ta mavzuli oʻrganishlar oʻtkazish orqali ularga arxiv ishi va ish yuritishda kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy va uslubiy yordamlar koʻrsatildi.

Shuningdek “Oʻzarxiv” agentligida 2024-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator tizimli ishlar olib borildi. “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan 2024-yil 19-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi tasdiqlangan bo‘lib, mazkur dasturda belgilangan 35 ta banddan iborat Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish chora-tadbirlar ijro etildi.

Xususan, “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan Arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim boʻlgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning roʻyxatini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizomiga Adliya vazirining 2024-yil 24-avgustdagi 22-mh-son buyrugʻi bilan tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PQ-240-son qarori ijrosi yuzasidan Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlariga yuklangan har bir funksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatarlari e-anticor.uz elektron tizimi orqali tahlil qilinib, baholandi. Unga koʻra, 220 ta funksiyasining 5 tasi “yuqori”, 30 tasi “oʻrta” hamda 185 tasi “past” daraja deb baholangan.

Baholash natijalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligining faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarning xaritasi, Korrupsiyaga moyil boʻlgan lavozimlar roʻyxati va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalarida korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid qonunchilik va ichki idoraviy talablar buzilganlik holatlari boʻyicha 11 nafar xodimga nisbatan tegishli choralar koʻrilgan.

“O‘zarxiv” Agentligi tomonidan davlat xaridlari “Davlat xaridlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasiniing Qonuniga muvofiq o‘tkazilib, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy nazoratga olingan hamda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda tanlov asosida, ochiq va shaffof tarzda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi boʻsh ish oʻrinlari bilan https://vacancy.adliya.uz saytida tanishishingiz mumkin.

Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, qatʼi nazar, oʻzlarining kasbiy, ishbilarmonlik, shaxsiy va axloqiy fazilatlar hamda maʼlumot darajasiga ega boʻlgan, shuningdek, davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash huquqi qonunchilik bilan cheklanmagan va tegishli lavozimni egallash uchun malaka talablariga javob beradigan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tizimiga mustaqil tanlov orqali ishga qabul qilinishi mumkin.

“Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi boʻsh ish oʻrinlari bilan https://vacancy.adliya.uz saytida tanishishingiz hamda ushbu saytning oʻzida boʻsh ish oʻrinlari uchun oʻtkaziladigan tanlovda ishtirok etishga hujjatlarni topshirish mumkin.

 


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati