"Arxiv binosi hujjatlarni saqlash talabiga javob bermaydi" telelavhasiga RASMIY MUNOSABAT
Kuni kecha Renessans TV telekanalining “OVOZA” informatsion dasturida "Arxiv binosi hujjatlarni saqlash talabiga javob bermaydi" mavzusida telelavha uzatilgan bo‘lib, lavhada Namangan viloyati, Uychi tumani, 6-son maktab hududida joylashgan tuman arxiv ishi binosi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani haqida so‘z borgan.
Darhaqiqat Uychi tumani shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi balansida bino bo‘lmaganligi sababli 2022-yil avgust oyida tuman hokimining og‘zaki topshirig‘iga ko‘ra arxiv hujjatlari 6-son maktabining foydalanilmagan 2 qavatli binosining 2-qavati yarmiga vaqtincha ko‘chirib o‘tilgan.
2023-yil iyun oyida Adliya vazirligi Namangan viloyat Adliya boshqarmasi tasarrufidagi Uychi tuman FXDYo bo‘sh turgan binosi holati o‘rganilib, ushbu binoni tuman shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi balansiga o‘tkazish bo‘yicha tegishli takliflar Adliya boshqarmasiga kiritilgan. Mazkur takliflar yuzasidan boshqarma tomonidan Adliya vazirligiga murojaat etilgan.
Arxivni 2023-yilda boshqa bino bilan ta’minlash va uni tegishli tartibda hujjatlar yaxshi saqlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish rejalashtirilgan. Mazkur masala “O‘zarxiv” agentligining nazoratiga olingan.