Hujjatlar bizning tariximizdan darak berib turuvchi muhim vositalardir. Ularda xalqimizning ming yillar davomida shakllanib kelgan o‘tmishi mujassam. Arxivlarda saqlanayotgan hujjatlar havfsizligini ta’minlash, ularga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hamda bus-butunligicha kelajak-avlodga yetkazib berish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda, joriy yilning 18 noyabr kuni Farg‘ona viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Farg‘ona shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 1-yong‘in qutqaruv qismi hamda Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi hamkorligida viloyat davlat arxivida nazorat tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, yong‘in qutqaruv qismi xizmatchilariga hujjatlarning bugungi kundagi ahamiyati, arxiv binolari va hujjatlar saqlovini tashkil etishga qo‘yiladigan talablar haqida arxiv malakali xodimi tomonidan ma’lumotlar berildi.
So‘ngra Favqulodda vaziyatlar bo‘limi 1-yong‘in qutqaruv qismi boshligi, kapitan G‘.Tojiqulov ham yong‘in chiqqanda birinchi galda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan xarakatlar, mazkur vaziyat sodir bo‘lganda saqlanayotgan hujjatlarni ko‘chirish, har bir ahamiyatga molik bo‘lgan ob’ektlarda yong‘inga qarshi bo‘lishi shart bo‘lgan asbob-uskunalar va ularning joylashtirilishi haqida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, tajriba tariqasida shartli ravishda birinchi yong‘in chiqqanda amalga oshirilishi shart bo‘lgan harakatlar yuzasidan amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi.
Unda arxiv xodimi tomonidan 101 qisqa raqamli chaqiruviga qo‘ng‘iroq qilish, yong‘in qutqaruv qismining 2 ta bo‘linmadan iborat guruhi 8-10 daqiqada yetib kelishi va saqlovxonada yong‘inni bartaraf etish borasida xarakatlar amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.