Arxiv “Hukumat uyi” demakdir.
Chunki arxivlarda hukumatlar tarixiga, insonlarning hayot-momotiga taaluqli ma’lumotlar saqlanib kelingan. U sizu-biz o‘tib ketsakda, kelgusi avlodlarga bizlarning tariximizni, qilgan ishlarimizni, ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzimizni, qilgan bunyodkorliklarimizni gapirib, o‘zini o‘zgartirib bo‘lmas fikrlarini dalillar bilan bayon qilib beradi. Chunki u hayot ko‘zgusidir.
Joriy yil davomida “O‘zarxiv” agentligi sohasida ham muhim voqealar yuz berdi. Sohada amalga oshirilgan ishlar xususida “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
Prezidentimizning 2019 yil 20 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi arxiv sohasidagi tarixiy voqelik bo‘ldi.
Xususan, o‘tgan davr mobaynida arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilma yaratildi, arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishda ijobiy natijalarga erishildi hamda muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi. Milliy arxiv fondi O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlar bilan boyitildi.
Arxiv sohasida joriy yilgi natijalar ham esda qolarli bo‘ldi. Bularni keltirib o‘tadigan bo‘lsam, avvalo mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “O‘zarxiv” agentligi buyurtmasiga asosan Kinematografiya agentligi tomonidan “Yangi O‘zbekiston arxivlari” hujjatli filmi suratga olindi. Mazkur film sohada mehnat qilayotgan ustozlar va yoshlarni yelkama-yelka turib, O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan arxiv hujjatlarini saqlash borasidagi mehnatlarini ekranda aks ettirdi. Bu esa arxivchi kasbi jamiyat uchun naqadar zarur ekanligini yana bir marotaba ko‘rsatib berish uchun imkoniyat bo‘ldi.
Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “O‘zbekiston arxivlari” axborot kitob-albomi chop etildi hamda “Mustaqillik 30” veb-sayti ishga tushirildi. “O‘zbekiston arxivlari” axborot kitob-albomida alohida qimmatli arxiv hujjatlari va materiallar, “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi respublikada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 3 ta Milliy arxiv, 14 ta arxiv ishi hududiy boshqarmalari, 101 ta davlat va 123 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan.
Mazkur kitob-albom bugungi avlodga, ayniqsa yoshlarimizga davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar bebaho xazinaligini, davlat arxivlari esa davlat va jamiyat uchun naqadar ahamiyatli ekanini tushunib yetishga yordam beradi hamda jamiyatimiz a’zolari uchun davlat arxivlari xizmatlaridan foydalanishlarida xizmat qiladi.
Zero ushbu kitob-albom shiddat bilan rivojlanib borayotgan mustaqil O‘zbekistonimizning bugungi kunidagi axborotini yuqori saviyada hujjatlashtirishni tashkil etadigan va mazkur hujjatlarning tariximiz ko‘zgusi bo‘lgan arxivlarimizda ko‘z qorachig‘iday asralishi va albatta undan shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida foydalanilishi uchun kelajak avlodga bekamu-ko‘st yetkazish kabi mas’uliyatni his qiladigan, vazifasini dildan sevgan, uning mashaqqatini biladigan insonlar mehnatini biroz bo‘lsada ko‘rsatib berishiga ishonamiz.
Vatanimiz mustaqilligi kuni munosabati bilan qilingan yangi zamonaviy loyihalardan biri bu “Mustaqillik 30” veb-saytining yaratilishi bo‘ldi. Mazkur elektron platforma internet orqali foydalanuvchilarga mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan muhim arxiv hujjatlari bilan tanishish, o‘sha davrda tasvirga olingan fotosuratlar va videolavhalar orqali aniq tasavvurga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, qiziqarli ma’lumotlar kontenti davlat arxivlariga kelib tushayotgan arxiv hujjatlari bilan doimiy boyitib, takomillashtirib borish rejalashtirilgan. Ayni paytda saytda davlat arxivlari saqlovidagi “Hujjatlar” haqidagi ma’lumotlar, “Foto-galereya” hamda “Gazetalar” qismida bir qator muhim ma’lumotlar mavjud. Yoshlar, o‘quvchi-talabalar tomonidan mustaqillik davri tarixi o‘rganilar ekan, mazkur sayt ular uchun benihoya ahamiyatli va qiziqarli manba bo‘lib xizmat qiladi.
Xususan, saytda e’lon qilingan materiallar shu kungacha oddiy aholining e’tiboriga havola etilmagan bo‘lib, hattoki Oliy Majlis sessiyasi jarayonini aks ettiruvchi hujjatlar ham to‘liq matnda e’lon qilingan. Mazkur saytni arxiv hujjatlari bilan doimiy boyitib borish maqsad qilib qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi tizimida Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan ham 2021 yilga mo‘ljallangan “Yoshlar dasturiga”ga ko‘ra bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda “O‘zarxiv” agentligi va uning tizimidiga tashkilotlarda jami 491 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar faoliyat olib bormoqda. 2020-2021 o‘quv yili uchun tavsiyanomalar asosida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti maxsus sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha 100 ga yaqin arxiv xodimlari talabalikka tavsiya etildi hamda ular sinov imtihonlarisiz o‘qishga qabul qilindilar.
O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi buyruqlari asosida sohada faoliyat olib borayotgan yoshlarni agentlik huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish ilmiy-metodik markazida 30 yoshgacha bo‘lgan arxivchi yoshlarni bepul malaka oshirishlari uchun sharoit yaratildi. Shu kunga qadar sohada faoliyat olib borayotgan 100 dan ortiq yosh xodimlar arxiv ishi va ish yuritish yo‘nalishlari bo‘yicha bepul malaka oshirdi hamda ularga belgilangan tartibda sertifikat topshirildi. 2021 yil yakuniga qadar sohada faoliyat olib borayotgan barcha 30 yoshgacha bo‘lgan arxiv xodimlarini malakasini oshirish belgilangan.
O‘zA muxbiri
Gulnoza Boboyeva
yozib oldi.