“Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunning o‘n bir yilligi

Poytaxtimizda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligining 11 yilligi munosabati bilan “Qonunning ustuvorligi jamiyat uchun xizmat qiladi” mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti mas’ullari, O‘zbekiston milliy arxivi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinish mohiyati, uning maqsad va vazifalari,sohani rivojlantirish haqidagi hamda  sohadagi ayrim muammolarning huquqiy yechimlari to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda qonunga muvofiq 3 ta O‘zbekiston milliy, 101 ta davlat hamda 123 ta shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Namangan, Navoiy, Buxoro viloyatlarida davlat arxivlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi.Hozir arxivlarda jami 16,4 milliondan ortiq saqlov birligidagi arxiv xujjatlari saqlanib kelmoqda.

Tadbirda qonunga muvofiq amalga oshirilgan ishlarning eng muhim jihatlariga e’tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmon va qarori qabul qilinib, arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi islohotlarning yangi bosqichi boshlab berilganligi e’tirof etildi. Unga ko‘ra, 2020 yilda qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, arxiv binolaridan samarali foydalanish, arxiv hujjatlarini davlat arxivlariga topshirishda elektron nusxalarining talab etilishi kabi yangi qoidalar mustahkamlanganligi sohada yagona davlat siyosatini yuritishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
–So‘nggi yillarda arxiv ishi va ish yuritish sohasida xalqaro hamkorlik kuchaytirildi, –dedi “O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev. –Madaniy meros ob’ektlariga bo‘lgan qiziqish ortgani sari xalqaro hamjamiyatda arxiv hujjatlariga bo‘lgan munosabat ortib ham bormoqda. Jumladan, Yevropa davlatlari, Amerika Qo‘shma Shtatlari,  Osiyo mamlakatlari hamda MDH davlatlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolanib, arxiv ishi sohasi O‘zbekiston tajribasi o‘rganilmoqda.  Milliy arxiv fondi alohida qimmatli hujjatlarining elektron shaklini yaratish ishlari jadallashtirilishiga erishildi. Arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalar uchun sohaga oid ichki normativ hujjatlar tayyorlanib,  ishni rivojlantirishda Internet tarmog‘idan foydalanishning texnik imkoniyatlari yanada kengaytirildi.
Shuningdek, davra suhbatida kelgusida qonunga kiritiladigan yangi takliflar ko‘rib chiqildi. Xususan, elektron arxiv sohasini rivojlantirish, qonunning ayrim moddalarini yangi tahrirda bayon etish, arxivchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini tashkil etishda yangi qoida va normalarni kiritish kabi takliflar ishlab chiqilishi zarurligi ta’kidlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati