Arxiv kadrlari malakasi oshirilmoqda

Milliy matbuot markazida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan soha mutaxassislari malakasini oshirish masalalariga bag'ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“O'zarxiv” agentligi bosh direktori A.Abdullaev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida zamonaviy ilm-fan sirlarini puxta o‘zlashtirgan etuk kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirib borishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Mamlakatimizda 103 davlat arxivi, mahalliy hokimliklar huzurida 110 idoralararo shaxsiy tarkib arxivlari hamda to‘qqiz mingdan ziyod idoraviy arxivlar faoliyat yuritmoqda.

“Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 5 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori arxiv muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ishchi-xodimlarga qulay sharoit yaratishda muhim omil bo‘layotir.

Sohada kadrlar tayyorlash masalasi doimiy e’tiborda. Arxiv ishi va ish yuritish yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan 28 ta kasb-hunar kolleji, 4 ta oliy o‘quv yurti mavjud. Markaziy davlat arxivlari qoshida tashkil etilayotgan “Ijro nazorati va ish yuritish mahorati”, “Idoraviy arxivlar faoliyatini tashkil etish asoslari” o‘quv kurslarida xodimlar malaka oshirmoqda.

– Bugungi kunda arxiv muassasalarida bir yarim mingga yaqin xodim faoliyat yuritmoqda, – deydi Markaziy davlat arxivi katta ilmiy xodimi M.Isakova. – Ularning katta qismini yoshlar tashkil etadi. Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Buxoro va Namangan davlat universitetlarida ham oliy ma'lumotli arxivchilar tayyorlanmoqda.

Anjumanda arxiv muassasalarini bilimli va malakali kadrlar bilan ta'minlash, soha bo'yicha lavozimlarini oshirib borish, ularni moddiy va ma'naviy rag'batlantirish tizimi haqida ma'lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.

 

Manba: www.uza.uz