“Arxiv malikalari” respublika koʻrik-tanlovi oʻtkazildi

Joriy yil 10-12-mart kunlari 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi arxiv muassasalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirokida “Arxiv malikalari” respublika koʻrik-tanlovi, shu jumladan, seminar, davra suhbati va boshqa tashkiliy tadbirlar oʻtkazildi.

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlashda iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini toʻgʻri yoʻnaltirish, shuningdek, “Oʻzarxiv” agentligi tizimida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning huquqiy va sohaga oid bilimlarini oshirish maqsadida oʻtkazilgan mazkur tadbirlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi davlat arxivlari hamda Oʻzbekiston milliy arxivlari rahbarlari va xodimalari ishtirok etdilar.

Tadbirlar avvalida “Gender tenglik – mazmun va mohiyat hamda istiqboldagi natijalar” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi. Seminarda “Xotin - qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining mazmun - mohiyati shuningdek, Xotin - qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishda himoya orderining ahamiyati toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Shuningdek, har bir tizimda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha Gender komissiyasi, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilayotganligi hamda kelgusidagi vazifalar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berib oʻtildi.

“Arxiv malikalari” respublika koʻrik-tanlovi 4 ta asosiy shart boʻyicha oʻtkazilib, unda arxivchi xodimalar sohaga innovatsion loyihalarni joriy etish jarayonlari bilan oʻzlarini tanishtirish, har qanday sharoitga kreativ yondoshish, stress holatidan tez va ijobiy chiqib ketish, arxiv ishi va axborot texnologiyalariga oid huquqiy savollarga javob berish hamda ijodiy qobiliyatlarini namoyish etish imkoniyatlariga ega boʻldilar.

Shu bilan birga rahbar xodimlar uchun Axborot kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha malaka oshirish treninglari hamda “Konfindensial, xizmat doirasida foydalanish grifi ostidagi hujjatlar bilan ishlash tartibi mavzusida” seminarlar tashkil etildi.

Bundan tashqari anʼanaviy sumalak bazmi boʻlib oʻtdi. Tadbir ishtirokchilari Doshqozon atrofiga jamlangan arxivlar vakillarini koʻrgan kishining koʻzi quvnaydi. “Oʻzarxiv” agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur bayramda anʼanalarni uzoq yillar davom ettirish kerakligi, arxivchilar oʻrtasida doʻstona munosabatlarni kuchaytirish, yosh arxivchilar va ustozlar oʻrtasida ustoz-shogird anʼanalarini davom ettirish zarurligiga toʻxtaldi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati