“Arxiv sohasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili qonunchiligiga rioya etilishining holati: istiqbol rejalar” mavzusida matbuot anjumani

Mavzu: “Arxiv sohasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili qonunchiligiga rioya etilishining holati: istiqbol rejalar” mavzusida matbuot anjumani

Oʻtkazish vaqti: 2022-yil 8-avgust soat 15:00 da

Oʻtkazilish joyi: Oʻzbekiston Milliy Matbuot Markazi.

Tadbir tashkilotchisi: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi.

Globallashuv jarayonida mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar xalqimizning maʼnaviy hayotining mazmuniga aylanib ulgurdi. Keyingi yillarda ajdodlarning boy madaniy, maʼnaviy merosini targʻib qilish, davlatchilik tarixini oʻrganishda jamiyat intellektual mulkining muhim boʻgʻini boʻlgan arxivlarning ahamiyati sezilarli darajada oshmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-son  Farmoni, 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084-son hamda 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-son qarori Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini tubdan oshirish, unib-oʻsib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan yuqorida belgilangan Farmon va Qarorlar ijrosi yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida asosiy eʼtibor “Oʻzarxiv” agentligi tasarrufidagi tashkilotlarda Prezident Farmonlari va qarorlarning ijrosiga qaratildi. Xususan, Agentlik tizimida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samaradorligi, davlat tili haqidagi qonun hujjatlarini tizimda qoʻllash holati va kelgusidagi rejalar toʻgʻrisida Agentlik masʼullari axborot berdi. Unga koʻra, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili qonunchiligiga rioya etilishining 7 ta ustuvor vazifalari belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi gi PQ-5040-son qaroriga muvofiq Agentlik tomonidan 2 ta “Yoʻl xaritasi”, 3 ta nazorat rejasi, 2 ta chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan. “Yoʻl xaritasiga”ga muvofiq joriy yil 1-sentyabr holatiga jami Agentlik tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda 7 ta konferensiya, 14 ta seminar, 9 ta davra suhbatlari, 15 ta turli mavzularga oid maʼnaviy tadbirlar,   6 ta sport tadbirlari, 8 ta uchrashuvlar tashkil etildi. Hududlarda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” davlat dasturi mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan “Ulugʻlar ulugʻlaydi vatanni” 49 ta maʼnaviy-maʼrifiy tabdirlar tashkil etildi. Reja tuzilib, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021-2022-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning izchil bajarilishida Agentlik tomonidan “Jadid namoyandalarining boy maʼnaviy merosini oʻrganish” mavzusida 2021-yilda 2 ta, 2022-yilda 2 ta, hududlarda “Qatagʻon qurbonlarining maʼnaviy merosini oʻrganish” mavzusida 14 ta turkum tadbirlar, seminarlar tashkil etilgan.

Arxiv ishi sohasi xodimlarini maʼnaviy ragʻbatlantirish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yilda “Oʻzarxiv” agentligining “Soha iftixori” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Bugungi kunga qadar 39 nafar arxivchilar mazkur idoraviy mukofot bilan taqdirlangan.

Shuningdek, sohani rivojlantirish, amalga oshirilgan ishlarni targʻib qilish maqsadida Agentlik axborot xizmati tomonidan 17 ta videorolik yaratildi, 2 ta hujjatli film ishlandi, 2 ta kitob-albom chop etilgan.

Yaqin sharqdagi Al-Aqso masjidi kutubxonasida Imom al-Buxoriy va Iso at-Termiziyning nodir qoʻlyozmalarining 43 ta qoʻlyozma asarlarning elektron nusxalari Oʻzbekistonga olib kelinib, davlat saqloviga qabul qilingan.

Agentlik Axborot xizmati tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga doir 128 ta fotobuklet tayyorlandi, 105 ta tadbir rasmiy veb-saytlarda va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan. 

2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi asosida arxiv ishi sohasida davlat tili siyosatining ustuvorliklari belgilab olingan.

Shu kunga qadar til siyosatini takomillashtirish boʻyicha Agentlikning 17 ta chora-tadbirlari, 2 ta uslubiy qoʻllanma, 1 ta uslubiy tavsiyalari, 5 ta Nazorat rejasi ishlab chiqildi.

Sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar tahlil qilinib, ilgari qabul qilingan 4 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar Vazirlar Mahkamasining qarori bilan davlat tiliga oʻgirilgan.

Agentlik va uning tarkibiy boʻlinmalarining Nizomi, Reglamenti va boshqa meʼyoriy hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmb, davlat tilida ish yuritilishi belgilangan.

2021-yil 1-sentyabrdan barcha turdagi rasmiy ish qogʻozlari yangilandi.

2022-yil 1-avgustdan tizim tashkilotlarining peshtoqlari, ichki va tashqi yozuvlar barchasi davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida boʻlishi taʼminlangan.

Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida 2020-yilda 64 nafar, 2021-yilda 58 nafar, 2022-yil sentyabrni qoʻshganda 50 nafar xodim davlat tilida ish yuritish asoslari boʻyicha malaka oshirgan.

Bugungi kunda birgina Oʻzbekiston Milliy arxivida jadidchilikka oid minglab hujjatlar oʻrganilayotgani, 200 dan ortiq oʻz davrining taniqli maʼrifatparvarlarining shaxsiy fondlari saqlanayotganligi, bundan tashqari minglab qoʻlyozmalar, kitob va risolalar, oʻsha davrni aks etttiruvchi hujjatlar saqlanayotganligi eʼtirof etildi. Keyingi yillarda boy maʼnaviy merosni oʻrganishda xalqaro hamkorlik ham muhim ahamiyat tutmoqda.

Maʼnaviyatga dahldor boʻlgan alohida qimmatli va noyob arxiv hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Oʻzarxiv” agentligi veb-sayti, Agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari feysbukda https://www.facebook.com/uzarxiv/ , telegramda https://t.me/uzarxivs , instagramda https://www.instagram.com/uzarxiv/ hamda https://ok.ru/group/61327207956574 va  https://www.youtube.com/channel/UC--M39nMrUhv1gCPkHaliMw orqali yoritib borilmoqda.

Tadbirda “Oʻzarxiv” agentligi hamda Oʻzbekiston milliy arxivlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.          

             

“Oʻzarxiv” agentligi Axborot xizmati

tel.: +99855-503-01-50 (3) +998971497027  faks:71- 277-13-35, www. archive.uz


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati