ARXIV — TARIXNING TILSIZ GUVOHI

Arxiv qadim tarixdan bugungi davrimizning tilsiz guvohidir. Unda tarix va bugungi kun mujassamlashadi. Har bir sohaning o‘z taraqqiyot bosqichi bo‘lgani kabi arxivning ham paydo bo‘lishi qadim tarixga borib taqaladi.

Moziyga nazar tashlasak, O‘zbekistonda arxivlarning paydo bo‘lishi bevosita uning uch ming yillik davlatchilik tarixi bilan bog‘liqligiga amin bo‘lamiz. Qadimgi sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgan O‘rta Osiyo hududida ilk davlatchilikning tashkil topishi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hayotida aks etib ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanishi bilan uyg‘un bo‘lgan. Ma’lumki, yozuvning paydo bo‘lishi asta-sekinlik bilan arxiv ishining shakllanishiga ham olib keldi. O‘rta Osiyo arab xalifaligi tomonidan bosib olinishi va arabografik yozuv tizimiga o‘tgandan so‘ng, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish sharoitida an’anaviy saroy, diniy va shaxsiy arxivlar bilan bir qatorda idoralarda devonlar, kutubxonalar va madrasalarda ham hujjatlarni jamlash va saqlash rivojlangan.

Bugungi kungacha saqlanib qolgan O‘rta Osiyo hukmdorlari arxiv hujjatlarida asosan ma’lum imtiyoz va mukofotlar berish to‘g‘risidagi yozuvlar, soliqlarni yig‘ish to‘g‘risidagi to‘lov qog‘ozlar, iqtisodiy tusdagi turli xil yozishmalar va kamdan-kam  hollarda hujjatlar nusxalari  yoki boshqa ma’lumotlar aks etgan. O‘rta Osiyoda zamonaviy ma’nodagi mutaxassislar ishlaydigan alohida maxsus muassasa sifatida arxivning tashkil etish g‘oyasi faqatgina XXI asr oxirida aniqlangan. Shunday qilib, 1870 yildan boshlab viloyat kengashlari qoshida maxsus idoraviy arxivlar tashkil etilgan. Maxalliy milliy muassasalar qozi va biy sudlari, mahalliy oqsoqollari faoliyati natijasida to‘plangan hujjatlar ish xonalarda saqlanar edi. 

1919 yil 5 noyabr Turkiston Respublikasi Markaziy ijroiya Qo‘mitasi “Turkiston ASSRda arxiv ishini qayta tashkil etish va markazlashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Ushbu huquqiy hujjatning qabul qilinishi arxiv hujjatlarini maxsus muassasa tomonidan tartibli jamlash va saqlash uchun zamin yaratdi. Mamlakatda arxiv ishini tashkil etishda tub o‘zgarishlar amalga oshirildi: sobiq davlat idoralari arxivlarini idoraviy arxiv sifatida tuzatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va ilmiy, tarixiy, madaniy hamda ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar davlat mulki deb e’lon qilinib Turkiston Respublikasining Yagona Davlat arxiv fondiga topshirilishi belgilab berildi.
O‘rta Osiyo respublikalarining milliy-hududiy chegaralanishi va 1925-1926 yillarda O‘zbekiston SSR tuzilishi bilan viloyat ijroiya qo‘mitalari huzurida hududiy arxiv byurolari tashkil etildi. 
1930 yildan O‘zbekiston Markaziy Arxiv boshqarmasi (O‘zMAB) vujudga keldi. 1931 yilda O‘zbekiston YaDAJ bo‘limlari o‘rniga Markaziy arxiv (MA), O‘zbekiston Markaziy Tarix arxivi (O‘zMTA), 1943 yil 18 martda O‘zbekiston kinosurat-ovozli hujjatlar Markaziy Davlat arxivi, 1959 yil 5 iyunda arxiv ishi, Markaziy davlat arxivi va respublikaning markaziy va viloyat arxivlari tarkibiga O‘z KFFH MA kiritildi. 1962 yilda O‘zbekiston Markaziy davlat tibbiyot arxivi (1965 yildan O‘zbekiston Tibbiyot va texnika hujjatlari Markaziy davlat arxivi deb o‘zgartirildi) tashkil etildi.   Arxivlar ishlarini uyg‘unlashtirish va boshqarish uchun 1959 yilda O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi qoshida  boshqarma tuzildi. 1961 yildan mazkur Boshqarma Arxivlar Bosh boshqarmasiga aylantirilib, O‘zbekiston Ministrlar Sovetiga bo‘ysundirildi. 1992 yil 19 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi deb nomlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat Arxivlari hamda muassasalar tasarrufidagi Arxivlar unga bo‘ysundirildi. O‘zbekiston Respublikasida jami 103 davlat Arxivi bo‘lib, ularda 8 mln.ga yaqin hujjatlar saqlanadi.

O‘zbekiston xalqining moddiy va ma’naviy hayoti aks ettirilgan barcha Arxiv fondlarining majmui O‘zbekiston Respublikasi Milliy Arxiv fondi deb hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy Arxiv fondi davlat va nodavlat Arxiv fondlaridan tashkil topadi. Davlat Arxivlarida va davlatning boshqa hujjatxonalarida doimiy saqlanayotgan hujjatlar, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, prokuraturalar, sudlar, banklar, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida vaqtincha saqlanayotgan Arxiv hujjatlari davlat Arxiv fondini tashkil etadi. 

XX asrning 70-yillari boshlarida respublika arxivlari saqlovxonalarining hujjatlar sig‘imdorligi muammosiga duch keldi. Arxivlarning tarkibi va hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish  talab qilindi. 
1973 yil 16 fevralda “Respublikada arxiv ishining ahvoli va uni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi .
O‘zbekiston Milliy arxivi
O‘zbekiston Milliy arxivi (O‘z MA) 1958 yil 20 noyabrda Oktyabr inqilobi Markaziy davlat arxivi va Markaziy Davlat tarix arxivlarining birlashishi natijasida tashkil etilgan. Bu yerda IX asrdan 1917-yillardagi tarixiy davrga oid arxiv hujjatlari saqlanadi. Shuningdek, Turkiston ASSR, O‘zbekiston SSRning yuqori organlari va davlat boshqaruvi hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik davridan hozirgi kungacha bo‘lgan hujjatlar ham mujassamdir. Arxivda milliy tarixning turli davrlardagi davlat arboblari, siyosiy partiyalar, madaniyat, fan, jamoat tashkilotlarining shaxsiy fondlari ham mavjud. Arxiv fond hujjatlarining qariyb 1,8 million yig‘majildlari MAF hujjatlarini tashkil etadi, ulardan 0,5 mln. yig‘majildlar alohida qimmatli hujjatlardir. 

  2019 yil 20 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan O‘zbekiston Milliy arxiviga aylantirilgan. 
O‘zbekiston ilmiy-texnikaviy va tibbiy hujjatlar Milliy arxivi
1962 yilda tibbiyot fanlari va amaliyotining to‘plagan tajribasidan to‘liq foydalanish uchun O‘zbekiston SSR Markaziy davlat tibbiyot arxivi sifatida tashkil etilgan va 1965 yilda ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari MDA deb nom olgan. Arxiv ilmiy-texnikaviy, tibbiyot, loyihalash, mahalliy ahamiyatga ega shaxsiy fondlarni saqlaydi. Bu yerda taxminan 0,3 millionga yaqin yig‘majildlar MAF hujjatlarini tashkil etadi. 
2019 yil 20 sentyabrdan arxiv O‘zbekiston ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari Milliy arxiviga aylantirilgan.
O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi 1943 yilda tashkil topgan va 1959 yilda u O‘zbekiston SSR Markaziy davlat arxivining kinofotofono hujjatlar bo‘limi sifatida qayta tashkil etilgan.  1974 yildan kinofotofono hujjatlari Milliy davlat arxivi deb nomlangan. Arxivda XIX asrning 60-yillaridan boshlab foto, fono va kinohujjatlar saqlanadi. Bu yerda taxminan 0,3 millionga yaqin yig‘majildlar MAF hujjatlarini tashkil etadi, ulardan 44,0 ming yig‘majildlar alohida qimmatli yig‘majildlardir. 
2019 yil 20 sentyabrdan  O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxiviga aylantirildi. 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi arxiv ishi boshqarmasi 1925 yilda Qoraqalpoq Avtonom viloyatining arxiv byurosi, 1932 yildan Qoraqalpoq ASSR tashkil etildi. 1943 yilda Qoraqalpoq ASSR Markaziy arxiv boshqarmasi tuzildi. Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi arxiv ishlari bo‘yicha hududiy boshqarma tizimiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, 10 ta viloyat davlat arxivlari, 3 ta idoralararo shaxsiy tarkib hujjatlari arxivi kiradi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi arxiv ishlari bo‘yicha hududiy boshqarmasi tizimida davlat arxivlarining jamlash manbalarining umumiy soni 1326 tashkilotni tashkil etadi. Bu yerda taxminan 0,5 millionga yaqin yig‘majildlar MAF hujjatlarini tashkil etadi, ulardan 26,0 yig‘majildlar alohida qimmatli hujjatlar tarkibiga kiradi.

         Bugungi kunda yurtimizda arxiv ishini rivojlantirish, milliy arxivlarlar jamg‘armalari kataloglarini zamonaviylashtirish, arxiv ishi va hujjat ta’minoti sohasida kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish, milliy arxivlar xizmatlari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, shuningdek, arxiv hujjatlarini saqlash borasida xalqaro aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor berilmoqda. Albatta, bu islohotlarning barchasi soha taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Arxiv juda keng tushuncha. Yuqorida aytganimizdek, u butun tarixni o‘zida qamrab oladi. Aytish joizki, arxivlar tom ma’noda o‘tmish va bugunimiz, o‘z o‘rinda kelajakni ham bir-biri bilan bog‘laydigan  muhim ko‘prik vazifasini bajarishda davom etadi. 
Bugungi kunda har bir hududda yagona markaziy arxivning markazlashtirilgan yagona tizimini joriy etish hamda idoralardan  hujjatlarni elektron shaklda jamlanishini ta’minlash sohadaga samarali natija beradi, bunda iqtisodiy samaradorlikni ko‘rishimiz mumkin.  Arxiv xizmatlarini ko‘rsatishda foydalanuvchilarga qulay bo‘lishi, jumladan ortiqcha vaqt, moliyaviy sarf harajatlar hamda korrupsiyani oldi olinadi. 

Arxiv binolarining qurilishida tarixiy hamda zamonaviy arxitektura yo‘nalishidan foydalanish arxivlar qoshida muzey tashkillashtirishni keng joriy qilish o‘ylaymanki arxiv sohasida samarali natija beradi. Misol uchun  Dunyoning eng yirik badiiy muzeylaridan biri  Luver binosining qurilishida ham muzeydagi nodir durnolar bilan tinishish  bilan birga binoning o‘zi ham inson qiziqishlarini oshiradi.  
Hozirgi kunda arxivlarimizda saqlanayotgan nodir hujjatlarimizni kelajak avlodga yetkazish shu bilan bir qatorda hujjatlarga zarar yetkazmaslik ularning elektron nusxalaridan foydalanilgan holda 3D muzeylarini tashkillashtirish arxivga tashrif buyuruvchilarga  nodir hujjatlarimiz bilan tanishtirishga keng imkon beradi.

 

Shokarimova Sharifa Ayubjon qizi 
Mirzo ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti 
Tarix fakulteti 1-bosqich magistranti


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати