“АRXIVDАGI XOLOKOST АKS-SАDOSI: MАNBАLАR VА TАDQIQOTLАR”

2021 yil 28-yanvar kuni “O‘zarxiv” agentligining Xolokost muzeyi (AQSh) bilan o‘rnatilgan hamkorligi doirasida “Arxivdagi xolokost aks-sadosi: manbalar va tadqiqotlar” xalqaro ilmiy seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasi, AQSh Holokost yodgorlik muzeyi, Qozog‘iston Respublikasi Prezident arxivi vakillari, “O‘zbekiston-Isroil” do‘stlik jamiyati, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, G.I. Nosov nomidagi Magnitogorsk davlat texnika universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
“O‘zarxiv” agentligi direktori U.Yusupov, Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Zexavit Ben-Xillel ishtirokchilarini tabrikladilar.
Arxiv manbalarini o‘rganish bo‘yicha yetakchi olimlar va tajribali mutaxassislarning qiziqarli ma’ruzalari tinglandi. Xususan, akademik, “O‘zbekiston-Isroil” do‘stlik jamiyati rahbari S.S. G‘ulomov “Bir oila - bitta vatan” ma’ruzasida bag‘rikenglik masalalariga to‘xtalib o‘tdi, ayniqsa O‘zbekistonning Isroil bilan do‘stona munosabatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xolokost hujjatlari milliy instituti xalqaro arxiv dasturlari direktori Vadim Alskan Xolokost muzeyi faoliyati, uning tarixi, ko‘rgazmalari va xalqaro arxiv dasturlari haqida so‘zlab berdi.
Seminar ishtirokchilarida Xolokost tarixiga oid arxiv hujjatlarini aniqlash, tanlash va o‘rganish amaliyotiga oid ma’ruzalar katta qiziqish uyg‘otdi.
Masalan, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Arxivining bosh mutaxassisi Yevgeniya Viktorovna Chilikova Xolokost fojeasini o‘rganish bo‘yicha tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, arxiv hujjatlarini aniqlash natijalari va kamchiliklari haqida so‘zlab berdi.
G.I Nosov nomidagi Magnitogorsk davlat texnika universiteti umumiy tarix kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Marina Nikolayevna Potemkina “Ikkinchi jahon urushi davrida aholini evakuatsiya qilish. Bu qanday bo‘lgan edi?” mavzudagi ma’ruasida muammoni o‘rganishning muhim jihatlari e’tibor qaratdi.
“Buxoro merosi” ilmiy markazi direktori, tarix fanlari doktori R.V. Almeyev “Xolokostni eslang” muzey ma’lumotlari bilan o‘rtoqlashdi, bu esa tadbir mazmunini sezilarli darajada boyitdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi Pedagogik innovatsiyalar institutining dotsenti, iqtisod fanlari doktori, professor Sh.Ya. Maqsudova urush paytida xalqning tarixiy xotirasi haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti va O‘zbekiston Milliy arxivi yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori Muxayyo Isakova O‘zbekiston arxivlari va Xolokost muzeyi o‘rtasidagi hamkorlik tajribasi va istiqbollari masalalarini yoritib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti doktoranti Madina Muxammedjonova “Aholini O‘zbekistonga evakuatsiya qilish tarixini o‘rganish” mavzusidagi ilmiy ishining taqdimotini o‘tkazdi.
Umuman olganda, tadbir ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi hamda katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати