“Arxivlar - SHHTga aʼzo davlat oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigi sifatida” onlayn davra suhbati

Mavzu: “Arxivlar - SHHTga aʼzo davlat oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigi sifatida” onlayn davra suhbati

Oʻtkazish vaqti: 2023-yil 8-iyun soat 16:00da

Oʻtkazilish joyi: Oʻzbekiston Milliy arxivi. Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Chilonzor koʻchasi, 2- uy

Tadbir tashkilotchilari: “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi

Joriy yil 8-iyun kuni “9-iyun - Xalqaro arxivlar kuni”ga bagʻishlangan SHHTga aʼzo davlatlarning arxiv idoralari rahbarlari ishtirokida “Arxivlar - SHHTga aʼzo davlat oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigi sifatida” mavzusida onlayn formatda davra suhbati oʻtkazildi.

9-iyun kuni butun dunyoda “Xalqaro arxivlar kuni” keng nishonlanadi. Shu oʻrinda mazkur sananing nishonlanishi tarixiga biroz nazar tashlasak: har yili nishonlanadigan “9-iyun - Xalqaro arxivlar kuni” Xalqaro Arxivlar Kengashi tomonidan 2007-yilda Kvebekdagi (Kanada) Bosh assambleyasida  tashkil etilgan.

Mazkur sananing tanlanishi ham bejiz emas, zero 1948-yilda aynan shu sanada YUNESKO qarori bilan va uning homiyligida Xalqaro Arxivlar Kengashi tashkil topgan. Xalqaro arxivlar kunining birinchi bora nishonlanishi 2008-yilda Xalqaro Arxivlar Kengashi tashkil topganligining 60 yilligini keng nishonlash doirasida boʻlib oʻtgan. Bugungi kunga kelib, Xalqaro Arxivlar Kengashida 199 ta davlatdan 1900 ga yaqin aʼzolari mavjud. Xalqaro Arxivlar Kengashining asosiy vazifasi dunyo arxiv merosini saqlash, muhofaza qilish va kengaytirish hamda xalqlarning oʻz tarixini oʻrganish va bilishga oid boʻlgan huquqlarini amalga oshirishda yordam berishdir.

Arxivlar kuni – arxiv ishi yutuqlari va muammolariga keng jamoatchilikni va qarorlar qabul qiladigan shaxslarning eʼtiborini qaratish maqsadida oʻrnatilgan sanadir. Mazkur sana keng miqyosda barcha arxiv xodimlari tomonidan kasb bayrami sifatida nishonlanadi. “Oʻzarxiv” agentligi 2009-yildan Xalqaro Arxivlar Kengashining toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi. U Xalqaro Arxivlar Kengashining YEVRAZIKA (Yevrosiyo) boʻlinmasiga aʼzo sifatida kiritilgan boʻlib, mazkur boʻlinma tarkibiga Armaniston, Belarus, Gruziya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Moldova, Mongoliya, Rossiya, Ukraina arxiv xizmatlari ham kirgan.

Bu yil birinchi marta Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Oʻzbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi koʻmagida Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Belarus, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston hamda Oʻzbekiston arxiv organlari rahbarlari ishtirokida “Arxivlar - SHHTga aʼzo davlat oʻrtasidagi doʻstlik koʻprigi sifatida” mavzusida onlayn formatda davra suhbati oʻtkazilmoqda.

Bu tadbirdan bosh maqsad SHHTga aʼzo davlatlarning arxivlari oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish, tarixni oʻrganishdagi asosiy manbalardan boʻlmish arxiv hujjatlarini kelajak uchun asrab qolishda birlashish, davlatlararo doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashda faol ishtirok etish va boshqa ezgu maqsadlar koʻzlangan.

Tadbirda 9 ta davlat arxiv idoralari rahbarlari maʼruzalar qildilar. Maʼruzalarda arxivlar rahbarlari oʻz davlatlaridagi arxiv ishi sohasidagi yutuqlar, muammolar va yechimlariga doir qiziqarli maʼlumotlarni taqdim etdilar. Shuningdek, mazkur tadbir doirasida kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdilar.

SHHT davlatlari bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, arxiv idoralari oʻrtasida doʻstona hamkorlikni kuchaytirish, delegatsiyalarning oʻzaro tashriflarini uyushtirish kabi tadbirlar yuzasidan takliflar berildi. Bundan tashqari, hamkorlik davomida festivallar, arxiv hujjatlarining koʻrgazmalarini tashkil etish, qoʻshma nashrlar, kataloglar tayyorlash masalalari muhokama etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi adliya vazirlari, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilari, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston, Belarus, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston hamda Oʻzbekiston arxiv idoralari rahbarlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati