“ASKAR MAKTUBLARI” va “O‘ZBEKISTON TURKIYa ALOQALARI HUJJATLARDA” kitob-albomlari” taqdimoti” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi
Mavzu: “ASKAR MAKTUBLARI” va “OʻZBEKISTON TURKIYA ALOQALARI HUJJATLARDA” kitob-albomlari” taqdimoti” mavzusida matbuot anjumani
Oʻtkazish vaqti: 2023-yil 13-yanvar soat 11:00da
Oʻtkazilish joyi: Milliy matbuot markazi binosi. Toshkent shahri, Navoiy koʻchasi, 16- uy.
Tadbir tashkilotchisi: “Oʻzarxiv” agentligi, Toshkent shahridagi “Gʻalaba bogʻi”.
Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “ASKAR MAKTUBLARI” va “OʻZBEKISTON TURKIYA ALOQALARI HUJJATLARDA” kitob-albomlari” taqdimoti” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Jumladan Matbuot anjumanida quyidagilar haqida axborot berildi:
“Oʻzarxiv” agentligi direktori Ulugʻbek Yusupov maʼlum qilishicha bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi tizimidagi davlat arxivlarida Oʻzbekiston Respublikasining turli tarixiy davrlariga oid noyob qoʻlyozmalar, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, shuningdek respublika miqyosidagi tashkilotlar, muassasa va korxonalar faoliyati jarayonida vujudga kelgan koʻplab hujjatlar qatorida Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbekistonliklar tomonidan frontdan yuborilgan askar maktublari qariyb sakson yil davomida kolleksiya sifatida avaylab saqlab kelinmoqda.
Ushbu maktublarda jangchilarning ota-onalari, qarindosh-urugʻlari hamda yoru-birodarlariga yoʻllangan samimiy dil izhorlari va ezgu-tilaklari aks ettirilgan. Mazkur maktublarda oʻzbek jangchilarining gʻalabaga boʻlgan ishonchi, jang maydonlarida koʻrsatgan jasorat va qahramonliklari hamda dushmanga boʻlgan gʻazab va nafrat kabi tuygʻulari oʻzining yorqin ifodasini topgan. Oʻzbek jangchilari urush voqealarini oʻz koʻzlari bilan koʻrgan va boshidan kechirganlari tufayli, bu yozilgan maktublar Ikkinchi jahon urushi toʻgʻrisidagi nihoyatda qimmatli tarixiy manba hisoblanadi.
Eng muhimi, davlat arxivlarida saqlanib kelayotgan 5 mingdan ziyod askar maktublarining birortasida oʻlimdan qoʻrqish, qiyinchiliklardan nolish qayd etilmagan. Har bir satrda faqat, faqat gʻalaba, dushman yoʻlini jon berib boʻlsa-da toʻsish, olis Oʻzbekiston tinchligini shu yerda, dushman qarshisida turib taʼminlash aks etgan.
“Askar maktublari” kitobiga oʻsha davrdagi maktublar, arxiv fotolari kiritilgan boʻlib, u Oʻzbekiston tarixining Ikkinchi jahon urushi davri tarixi bilan qiziquvchi tarixchi, siyosatshunos, adabiyotshunos, faylasuf va boshqa soha mutaxassislari tomonidan olib borilgan va olib borilayotgan ishlarni toʻldiradi hamda shu davr tarixini toʻgʻri yoritishga xizmat qiladi.
“OʻZBEKISTON TURKIYA ALOQALARI HUJJATLARDA” kitob-albomi tayyorlanishi toʻgʻrisida axborot berilar ekan, Tarixdan maʼlumki, oʻzbek va turk xalqlarini azaliy doʻstlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari bogʻlab turadi. Har ikki xalqning madaniyati, dini va urf-odatlari bir-biriga juda yaqin. Bu esa Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari oʻrtasidagi munosabatlarning chuqur tarixiy va madaniy ildizlarga ega ekanligidan dalolat berib, mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi. Qolaversa, madaniy va tarixiy jihatdan bu ikki mamlakat turkiy xalqlar tamadduni rivojida markaziy oʻrin tutganligiga alohida eʼtibor qaratildi.
2018-yil 30-aprelda Toshkent shahrida imzolangan “Oʻzarxiv” agentligi bilan Turkiya Respublikasi Bosh vaziri devoni huzuridagi Davlat arxivlari bosh direksiyasi oʻrtasida arxivlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Protokol” doirasida tayyorlanganligi aytildi. Ushbu kitobda, Turkiya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi arxivlaridan tanlab olingan 113 ta hujjat chop etilgan. Hujjatlarda: Turkistondan kelayotgan haj ziyoratchilari va savdogarlarning yoʻllardagi xavfsizligi, ularga nisbatan adolatsiz muomala, qiyinchiliklarga barham berish, ehtiyojlarini qondirish, hajga borgan Anushaxonning mehmondoʻstligi, Eronda zindonband qilingan hojilarni qutqarish, Astraxan yurishi; Turkistondan kelgan elchilarni qabul qilish, xonlardan olib kelingan hamda olib boriladigan sovgʻasalomlar, yoʻl xavfsizligi, elchilar va hamrohlarining moʻyna va boshqa hadyalari, ehtiyojlari va yoʻl xarajatlari uchun beriladigan pullar, vafot etgan elchi va uning hamrohlarini oʻz yurtiga koʻchirish, davlat protokoli bilan bogʻliq baʼzi masalalar, Turkiston xonlari va musulmonlari oʻrtasidagi nizolarni hal qilish, harbiylar va boshqa masalalarda hamkorlik va yordam istashlari, gʻalabalar eʼloni va taxtga chiqish munosabati bilan tabriklar; Usmoniylar mamlakatida qolgan asli turkistonliklarning bir qismini mukofotlanishi, pul berilishi, yordam koʻrsatilishi, sulola aʼzosining Enderunda ish bilan taʼminlanishi, pasport berilishi, Usmoniylar mamlakatiga boshpana topganlarni joylashtirish va ularning ehtiyojlarini qondirilishi, Madinadagi oʻzbek madrasasiga mudarris tayinlanishi, Oʻzbeklar dargohi, Turkiston haqidagi baʼzi maʼlumotlar boʻyicha Usmoniylar xorijiy elchixonalarining qaydlari, baʼzi Gʻarb davlatlarining vositachilik haqidagi soʻrovlari, Rossiya istilosi vaqtida Turk harbiy asirlarini joʻnatish, xalqaro savdo va boshqa maʼmuriy amaliyotlar, 1877-yildagi Usmoniy-Rossiya urushi va Birinchi jahon urushi paytida Ogʻaxonning Rossiya va Angliya foydasiga yozgan maqolasini eʼlon qilinishi hamda Turkiston matbuotida targʻib qilish uchun Turkiston xalqiga eʼlon qilinishi, Turkistondan Usmoniy harbiy inshootlari va Hijoz temir yoʻli uchun yordam, Turkistondan ipak va paxta chigitining importi, Turkiya Respublikasining Turkmaniston va Oʻzbekiston Sotsialistik Respublikalarini tan olishi, umuman mintaqaning madaniy va siyosiy tarixi bilan bogʻliq baʼzi masalalarni oʻz ichiga olgan. Qolaversa, bu hujjatlar orasida, Oʻzbekistonning muhim siymolaridan biri boʻlgan va bir muddat Usmoniylar davlatida yashagan Toshkent xonzodalaridan Muhammad Pahlaviy Afandi haqida oʻzi va uning maʼmuriyati haqida baʼzi hujjatlar bor. Hujjatlar tushunarli boʻlishi uchun va tarjimasini osonlashtirish uchun transkripsiya sifatida emas, soddalashtirilgan shaklda bugungi turk va oʻzbek tillariga oʻtkazildi. Turk va oʻzbek tillariga qilingan tarjimalar Oʻzbekiston arxivlari materiallari asosida qilingan. Hujjatning boshida ularning qisqacha xulosalari va milodiy sanalari koʻrsatilgan.
Arxivlarni tom maʼnoda madaniy va tarixiy maʼlumotlar xazinasi deb atash mumkin. Arxiv ishining rivojlanish darajasi milliy tarix va oʻzlikni anglash jarayoniga ham taʼsir qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, jamiyat hayotining joni va ruhi boʻlgan maʼnaviyatni shakllantirishga beqiyos hissa qoʻshadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzarxiv” agentligi hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat arxivlari bosh boshqarmasi hamkorligida tayyorlangan ushbu kitob-albom koʻp ming yillik taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan turkiy xalqlar davlatchilik tarixini oʻrganishda muhim manba boʻladi. U istiqboldagi yangi ilmiy yondashuv va tadqiqotlarga zamin boʻlishi bilan birga, yosh avlod ongi va tafakkurini yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Kelgusida ham Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari oʻrtasida bu boradagi keng koʻlamli hamkorlik yanada rivojlanishiga umid bildirildi.
Tadbirda “Oʻzarxiv” agentligi, “Gʻalaba bogʻi” rahbariyati, bir qancha elchixonalar, diplomatik markazlar vakillari, olimlar, yozuvchilar, xalbiy qismlar ofitser va askarlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar, blogerlar ishtirok etdilar.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.