Atajanov Nodir Xasanovich Xiva tuman shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivida direktor lavozimida kam emas ko‘p emas 8 yillik ish faoliyati davomida o‘zidan o‘chmas iz qoldirgan, mas’uliyatli, tirishqoq, talabchan va boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan mutaxassis, faxriy ustoz ekanligini ko‘rsatdi.

 

 

Joriy yil 17 dekabrda 80 yoshni qarshi oladigan tetik kishiga otaxon deyish biroz noqulay tuyilmoqda. Ish davomida barcha arxiv hodimlari doimo Nodir aka deb murojaat qilib o‘rganib qolishgan.
Nodir akaning xayot yo‘liga nazar solsangiz yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan saboqlarni olishingiz mumkin. Yoshlikdan ota-onadan ajralish va bolalikning beg‘ubor damlari ikkinchi jaxon urushi davriga to‘g‘ri kelishi, maktab va oliy ta’lim dargohlarida o‘qish, ilk mehnat faoliyatini boshlash qiyinchiliklari va undan keyingi xayotiy sinovlar farzand, nevara va chevaralarga o‘rnak olsa arziydigan xayotiy saboqdir.
N.Atajanov 1963 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini, 1982 yilda Toshkent Oliy partiya maktabini tamomlagan, mutaxassisligi muhandis-mexanik.
Ish faoliyatini 1963 yilda 23-son Xiva qishloq xunar-texnika bilim yurtida ishlab-chiqarish ustaligidan boshlagan. Armiya safidan qaytganidan keyin katta usta, direktor o‘rinbosari, tuman komsomol, partiya qo‘mitalarida, sovet tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi pensiya jamg‘armasi Xorazm viloyati bo‘limida, viloyat mehnat va aholini Ijtimoiy muhofaza qilish Bosh boshqarmasi, budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi daromadlar va xarajatlar bo‘limida boshliq lavozimlarida, viloyat ko‘kalamzorlashtirish Bosh boshqarmasida o‘rinbosar lavozimida,  Xorazm viloyati aholini ijtimoiy va Huquqiy qo‘llab – quvvatlash “Ko‘makchi” markazida Xiva tuman “Qoraqum Tur” MCHJda rahbar lavozimlarida ishlagan. 2013-2020 yillarda Xiva tuman shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivida direktor lavozimida faoliyat ko‘rsatdi va o‘zidan ko‘plab shogirdlar tayyorladi.
N.Atajanov “Ezgu ishlar unutilmaydi (2001 yil), “Men bilgan Xiva” (2008 yil), “Hayot saboqlari” (2010 yil), “Mahalla – demokratiya, tinchlik va osoyishtalik poydevori” (2010 yil) kitoblari va boshqa qo‘lyozmalar, 80 dan ortiq maqolalar muallifi hisoblanadi. Doimo televideniyada chiqishlar qilib, hayot yo‘li va oilasi o‘rnak qilib ko‘rsatiladi.
N.Atajanov barcha ishlagan sohalarida yuksak e’tibor va hurmat ramzi bo‘lgan idoraviy mukofotlar bilan taqdirlangan, faxriy yorliqlar, bir qancha ordenlar, medallar, ko‘krak nishonlari va faxriy hodim nishonlari sohibi hisoblanadi. 
O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashining 2021 yil 19 apreldagi qaroriga asosan N.Atajanov 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
N.Atajanov nafaqada bo‘lishiga qaramasdan “Nuroniy” jamg‘armasi ishlarida faol ishtirok qilmoqda. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga o‘zining amaliy harakatlari va takliflari bilan ulkan hissa qo‘shib kelmoqda, shahar va viloyat tarixini o‘zganishda mustaqil tadqiqotchilik ishlari bilan faol shug‘ullanmoqda, yosh avlodga o‘zining o‘gitlarini berib kelajak yoshlari tarbiyasiga o‘zining beqiyos hissasini qo‘shib kelmoqda.
N.Atajanov o‘zining hayot yo‘lini bir necha kitoblarda aks ettirgan, shunday ekan N.Atajanov haqida bir nechta kitoblik ma’lumotlarni keltirish mumkin, viloyat davlat arxivida saqlanayotgan N.Atajanovning shaxsiy fondi ham asl hujjatlar va boy ma’lumotlar bilan to‘la.
N.Atajanovni 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan barcha arxivchilar nomidan tabriklab, unga sog‘lik-salomatlik, bundan keyingi hayot yo‘lida ham yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan zafarlar tilab, oilasiga bosh bo‘lib yurishini tilaymiz.


Manba : "O'zarxiv" agentligi Axborot xizmati