“Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Mustaqil Vatan: shonli tarix-Yangi Oʻzbekiston” nomli fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Mustaqil Vatan: shonli tarix-Yangi O‘zbekiston” nomli fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ajdodlarimizning azaliy orzusi hamda ulkan saʼy-harakatlar natijasida xalqimiz istiqlolga erishganiga bu yil o‘ttiz uch yil to‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish belgilangan.
Joriy yilning 28-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda Toshkent Fotosuratlar Uyi hamkorligida 1-sentabr O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yillik bayramiga bag‘ishlangan “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Mustaqil Vatan: shonli tarix-Yangi O‘zbekiston” nomli fotoko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma tantanali ochilishini «O‘zarxiv» agentligi rahbari U.M.Yusupov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.V.Nuriddinov hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari A.Ko‘chimov so‘zga chiqishdi.
Fotoko‘rgazmada ko‘rgazma ekspozitsiyasining markazida O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivida saqlanayotgan xalqimizning istiqlolga bo‘lgan so‘nmas umidlari, Turkiston ozodlik harakatlari, jadidlik harakati, Buxoro va Xiva xonliklari, Qo‘qon muxtoriyati, mustamlaka O‘zbekiston va ilk mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishi, shu bilan bir qatorda 1991-yil 1-sentabr mustaqillikni eʼlon qilinishi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti aks ettirilgan fotosuratlar namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek, bugungi kunda barcha hududlarda mavzuga bag‘ishlangan turkum tadbirlar doirasida foto va arxiv hujjatlari namoyishi keng ommaga yetkazilmoqda. Tadbirda Mustaqillikka erishish, albatta oson kechmagani – mashaqqatli mehnat, millatimiz ziyolilarning boshdan kechirgan murakkab sinovlari, yo‘qotishlar va qurbonlar evaziga bugungi farovon kunlarga erishilganligi taʼkidlandi. Tarix va kelajakni bog‘lovchi ushbu tantanalar shukuhi, avvalo, kimlarning ajdodlari ekanimizni, Yaratganning ezgu nazari tushgan zaminda yashayotganimizni, yaqin tariximizda nimalar bo‘ldiyu, nimalar qilayotganimiz va albatta bu ulug‘likka munosib nimalar qilishimiz kerakligini ko‘rsatib berdi.
Mustaqillik, eng avvalo, inson huquq va erkinliklarining ro‘yobga chiqarilishidir. Bu huquq va erkinliklardan samarali foydalana olish esa har bir insoning dunyoqarashi, isteʼdodi va qobiliyati bilan o‘lchanadi. Inson Vatan tuyg‘usi bilan yashashi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurtini sevishi va qadrlashi, vatan mustaqilligini mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘sha olishi eng oliy tuyg‘u hisoblanadi.
Tadbirda turli vazirlik va idoralar xodimlari, fuqarolar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Keksa avlod vakillari mustaqillikning ilk kunlarini yodga olib, yoshlarga uni qadrlash va eʼzozlash bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Toshkent Fotosuratlar uyi ijodkorlariga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «O‘zarxiv» agentligi tomonidan minnatdorchilik bildirildi.
Fotoko‘rgazma 8 sentyabrgacha davom etadi.