Bitiruvchilarga diplom topshirildi

Bitiruvchilarga diplom topshirildiMamlakatimizda ichki ishlar tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samaralarini bermoqda. Huquq-tartibotni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy usul va vositalaridan keng foydalangan holda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimi qaror topgani shu maqsadga xizmat qilayotir. 

Sohani yuksak malakali, professional kadrlar bilan ta’minlash ham doimiy e’tiborda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Yong‘in xavfsizligi Oliy texnik maktabi, Toshkent Oliy harbiy-texnik bilim yurtida ana shunday kadrlar tayyorlanmoqda. 

Ayni kunlarda mazkur dargohlarda o‘qishni tamomlayotgan yoshlar xalqimiz osoyishtaligini saqlashdek muqaddas burchini ado etishga yo‘l olayotir. 

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida navbatdagi bitiruv tantanasi bo‘lib o‘tdi – kunduzgi ta’lim va oliy akademik kursni tugatgan tinglovchilarga diplomlar topshirildi. 

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.Ahmadboyev, akademiya boshlig‘i Sh.Ikromov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. 

Mazkur akademiyada ichki ishlar organlari uchun tergov, tezkor-qidiruv, jinoyatlarning oldini olish, ekspert-kriminalistik faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Tinglovchilar uchun boy zaxiraga ega axborot-resurs markazi, besh yuz ming nusxadan ziyod kitob fondiga ega kutubxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Innovatsion pedagogik texnologiyalar, odam savdosi va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, kriminalistik tadqiqotlarni o‘rganish, namunali militsiya tayanch punkti, inson huquqlari resurs markazlari, tergov faoliyati mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv-metodik xonasi, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan ma’ruza zallari kursantlar ixtiyorida. 

Bunday keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib yetishib chiqayotgan kadrlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. 

– Yurtimiz osoyishtaligini saqlash har bir fuqaroning muqaddas burchidir, – deydi bitiruvchi Dilnoza Parpiyeva. – Bu burch mazkur sharafli kasbni tanlagan biz, yoshlarning zimmasiga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi. Biz buni doimo his etib, elu yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilamiz. 

manba: uza.uz