Bugun O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi hamda 2021 yil ikkinchi choragida “O‘zarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Jumladan Matbuot anjumanida quyidagilar xaqida axborot berildi:
O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning
2021 yil I yarim yilligiga mo‘ljallangan rejasi 21 ta ko‘rsatkichlar bo‘yicha bajarilib, shundan 17 ta ko‘rsatkich bo‘yicha oshirib bajarildi.
Tizimdagi barcha arxivlar bilan elektron hujjat almashinish to‘liq yo‘lga qo‘yildi. Davlat arxivlariga optik tolali aloqa tarmog‘i o‘tkazilib, mavjud kompyuterlar to‘liq internetga ulandi, mazkur ishlarning respublika bo‘yicha amalga oshirish darajasi 55% dan oshdi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining elektron shaklini yaratish ishlari jadallashtirilishiga erishildi va hisobot davrida davlat arxivlarida 53 937 saqlov birligida qog‘oz asosidagi (2020 yil I yarim yilligida
41 489 saqlov birligida, o‘sish sur’ati 130%), 5 785 791 kadr (2020 yil I yarim yilligida 2 979 897 kadr, o‘sish sur’ati 194%), 162 hisob birligida kino (2020 yil I yarim yilligida 154 hisob birligida, o‘sish sur’ati 105%), 12 608 hisob birligida surat (2020 yil I yarim yilligida 12 500 hisob birligida, o‘sish sur’ati 101%), 158 hisob birligida ovozli (2020 yil I yarim yilligida 154 hisob birligida, o‘sish sur’ati 103%) hujjatlarning elektron nusxalari yaratildi.
Tashkilot va korxonalarning hujjatlarini shartnoma asosida tartibga keltirishda davlat arxivlari tomonidan 112 173 saqlov birligida boshqaruv (2020 yil I yarim yilligida 94 382 saqlov birligida, o‘sish sur’ati 119%), 1 125 saqlov birligida ilmiy-texnik (2020 yil I yarim yilligida 1 962 saqlov birligida, o‘sish yo‘q 57%), 36 740 saqlov birligida shaxsiy tarkib (2020 yil I yarim yilligida 24 261 saqlov birligida, o‘sish sur’ati 151%), 15 376 saqlov birligida saqlash muddati vaqtincha bo‘lgan hujjatlar tartibga keltirildi.
Agentlik tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi
10 mlrd. 905 mln. 84 ming so‘m (2020 yil I yarim yilligida 6 mlrd.247 mln. 558 ming so‘m, o‘sish 175%)ni tashkil etdi.
“O‘zarxiv” agentligi va hududiy boshqarmalar tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha 2021 yil I yarim yilligi davomida 112 ta tashkilot va korxonalarda nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, tashkilot va korxonalarga 16 ta taqdimnomalar kiritilgan.
Davlat arxivlari tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha uslubiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish (o‘rganish o‘tkazish) bo‘yicha joriy yil I yarim yilligi davomida tashkilot va korxonalarda 474 ta yalpi o‘rganish, 312 ta mavzuli o‘rganish ishlari olib borildi.
2021 yilning I yarim yilligi davomida Agentlik huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazida jami 473 nafar tinglovchi malaka oshirib, shundan 138 nafari tizimdagi arxivlardan, 335 nafari esa idora va tashkilotlardan tinglovchilar o‘qitildi.
2021 yilning I yarim yilligi davomida Respublika arxivlariga
71 808 ta mavzuli (2020 yil I yarim yilligida 28 248 ta, o‘sish sur’ati 254%), 479 628 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi (2020 yil I yarim yilligida 179 488 ta, o‘sish sur’ati 267%) so‘rovlar (shundan davlat arxivlariga 277 224 ta, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga 202 404 ta) kelib tushgan. Davlat xizmatlari markazlari orqali 390 399 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar kelib tushgan bo‘lsa, 72 041 nafar fuqaro bevosita arxivga murojaat etgan. Arxiv hujjatlari asosida 316 473 ta so‘rovlar ijrosi bajarilib, ulardan 295 653 tasi ijobiy hal etilgan, 20 820 tasiga tegishli huquqiy maslahat berilgan.
Agentlik tizimidagi arxiv muassasalarida bugunga qadar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda kamchilik hamda huquqbuzarlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun 9 nafar rahbar va mas’ul xodimlar intizomiy javobgarlikka tortilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan mutlaqo yangi “Mustaqillik 30” sayti ishlab chiqilmoqda. Mazkur elektron platforma arxiv hujjatlariga asoslangan bo‘lib o‘ttiz yillik davrni aks ettiruvchi noyob foto, video, matbuot materiallarini o‘zida aks ettiradi.
“Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans sari” shiori ostida Agentlik tizimidagi o‘z bilimi, salohiyati, tashabbuskorligi, innovatsion g‘oyalari bilan soha taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan iqtidorli yosh arxivchilar Respublika forumi iyun oyida Buxoro viloyatida o‘tkazildi.
Joriy yil 9- iyun “Xalqaro axivlar kuni” arafasida 3 ta, ya’ni Buxoro viloyati Kogon shahar davlat arxivi hamda Navoiy viloyati Navoiy shahar shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi va Konimex tumani davlat arxivi yangi binolari tantanali ravishda ochilib, foydalanishga topshirildi.
2021 yil 18 mayda “O‘zarxiv” agentligi va O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum hamda 24 iyunda “O‘zarxiv” agentligi va Toshkent shahridagi Inxa universiteti o‘rtasidagi hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida arxiv ishi sohasi bo‘yicha davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatilgan tartibda har tomonlama kengaytirish; ochiq turdagi arxiv hujjatlaridan keng foydalanishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish; o‘zaro hamkorlikda, umumqamrovga ega mavzular bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosda tadbirlar, simpoziumlar, ilmiy konferensiyalar va ko‘rgazmalar tashkil etish;qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, axborot texnologiyalari sohasida ilmiy-amaliy ishlanmalarni joriy etish, ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazish; hamkorlikda anjumanlar, seminarlar, akademik mashg‘ulotlar, ishlab chiqarish amaliyotini o‘tkazish, arxiv ishi sohasi mutaxassislari va ushbu sohaga qiziqish bildiruvchi talabalarni axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qitish jarayonining natijadorligi va amaliy xususiyatini oshirish; axborot texnologiyalari sohasida eng yaxshi xalqaro tajribani o‘rganish va amalga tadbiq etishga ko‘maklashish,arxiv ishi sohasi mutaxassislarini tayyorlashga, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga, universitet bitiruvchilarining keyingi amaliyotiga hamda talabalarga o‘quv jarayonini, diplomdan oldingi (mutaxassislik sohasi bo‘yicha) amaliyotni tashkil etishga ko‘maklashish borasida hamkorlik rivojlantiriladi.
“O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va Amerika Qo‘shma Shtatlari Xolokost yodgorlik muzeyi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnoma asosan Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilingan aholi taqdiri bilan bog‘liq davlat arxivlarida saqlanayotgan ochiq bo‘lgan tanlangan arxiv materiallarining raqamli reproduksiyasini yaratish (ko‘paytiriladigan materiallar) kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Xozirgacha 15 ming kadr raqamlashtirilgan. Shu kungacha grant loyiha doirasida 40 ming AQSh dollari jalb etildi.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) ishtirokchi davlatlari arxiv xizmatlari rahbarlarining Maslahat kengashiga O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi rasman qo‘shildi (bungacha “kuzatuvchi” funksiyasini bajarib kelgan edi). Kengashning asosiy vazifasi - tuzilmaga a’zo bo‘lgan arxiv xizmatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, arxiv hujjatlaridan unumli foydalanishga oid turli tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni boshqarish usullarini takomillashtirish, mutaxassislarni kasbiy tayyorlash va malaka oshirish tizimini rivojlantirishdan iborat.
Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi rahbariyati, O‘zbekiston milliy arxivlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.