Bugun O‘zbekistonda parlamentning Qonunchilik palatasiga va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylov bo‘lib o‘tadi

Bugun soat 06.00 da O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarini saylash bo‘yicha barcha 135 saylov okrugida 8991 saylov uchastkasi ovoz berish uchun ochiladi. Yana 44 saylov uchastkasi mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylovchilar uchun o‘z faoliyatini boshlaydi. Mahalliy hokimiyat vakillik organlariga ham saylov bo‘lib o‘tadi. 

Bu galgi saylovda saylovchilar ro‘yxatiga mamlakatimizning 20 million 789 ming 572 fuqarosi kiritilgan. Ularning 10 ming nafardan ziyodi 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir. 2014-yilda 18-22 yoshdagi 5 milliondan ortiq yoshlar davlat organlarini demokratik shakllantirish orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini ilk bor amalga oshiradi. 

2014-yilgi parlament saylovi jamiyatimizni yanada demokratlashtirish, mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilishda navbatdagi muhim bosqich bo‘ladi. O‘zbekistonning istiqboldagi taraqqiyoti, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa jabhalardagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarning kelajagi va rivojlanish sur’atlari har bir saylovchining tanloviga bog‘liqdir. 

Mustaqillik yillarida erkin demokratik saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro saylov standartlariga to‘liq mos keladigan va fuqarolarga o‘z xohish-irodasini erkin amalga oshirish imkonini beradigan huquqiy asoslar yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlarida fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlangan. 

2014-yilda parlament va joylardagi davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov sifat jihatidan yangi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sharoitlarda o‘tkazilmoqda. 2009-yilgi parlament saylovidan so‘ng milliy qonunchiligimizga saylov jarayonini, jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi. 

Birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimini yanada takomillashtirish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini ta’minlashning yaxlit tizimini shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilgan tuzatishlar kiritildi. Bundan tashqari, qonunlarni ko‘rib chiqish va qabul qilishning barcha bosqichlarida deputatlar birlashmalari hamda siyosiy partiyalarning parlamentdagi fraksiyalarining roli kuchaytirildi. Joylarda islohotlarni hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ham siyosiy partiyalar, hokimiyat vakillik organlarining o‘rni va mas’uliyati oshib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlar saylov qonunchiligini yanada erkinlashtirishning mantiqiy davomi bo‘ldi. Jahon amaliyotida ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga boshqa hokimiyat organlarining hech qanday aralashuvisiz saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni ta’minlaydigan davlat hokimiyati organi tizimida alohida o‘rin tutgan konstitutsiyaviy organ maqomi berildi. Bu saylovlarning demokratligi, ochiqligi va oshkoraligini har tomonlama ta’minlashning yana bir kafolatidir. 

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, saylov qonunchiligiga kiritilgan, saylash erkinligi va o‘z xohish-irodasini erkin bildirish borasidagi konstitutsiyaviy tamoyilni amalga oshirishga qaratilgan ana shunday va boshqa qator o‘zgartish va qo‘shimchalar Oliy Majlisga hamda mahalliy Kengashlarga bugun bo‘lib o‘tadigan deputatlar saylovini Konstitutsiyamiz va saylov qonunchiligi va o‘z-o‘zidan ravshanki, xalqaro demokratik qonunchilik talablariga to‘la mos tarzda o‘tkazish imkonini beradi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilgan 535 kishi ishtirok etmoqda. 

Qonunchilikka muvofiq siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borish, saylovchilar bilan uchrashish, o‘z saylovoldi dasturlarini jamoatchilikka yetkazish, jumladan, ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng huquqlar berildi. 

Siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini xotin-qizlar tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi normaga rioya etishga alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda ro‘yxatga olingan nomzodlar umumiy sonining 31,8 foizi xotin-qizlardan iborat. 

O‘zbekiston Ekologik harakati saylovlarda ikkinchi marotaba ishtirok etmoqda. Atrof-muhit va fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, ekologik ahvolni yaxshilash masalalarining mamlakatimiz uchun muhimligidan va ularning hal etilishidan siyosiy qarashidan qat’i nazar, aholining barcha qatlamlari manfaatdor ekanidan kelib chiqqan holda, 2008-yilda milliy saylov qonunchiligiga parlament quyi palatasidagi 150 deputatlik o‘rnining 15 tasini O‘zbekiston Ekologik harakatiga ajratish haqidagi norma kiritildi. Bugun poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazida O‘zbekiston Ekologik harakatining Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Ekoharakatdan deputatlarni saylash bo‘yicha konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. 

Saylov kampaniyasi davomida saylovning ochiq va oshkoraligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonda kuzatuvchilar instituti va ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerikaning 50 dan ortiq davlatidan 300 nafarga yaqin kuzatuvchi, shuningdek, besh xalqaro tashkilot – YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorlik tashkiloti ro‘yxatga olindi. Kuzatuvchilar orasida milliy parlamentlar va saylov organlari rahbarlari va a’zolari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, olimlar, siyosatchilar bor. 

O‘zbekistonda saylov jarayonini Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 340 dan ziyod vakili keng yoritib boradi. Saylov komissiyalari, jumladan, Markaziy saylov komissiyasining barcha tadbirlari jurnalistlar ishtirokida ochiq o‘tkazildi. Saylovni yoritish bo‘yicha respublika matbuot markazi ularni axborot bilan tezkor ta’minlamoqda. Shuningdek, bu yerda ovoz berish qanday davom etayotgani va dastlabki natijalar bo‘yicha brifinglar bo‘lib o‘tadi. 

Manba: Uza.uz