Buxoro viloyati Jondor tuman davlat arxivining yangi binosi foydalanishga topshirildi


 

Buxoro viloyati Jondor tuman davlat arxivining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Bugun Jondor tumanida muhim voqea – tuman Davlat arxivi uchun ajratilgan va zamonaviy tarzda qayta ta’mirlangan yangi binoning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat va tuman hokimligi vakillari, “O‘zarxiv” agentligi, Buxoro viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi mas’ullari, soha faxriylari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Jondor tuman Davlat arxivi 2008-yil 1-fevralda Buxoro viloyati hokimining 45-sonli va 2008-yil 18-fevralda tuman hokimining 147-sonli qarorlariga asosan tashkil etilgan. Shu yildan boshlab arxiv faoliyati rasmiy huquqiy asosda yo‘lga qo‘yilib, dastlab 5 shtat birligidan iborat jamoa ish boshlagan edi.

Arxiv faoliyati yillar davomida izchil kengayib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 26-avgustdagi 194-sonli qarori va viloyat hokimining 2008-yil 3-sentyabrdagi 184-sonli qaroriga muvofiq, arxivga yangi binolar ajratilib, 2011-yilga kelib foydalanishga topshirildi. 2019-yilda esa mavjud hujjatlar Jondor tuman sanoat kasb-hunar kolleji yotoqxonasiga ko‘chirilib, arxiv saqlovi davom ettirildi.

Yangi binoga ko‘chish esa arxiv faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. “O‘zarxiv” agentligi va Adliya vazirligining ko‘magi, Buxoro viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi hamda mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan bino kapital ta’mirdan chiqarildi, zamonaviy temir javonlar, skaner uskunalari, mebel jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi. Bino xavfsizligi uchun derazalarga tashqi tomondan temir panjaralar o‘rnatildi.

Bugungi kunda Jondor tuman Davlat arxivida 1930-yildan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy, huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga oid hujjatlar saqlanmoqda. Ular o‘zbek va rus tillarida, arab, lotin hamda kirill alifbolarida yozilgan bo‘lib, hujjatlar orasida tarixiy, ilmiy va amaliy ahamiyatga molik nodir manbalar ham mavjud.

Arxiv faoliyati faqat saqlash bilan cheklanmay, ilmiy-texnik qayta ishlov, raqamlashtirish, elektron qidiruv tizimi yaratish, aholiga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda bu boradagi rejalar belgilangan ko‘rsatkichlardan ortiq darajada bajarildi.

Yangi binoning foydalanishga topshirilishi bilan Jondor tuman Davlat arxivi yanada kengroq imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida, tarixiy merosni asrab-avaylash, hujjatlarni tizimli ravishda yuritish va ularni kelajak avlodga yetkazish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi. 


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati