Celeksioner, paxta genetigi Sergey Stepanovich Kanash faoliyati arxiv hujjatlarida
Sergey Stepanovich Kanash
Arxiv hujjatlarini bejizga tarixni xolis yorituvchi muhim va asosiy manba sifatidi qaralmaydi. Arxiv hujjati hech qanday tuzatishsiz, hech qanday qo‘shimcha axborotsiz ma’lum davr haqida haqqoniy faktlarni yoritishda kerakli axborot manbidir. Arxiv muassasasi misoli ilm bulog‘i, haqiqatlar sandig‘idir. Arxivda saqlanayotgan hujjatlarni qanchalik o‘rgangan sari inson o‘zi uchun yangi dalil va haqiqatlarni kashf etadi.
So‘ngi yillarda tarixiy tadqiqotlar olib borish va tarixni boricha yoritishda arxiv hujjatlaridan foydalanishga, arxivlarda saqlanayotgan qimmatli va noyob hujjatlarni ilmiy muomilaga kiritishda juda katta qadamlar tashalmoqda. Birgina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 sentyabrdagi farmoniga muvofiq davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarilayotganligi ushbu davr tadqiqotchilari uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.
Tarixiy davrlar tadqiqoti uchun kerakli manbaalardan biri, arxivlarda saqlanayotgan shaxsiy fondlardir. Shaxsiy fondlar ma’lum bir soha rivoji uchun katta hissa qo‘shgan atoqli olimlarning shaxsiy hujjatlaridan shakllanadi. Ushbu hujjatlar ham tadqiqot olib borish va yoritilishi lozim bo‘lgan mavzuni ilmiy asoslar bilan boyitilishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivida so‘ngi yillarda ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirish, hali aniqlanmagan va tadqiq qilinmagan hujjatlarni e’lon qilish va shu bilan tarixiy tadqiqotlar uchun muhim hujjatlarni ommaga havola qilish borasida talaygina ishlar amalga oshirilmoqda.
Arxivda nafaqat mamlakatimiz balki, O‘rta Osiyo bo‘yicha ilm-fan, texnika, sanoat, transport, aloqa, konstruktorlik, irrigatsiya, qishloq va xalq xo‘jaligi, shuningdek, ilmiy-loyihaviy va tibbiyot sohalariga taalluqli ma’lumot va hujjatlar o‘rin olgan. Ilmiy yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan izlanishlar natijasida arxivda saqlanayotgan shaxsiy fondlar orasida paxtachilik sohasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan, paxtaning biologiyasi va seleksiyasi bo‘yicha ishlar olib borgan, paxtaning bir qator yangi qimmatli navlarini yaratgan, Butunittifoq qishloq xo‘jaligi akademiyasi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Sergey Stepanovich Kanashning shaxsiy fondini o‘rganib, uning faoliyati xususida qisqacha ma’lumot berishga harakat qildik.
Butunittifoq qishloq xo‘jaligi akademiyasi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Sergey Stepanovich Kanash-seleksiya, urug‘ va paxta genetikasi sohasidagi yirik olimlardan biri. U 28 ta bosma va 50 dan ortiq qo‘lyozma asarlarni nashr etgan. Asosiy ilmiy ishlari biologiya va o‘simlik seleksiyasiga bag‘ishlangan. Paxtachilikning nazariy va uslubiy masalalarini ishlab chiqgan.
Sergey Stepanovich Kanash 1896 yil 6 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1905 yilda Toshkent shaharidagi uchiliщega o‘qishga kirgan. 1916 yilda Toshkentdagi erkaklar gimnaziyasiga qabul qilingan. O‘sha yilning kuzida S.S.Kanash Petrograd davlat universitetining fizika -matematika fakultetiga o‘qishga qabul qilingan.
1923 yilda u Toshkentdagi O‘rta Osiyo Davlat Universitetini qishloq xo‘jaligi fakultetini tamomlab, (SSS Soyuz NIXI) Paxtachilik Butunittifoq ilmiy tadqiqot instituti markaziy naslchilik stansiyasida, 1923 yil 1-dekabrdan boshlab, 1925 yil 2 noyabrgacha - amaliyotchi, 1925 yil 9 noyabrdan 1927 yil 1 martgacha - seleksiyachi va 1927 yil 1 martdan 1928 yil 1 martgacha, paxta bo‘yicha laborant, keyinchalik kichik ilmiy xodim, 1952 - 1960 yillarda - seleksiya bo‘limi boshlig‘i, 1942 - 1965 yillarda - direktor, 1965 - 1968 yillarda - genetika bo‘limi boshlig‘i lavozimlarda ishlagan.
1929 yilda Sergey Stepanovich Paxta bo‘yicha seleksiya va urug‘ ekish ishlarini tashkil qilishda, shuningdek, paxta yetishtiruvchi respublikalarning sovxoz va kolxozlarida elita ishiga uslubiy rahbarlikda bevosita ishtirok yetgan.
Bunga parallel ravishda, 1930 yildan boshlab, qishloq xo‘jaligi oliy o‘quv yurtida pedagogik ishlarga rahbarlik qilgan, 1930-1932 yillarda paxta kafedrasida katta assitent lavozimida, 1931 yildan 1940 yilgacha, Toshkent qishloq xo‘jalik institutida seleksiya va urug‘chilik kafedrasida dotsent bo‘lib ishlagan. 1932 yildan paxta seleksiyasi yo‘nalishi bo‘yicha "SoyuzNIXI" aspirantlarining ishiga rahbarlik qilgan. 1935 yildan S.S. Kanash, Butunittifoq qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining texnik madaniyatlari bo‘limi a’zosi, SoyuzNIXI, SNIIXprom va O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi qishloq xo‘jaligi instituti ilmiy kengashining a’zosi bo‘lgan.
1928 yildan 1933 yilgacha bo‘lgan davrda S.S. Kanash serhosil, uzun tolali, yuqori mahsuldor 8517, 8582, 8424 paxta navlarini yetishtirgan, ular ikkinchi nav o‘zgarishi davomida respublika paxta maydonining 40 foizidan ko‘pini egallagan. Bu navlar uzunligi va tolaning hosildorligi oshishi bilan ajralib turishi tufayli paxta hosildorligi 15-20%ga oshgan.
1927 yildan S.S. Kanash paxtaning xar xil xromosoma turlarida, turlararo masofadan gibridlash, paxta seleksiyasida va urug‘chilik usuli bo‘yicha ish boshlagan.
Gibridlash ishlari natijasida 1932-1934 yillarda S.S. Kanash paxtaning bir qancha yangi, hatto undan ham yuqori sifatli, viltga chidamli S-460, S-450, S-447, 18819 navlarini yaratgan, ular orasida 1943-1948 yillarda ekilgan S-460 navi va uzun tolali 18819 navi birinchi o‘rinni egallagan va bu navlar 900 ming gektardan ortiq maydonga ekilgan. 1941-1947 yillar oralig‘ida S.S. Kanash yangi, ancha erta yetiladigan, yuqori mahsuldor S-450-555, S-1225, S-1228, S-1336, S-1426, S-1470, S-1472 navlarni yaratishni yakunlagan.
S.S. Kanash Gossipium oilasiga mansub barcha asosiy turlarni va paxtaning asosiy madaniy va yovvoyi turlarining chatishtirish bilan iqtisodiy qimmatli belgilar majmuasiga ega bo‘lgan paxta navlarini yetishtirish ustida ilmiy ish olib borib, yangi, yuqori yog‘li, yuqori hosildorlik va sifatli paxta tolasini yaratgan.
Gibridlarning oziqlanishini tartibga solib, uni chekanka qilish, kesish, novdalarini bandlash yordamida Sergey Stepanovich barcha turlararo giblar unumdorligiga erishgan.
Turlararo gibridlash natijasida olingan materiallar asosida, Kanash gommozga chidamli junli tolali navlarni ishlab chiqarish bo‘yicha katta seleksiya ishlarini boshlagan.
Kanash birinchi marotaba gommozga chidamli va viltga chidamli 8802,9621 navlarini yaratgan, ular viltga chidamli navlarning ajdodlari bo‘lib xizmat qilgan.
Paxta yetishtirishni rivojlantirishda Sergey Stepanovichning mehnatlari sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan yuqori baholangan va unga Davlat mukofoti laureati unvoni, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvoni berilgan.
1936 yilda Kanash Lenin nomli “Umumittifoq qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi” (VASXNIL) Malaka komissiyasi tomonidan ilmiy-tadqiqot muassasalari va “Qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi” ilmiy unvoni berilgan.
1952 yilda esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, 1948 yilda “Umumittifoq qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi” ning haqiqiy a’zosi etib saylangan.
1957 yildan S.S. Kanash O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ishlab chiqarish kuchlarini kengashi raisi, 1960 yilda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan, O‘zbekiston qishloq xo‘jalik madaniyatini navlarni tumanlar bo‘yicha respublika komissiyasi a’zosi sifatida tasdiqlangan.
Hukumat S.S.Kanash mehnatini yuqori baholab, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy -tadqiqot muassasalarida ko‘p yillik mehnati va paxtachilik sohasini rivojiga qo‘shgan hissasi, samarali mehnati uchun u ikkita - Lenin ordeni, to‘rtta - Mehnat Qizil Bayroq ordeni, Qizil Yulduz ordeni, “1941-1945 yillarda Ulug‘ Vatan urushida vijdonli mehnati uchun” medali bilan va O‘zbekiston Oliy Kengashi Prezidiumining bir qancha faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika xodimi” S.S.Kanashning 100 ga yaqin ilmiy ishlar chop etilgan.
O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi bo‘lim mudiri T.T.Mo‘minov va kichik ilmiy xodim G.T.Xolmirzayeva