Davlat arxivlari va hududiy boshqarma rahbarlari uchun AKT bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil qilinmoqda







Davlat arxivlari va hududiy boshqarma rahbarlari uchun AKT bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil qilinmoqda

“O‘zarxiv” agentligi direktorining 2025-yil 12-iyundagi 16-s-son buyrug‘i qabul qilindi. Mazkur buyruq bilan Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida 2025-yil davomida “O‘zarxiv” agentligi organlari va muassasalari rahbar xodimlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida malakasini oshirish rejasi tasdiqlangan.

Bugungi raqamli transformatsiya sharoitida arxiv sohasida ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (AKT) samarali foydalanish, soha mutasaddilarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini doimiy ravishda yangilab borish zarurati ortib bormoqda. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Arxiv ishi hududiy boshqarma rahbarlari va davlat arxivlari direktorlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida malakasini oshirish” o‘quv kursi tashkil etildi.

Malaka oshirish dasturi davomida tinglovchilar zamonaviy arxiv ishida zarur bo‘lgan 12 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar bilan ta’minlanadi. Jumladan, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, kiberjinoyatchilik, sun’iy intellekt (AI) va uning imkoniyatlari, zamonaviy dasturiy mahsulotlardan foydalanish, davlat xaridlarini raqamlashtirish, ish vaqtini boshqarish (“time management”), xodimlarda stress va nizolarni hal qilish ko‘nikmalari, shuningdek, muomala madaniyati va etika qoidalari kabi yo‘nalishlar qamrab olingan. Barcha mavzular bo‘yicha 18 akademik soat davomida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Kurs doirasida axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, davlat xaridlarini raqamlashtirish, zamonaviy dasturiy mahsulotlar, vaqtni boshqarish va xodimlarning muomala madaniyati kabi dolzarb mavzular yoritib berildi. Tinglovchilar nafaqat nazariy bilim, balki amaliy mashg‘ulotlar orqali ham kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamladi.

Jami kurslarda 118 nafar rahbar xodimlar ishtirok etishi rejalashtirilgan. 2025-yil 25-iyun holatiga ko‘ra, dastur doirasida ikki oqimda (har birida 30 nafardan) 60 nafar rahbar xodimlar to‘liq kursni tamomladi va barcha tinglovchilarga maxsus sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Ushbu kurs arxiv sohasida rahbarlarning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy AKT vositalaridan unumli foydalanish va sohaga samaradorlik olib kirishga xizmat qiladi.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati