Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida shaffoflikni ta'minlash kuchaytiriladi
“Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–6247-son, 16.06.2021 y.) mazmun-mohiyati
Barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati (33 ta) tasdiqlandi.
Davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatiga oid hisobotni har yili:
1 martgacha veb-saytlariga joylashtirib, 10 martgacha uni jamoatchilik ishtirokida muhokama etish haqida xabar beradi;
1 aprelgacha hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etish uchun matbuot anjumanlarini o‘tkazadi.
2021 yil 1 iyuldan quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar portaliga va davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:
• amalga oshirilgan davlat xaridlari;
• mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
• Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar;
• o‘zlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi.
Quyidagi imtihonlarni o‘tkazish jarayonini Internetda jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:
• OTMning bakalavriat va magistratura imtihonlari;
• o‘qishni ko‘chirish bilan bog‘liq imtihonlar;
• nostrifikatsiya test sinovlari.
2021/2022 o‘quv yili qabuligacha imtihonlarni Internetda jonli efirga uzatishni ta’minlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘lgan “imtihon.uz” veb-platformasi ishga tushiriladi.
2021 yil 1 sentyabrgacha Ochiq ma’lumotlar portali davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali bilan integratsiya qilinadi
2021 yil 1 avgustgacha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiy veb-saytida va Portalda Ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari to‘g‘risidagi axborot bazasi ishga tushiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Agentlik, jumladan:
• davlat organlari va tashkilotlarining ma’lumotlarni Internetga joylashtirish majburiyatlari hisobini yuritadi;
• murojaatlardan kelib chiquvchi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni “Mening fikrim” veb-portali orqali umumxalq muhokamasiga chiqaradi.
“Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
2021 yil 1 dekabrdan:
• yil yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksi aniqlanadi;
• quyidagi tadbirlar telekanallar, shuningdek, Internet orqali jonli efirga uzatiladi:
Qonunchilik palata va Senat majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari;
taraflarning roziligi bilan ayrim huquqbuzarliklarga va oilaviy nizolarga oid fuqarolik sud ishlari.