Davlat tili siyosatini takomillashtirishning yangi bosqichi

Davlat tili deganda biz maʼlum davlat hududida yashovchi fuqarolarning davlat tomonidan belgilab berilgan yagona rasmiy muloqot tilini tushunamiz va davlat hududida yashovchi asosiy xalqdan boshqa millat vakillarining tilini kamchitmasligi kerak. Qonunchilikda ham shunday taʼriflar belgilab qoʻyilgan. Keyingi yillarda mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish deganda ijtimoiy tarmoqlarda boshqa tillarning kamsitilishi boʻlayotganligi haqida turli yolgʻon maʼlumotlar tarqalib bormoqda. Bu bejizga emas, chunki, davlat tiliga eʼtibor qaratilgani sari, ayrim qoʻshtirnoq ichidagi “doʻstlarimiz”, til siyosatini boshqa tomonga burishga, xalq orasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishga harakat qiladi. Bu befoyda, davlatning qonuni bor, “Davlat tili haqida”gi qonunda, Konstitutsiyamizda davlat tili oʻzbek tilidir degan qoidani hamma yaxshi biladi.

Tilni rivojlantirishda davlat tomonidan qoʻllab quvvatlansagina mazkur til oʻzining asl qiyofasini saqlab qoladi. Jumladan, davlat tili sifatida oʻzbek tilini rivojlantirishda unga nafaqat olim, tilshunoslar balki davlatning qoʻlla-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda davlat tilini mustahkamlash borasida tub oʻzgarishlar boʻlmoqda. Tilshunoslarning oʻzbek tilini rivojlantirish, kirib kelayotgan oʻzgarishlarni maʼqul boʻlsa mustahkamlash borasidagi harakatlari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Agar bundan ikki yil muqaddam davlat organlarida davlat tili boʻyicha mutaxassilar joriy etilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, davlat tilida ish yuritishni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida olib borishga tayyorgarlik ishlari qizgʻin olib borilmoqda. Xoʻsh, bu nima degani? Bilamizki, taʼlim muassasalarida oʻqish allaqachon lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida olib boriladi, oʻqituvchilarning deyarli barchasi yozma muloqotda shu alifbodan foydalanishga oʻtib olgan. Davlat tashkilotlarida esa, obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra kiril alifbosida ish yuritilmoqda. Jamiyat yozma muloqoti oʻz oʻzidan ikkiga boʻlinish holatiga kelib qolgan. Bu tabiiy, chunki, davlat va nodavlat idoralarida yozma nutqi kirill alifbosida shakllangan shaxslar mudom faoliyat yuritmoqda. Bu bilan ularni faoliyatini toʻxtatish lozim degan fikrdan yiroqmiz, aksincha ularni ham oʻrgatish lozim va bu ishlar amalga oshirilmoqda. Bu kimga qiyin-u, kimga oson? Birinchi navbatda yosh mutaxassislarga juda qiyin, sababi ish yuritish jarayoni davlat tilida boʻlishiga qaramay, kirill alifbosida olib boriladi. Bu oʻz oʻzidan davlat tilida ish yuritishda imlo xatolarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

Nima qilish kerak?

Yaqinda mazkur muammoni hal qilish maqsadida yagona alifboga oʻtish masalasi uzil-kesil hal etildi, xususan Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yozma muloqotni toʻliq lotin grafikasiga asoslangan oʻzbek yozuvida tashkil etish chora-tadbirlarini koʻrish koʻpchilikni quvontirdi, ayrim odamlarni esa qoʻrquv bosdi. Lekin shubha va qoʻrquvga, ortiqcha xavotirga oʻrin yoʻq. Chunki belgilangan vazifalar ichida kelib chiqishi mumkin boʻlgan muammolarni hal etish mexanizmlari belgilab berildi. Jumladan, bu alifboga bosqichma-bosqich, ammo izchil qadamlar bilan oʻtiladi. Unga rasmiy oʻtish boʻyicha maxsus normativ-huquqiy hujjat qabul qilinadi. Oʻzbek tilining imlo qoidalari yangisi tasdiqlanadi, unga alohida hukumatning munosabati qabul qilinadi. Transliteratsiyaga asoslangan dasturiy taʼminotlar ishlab chiqiladi. Bosqichma-bosqich kadrlarni mazkur alifboda ish yuritishga moslashtirish ishlari olib boriladi, masalan ularning malakasi oshiriladi, ularga dasturiy mahsulotlar, sharoit yaratiladi. Shuningdek, barcha ommaviy axborot vositalari, matbuotning yozma nutqi, maʼlumotlari yagona yozuvda ifoda etiladi. Bu qachondan boshlanadi? Avvalom bunga sharoit yaratiladi, masalan targʻibot ishlari bugundan boshlangan boʻlsa, 2022-yil 1-yanvardan koʻpgina tashgkilotlar, shu jumladan “Kirill”da bosilayotgan matbuot, “Lotin”da bosiladi. Axborot-kutubxona markazlari, axborot resurs markazlariga bosqichma-bosqich yangi badiiy va boshqa adabiyotlar koʻpaytiriladi. Mustaqil oʻrganuvchilar hamda idoraviy mansubligiga qarab, tashkilot, korxona va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning yangi alifbo, yangi imlo qoidalarini oʻzlashtirishga koʻmaklashuvchi uslubiy qoʻllanmalar, lugʻatlar chop etiladi.

Qarorga muvofiq rasmiy veb saytlar 2022-yil dekabridan toʻliq lotin yoziviga asoslangan oʻzbek alifbosida yuritilishi belgilandi. Mamlakatimizdagi geografik obyektlar nomlari bugungi kunda aksariyati lotin yozuvida, ammo ayrim xududlarda buning aksini koʻrish mumkin, shuningdek, korxona va tashkilotlarning tashqi reklamasi, tashqi yozuvlari, peshlavhalar hamon kirill yozuvida aks etmoqda. Shu masalani birxillashtirish maqsadida 2022-yil dekabrdan boshlab bir xilda, lotin yozuvida taʼminlanishi belgilandi. Demak, ikki xil yozuvlarga barham beriladi va faqat yagona yondoshuv asosda amalga oshiriladi.

Qarorning mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan boʻlsak, bu davlat tilini rivojlantirishga va rasmiy doiralarda yozma nutqni yagona tartibda amalga oshirishning muhim jihatlari belgilab berildi. Eng muhimi unga amal qilishimiz lozim. 2023-yil 1-yanvaridan, mulk shaklidan qatʼiy nazar korxona va tashkilotlarda ish yuritish toʻliq davlat tilida, oʻzimizning yozuvimizda amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa til siyosatini rivojlantirishning yangi bosqichini belgilab bermoqda.

Hoʻsh, idoralarda nima gap boʻlishi mumkin?

Bu ishlarni amalga oshirishda “Oʻzarxiv” agentligining maxsus chora-tadbirlari, yoʻl xaritasi, buyruq qabul qilinib, keng muhokama etildi. Bugungi kunda arxiv ishi va ish yuritish sohasida kelib chiqishi mumkin boʻlgan muammolar aniqlanib, bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, atamalarda ayrim muammolar boʻladi, ammo yangi ishlab chiqilayotgan imlo qoidalari menimcha bu muammolarni bartaraf etadi. Umuman olganda davlatimizda davlat tilini rivojlantirish, yozma va ogʻzaki nutq madaniyatini takomillashtirish siyosatini arxiv ishi xodimlari toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Davlat tili boʻyicha maslahatchi

Shuhrat Mir Rayim


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати