DAVLAT TILIDA ISh YURITIShGA E’TIBOR
Hukumatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar va sharoitlar natijasida arxiv hujjatlarini qamrab olish imkoniyati kengaytirildi, hozirda davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlarning chegara sanalari IX asrdan bugungacha davrni tashkil etib, ularning soni 16 mln. saqlov birligidan ortdi.Ta’kidlash lozimki "O‘zarxiv" agentligi "Arxiv ishi to‘g‘risida"gi Qonunga ko‘ra respublikada arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Davlat tilida ish yuritishga e’tibor dastavval davlat arxivlarining o‘zidan boshlangan.
2020 yil 17 sentyabr kuni “O‘zarxiv” agentiligi tomonidan “Arxivlarda davlat tilini qo‘llash xususiyatlari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatida Toshkent shahar, Toshkent viloyati arxiv ishi xududiy boshqarmalari xodimlari, davlat arxivlari xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda “O‘zbekkino” milliy agentligi xodimi, rejissyor Ibroxim Rasulov qatnashdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bu yil “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinganligiga 31 yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida davlat tilida ish yuritishga katta e’tibor berilmoqda. Ayniqsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni zudlik bilan hal etishga xizmat qilmoqda.
Davra suhbatida 21-oktyabr-“O‘zbek tili bayrami kuni” qonun bilan mustahkamlanganligi ishtirokchilar tomonidan e’tirof etildi. Mazkur bayram nafaqat til, balki millatni aks ettiruvchi bayram sifatida nishonlanishi belgilanganligi fuqarolarimizda, ayniqsa arxiv tizimi xodimlarida g‘urur va iftihor tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
Ma’ruzalarda arxivlarda davlat tilini qo‘llashning o‘ziga hos xususiyatlari boshqa sohadagilardan farq qilishi bilan ajralib turishiga urg‘u berildi. Binobarin, davlat tilini qo‘llash arxiv sohasida tubdan o‘zgarganligi arxivchilar tomonidan e’tirof etildi.
Davra suhbati yakunida davlat tilini rivojlantirish, tilni arxiv sohasida qo‘llash yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Tadbirda, Davlat tilini rivojlantirish Departamenti tashabbusi bilan yangi chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Davlat tilida ish yuritish” kitobi Agentlik tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyati arxivlariga tantanali ravishda topshirildi.