DAVLAT TILINI BILISH – ULKAN IMKONIYATLAR GAROVI
1989-yil 21-oktyabr. Ushbu kuni o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi.
Doimo “til” so‘ziga “ona”so‘zi qo‘shib aytilishi xususida ko‘p o‘ylayman. Til xalqning o‘zligini tanitadi. Ona ham shunday. Murg‘aklikda eshitgan allamiz orqali biz o‘zimizni taniymiz. Ona tilimiz sabab qalbimizda vatanga, yaqinlarimizga mehr qo‘yganmiz. Onalar farzandlari uchun qanchalik suyuk bo‘lsalar, til ham onalardek xalq uchun qadrli va aziz.
Ba’zida yaqinlarim bilan suhbatlashayotib, ona tilimning naqadar go‘zal va cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini anglayman, o‘zbek farzandi ekanligimdan, shu tilda so‘zlashayotganligimdan faxrlanib ketaman. Shu o‘rinda shoir A.Oripovning misralari yodga tushadi:
Ming yillarkim, bulbul kalomi,
O‘zgarmaydi yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi,
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim,sen borsan shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.
Shu g‘oyani yurtimizda yashayotgan barcha millat vakillari ham bemalol ayta oladi.
34 millionli aholining aksariyati O‘zbekistonimizda ona tilimiz- o‘zbek tilida so‘zlashadi, rasmiy ishlar olib boradi.Dunyoda ko‘p kishi gaplashadigan tillar qatoridan o‘zbek tilining 37-o‘rinni egallashi uning mavqei dunyo miqyosida balandligining isboti, bu esa barchamiz uchun katta sharaf va faxrdir.
Har bir inson uchun hamisha ona sutidek aziz bir xilqat mavjud. Bu kindik qoni to‘kilgan Vatan. Vatan ko‘ngildagi eng pokiza va musaffo tuyg‘ularga ruh beruvchi, ilohiylik baxsh etuvchi maskan! Ta’rifi dostonlarga sig‘maydigan jannatmonand yurt – buyuk Turonzamin, O‘zbekiston!
Vatan birligi g‘oyasi unda istiqomat qilib kelgan xalqlarning azaliy orzusi bo‘lib kelgan. Bugungi kunda ham bu g‘oya barcha xalqlarimiz uchun mushtarakdir. Shoir aytganidek, Vatan yagona, Vatan – muqaddas. Ana shu go‘zal vatanda o‘zbek, qirg‘iz, tojik, qozoq kabi turli millat vakillari bir tanu bir jon bo‘lib yashab kelmoqdalar.
Televizor ekranlarida, ko‘cha-ko‘yda o‘zbek tili – davlat tilida mendan-da biyron gapirayotgan boshqa millat vakili bo‘lgan do‘stimni yo dugonamni ko‘rsam, gaplashayotgan do‘stlarim, u rus bo‘lsin, u koreys bo‘lsin, u qirg‘iz bo‘lsin, shu zamin- O‘zbekiston fuqarosi. U o‘z fuqarolik burchini bajarishi, ya’ni davlat tilini bilishi yurtiga bo‘lgan sevgisi va sadoqatidan, o‘zbek eliga hurmatidan deb hisoblayman.
Shunday- dini, ona tili o‘zga, lekin davlat tili bir, g‘oyasi bir, aziz Vatani bir do‘stu dugonalarim, hamyurtlarim borligidan shodman, cheksiz g‘ururdaman.
Shunday ekan biz arxivchilarning o‘z ona tilining Davlat tili bo‘lishi – men uchun katta baxt desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Namangan viloyati arxiv ishi xududiy boshqarmasi Yangiqo‘rg‘on tuman Davlat arxivi 2-toifali arxivchisi M.Boxodirova