Davlat budjeti ijrosi Ochiq ma'lumotlar portalida e'lon qilib boriladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning mashinada o‘qiladigan formatdagi axborotdan ko‘p karra, erkin va bepul foydalanish imkonini beruvchi O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma'lumotlar portali faoliyat yuritmoqda.

Belgilanishicha:

a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma'lumotlar to‘plamlari ro‘yxatini shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Portalda o‘z vaqtida aks ettirilishi bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Portalni texnik qo‘llab-quvvatlash va ta'minlash hamda uzluksiz ishlab turishi uchun javobgar hisoblanadi;

v) Portaldagi axborotlar:

faqat davlat organlari va tashkilotlarining respublika darajasidagi yuqori turuvchi tuzilmalari, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan e'lon qilinadi;

o‘zbek, rus va ingliz tillarida, shu jumladan mashinada o‘qiladigan va boshqa formatlarda e'lon qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy saytlarida e'lon qilinadigan axborot bilan aynan bir xil va o‘zaro bog‘langan bo‘lishi lozim;

g) davlat organlari va tashkilotlarida axborotni tayyorlash va Portalda joylashtirish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–5635-son Farmoniga muvofiq tashkil qilingan, xalqaro reytinglar bilan ishlash va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish uchun mas'ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar zimmasiga yuklanadi.

Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida davlat organlari va tashkilotlarining Portalda Ro‘yxatni shakllantirish, yuritish va yangilash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish bilan bog‘liq ishlar uchun mas'ul bo‘linma tashkil etiladi. 

Davlat statistika qo‘mitasi bir oy muddatda bo‘linmaning yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini ta'minlaydi.

Davlat statistika qo‘mitasiga Portalni rivojlantirish faoliyatini amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlar berildi:

ma'lumotlar va ularning manbalaridan, shu jumladan ma'lumotlarni shakllantirish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi ichki va boshqa hujjatlar hamda ulardan foydalanish;

Portalni rivojlantirish, shuningdek, e'lon qilinadigan ma'lumotlarga taalluqli masalalar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlaridan beg‘araz asosda maslahat yordami olish;

ushbu qarorni bajarish doirasida ekspertlar, konsultantlar va tashkilotlarni (shu jumladan, xorijiy) shartnoma asosida jalb etish;

Portalni takomillashtirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma'lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash uchun xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlarning mablag‘larini, shu jumladan grantlari (texnik ko‘magi)ni jalb etish.

Belgilanishicha, 2019 yil 1 apreldan:

Davlat statistika qo‘mitasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,3 baravarga oshirgan holda qo‘llaniladi;

davlat statistika organlari xodimlariga ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik ustamalar quyidagi miqdorlarda to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda lavozim maoshlariga nisbatan koeffitsiyentlarda): 2 yildan 5 yilgacha – 0,1; 5 yildan 10 yilgacha – 0,2; 10 yildan 15 yilgacha – 0,3; 15 yildan 20 yilgacha – 0,4; 20 yildan 25 yilgacha – 0,5; 25 yildan ortiq – 0,6. Ko‘p yillik xizmatlari uchun mukofot puli olish huquqini beradigan ish staji O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq hisoblanadi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Quyidagilarning:

a) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining:

Portalda e'lon qilinadigan axborotning to‘liqligi, ishonchliligi, uning o‘z vaqtida shakllantirilishi va yangilab turilishi;

Portalda joylashtiriladigan axborotning mazmuni va sifati;

Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasi axborotlarining oshkoraligi va foydalanish erkinligini ta'minlash;

tegishli axborotni shakllantirishda xalqaro metodologik standartlarni, tavsiyalarni o‘rganish hamda ularni amalda qo‘llash yuzasidan;

b) Agentlikning Portaldan O‘zbekiston Respublikasi to‘g‘risida zarur axborotni olishda ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan;

v) Davlat statistika qo‘mitasining xalqaro tajribani va foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda Portalda e'lon qilinadigan Ro‘yxatning muntazam yangilanib turilishini ta'minlash yuzasidan shaxsan javobgarligi belgilab qo‘yildi.