Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmatining ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan “Elektron hukumat nega to‘liq ishga tushirilmayapti?” maqolasiga MUNOSABAT
So‘nggi paytlarda Davlat xizmatlari agentligi faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlar ko‘pchilikni mamnun etmoqda. Natijada odamlarning og‘iri yengil bo‘lyapti, aholi ortiqcha ovoragarchilikdan qutulayapti, Davlat xizmatlari agentligiga nisbatan ishonch ortayapti.
Biroq, yaqinda ko‘plab veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan “Elektron hukumat nega to‘liq ishga tushirilmayapti?” sarlavhali maqola e’lon qilinishi va unda “O‘zarxiv” agentligi faoliyatiga noxolis baho berilishi bizni taajjubga soldi.
Maqoladagi “... Bu esa jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda. Masalan, fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy so‘rovlarini bajarish bo‘yicha berilgan murojaatlari mavjud qonunchilikka asosan davlat arxivlari tomonidan 30 kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi” jumlasi bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasiga ko‘ra Elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish prinsiplaridan biri bu ariza beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish ekanligi shart etib belgilangan.
Bu degani “Elektron hukumat”ni to‘liq ishga tushurishda qog‘oz hujjatlarni raqamlashtirib emas, balki ortiqcha hujjatlarni qisqartirib, raqamli yechimlarni qabul qilish lozimdir.
Shundan kelib chiqqan holda, arxivlardagi shaxsiy tarkibga oid hujjatlarni (3,4 mln. saqlov birligidagi, 1 ta saqlov birligida o‘rtacha 250 varaq mavjud bo‘ladi) raqamlashtirish emas, balki shu hujjatlarni fuqarolarning ijtimoiy-huquqiy so‘rovlarini bajarishda, ya’ni pensiyani rasmiylashtirishda talab etishdan voz kechish lozim.
Bu qanday bo‘ladi?
Bugungi kunda fuqarolarning 2005 yildan oylik maoshlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni AT “Xalq banki”ning jamg‘arilib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to‘g‘risidagi ma’lumotlaridan hamda 2015 yildan keyingi davr uchun Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri ma’lumotlaridan kelib chiqib aniqlash imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuning 31-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, pensiyani hisoblab chiqarish uchun, ishdagi mavjud tanaffuslardan qat’iy nazar, oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yildagi ish haqi olinishi belgilab qo‘yilgan.
Bundan kelib chiqib, pensiya tayinlashda 2005 yildan keyingi oylik maoshlari to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotlarini talab etishdan to‘liq voz kechish mumkin.
Xorijiy mamlakatlarda (shu jumladan pensiya tizimi O‘zbekiston kabi boshqa Ozarbayjon, Moldova va boshqa ko‘plab mamlakatlarda) pensiyani rasmiylashtirishda ish xaqi va mehnat stajini tasdiqlaydigan arxiv mua’lumotlari talab etilmaydi. Shuningdek xorijiy davlatlarning hech birida faqat amaliy ahamiyati bo‘lgan shaxsiy tarkib hujjatlarining raqamlashtirilishi hattoki rejalashtirilmagan. Sababi iqtisodiy tomondan bu mablag‘larni samarasiz ishlatishga olib keladi.
Ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan “O‘zarxiv” agentligi bilan kelishilgan holda “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash uchun zarur hujjatlarni yig‘ish jarayonini takomillashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyixasi tayyorlangan bo‘lib, hozirda vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonida.
Maqoladagi “...“O‘zarxiv” agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Milliy arxiv fondi hujjatlarining 5 % va alohida qimmatli hujjatlarning
23 % raqamlashtirilgan, xolos...” jumlasi bo‘yicha
Davlat arxivlarida 12,9 mln. saqlov birligidan ortiq, shu jumladan 8,4 mln. saqlov birligidagi Milliy arxiv fondi hujjatlari, 3,4 mln. saqlov birligidagi shaxsiy tarkib hujjatlari va 1,1 mln. saqlov birligidagi vaqtincha saqlov muddatiga ega hujjatlar saqlanmoqda. Qolgan hujjatlarning saqlanishi har bir tashkilotning o‘zida idoraviy arxivlarida amalga oshiriladi.
Hozirda davlat arxivlarining oldida turgan eng dolzarb masala bu doimiy saqlov muddatiga ega bo‘lgan Milliy arxiv fondi hujjatlarini raqamlashtirish hisoblansada hujjatlarni raqamlashtirish uchun xodim-mutaxassis yetishmaydi, aksariyat davlat arxivlarida raqamlashtiruvchi mutaxassis shtat birligi mavjud emas. Shu sababli Milliy arxiv fondi hujjatlarining 5 foizi va alohida qimmatli hujjatlarning 23 foizi raqamlashtirilgan.
Mazkur muammoni hal etish bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” qarori loyihalari ishlab chiqilib, unga asosan arxivlarda raqamlashtirish bo‘yicha alohida shtatlar ajratish va bo‘limlar tashkil etish belgilangan. Hujjat loyihasi hozirda vazirlik va idoralar bilan kelishish jarayonida.
Maqoladagi “... Hattoki bugungi kunda “O‘zarxiv” agentligida butun respublikani qamrab oladigan ma’lumotlar bazasi va axborot tizimi haligacha mavjud emas....” jumlasi bo‘yicha
2013 yildan boshlab “O‘zarxiv” agentligida davlat arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlari fondlarining Elektron Davlat katalogi yuritib kelinmoqda va u ishchi holatda.
Shuningdek davlat arxivlarida saqlanayotgan shaxsiy tarkib hujjatlari bo‘yicha ma’lumotlarning (hujjatlarning qaysi arxivlarda saqlanayotganligi bo‘yicha) elektron bazasi ham 2008 yildan buyon doimiy to‘ldirilib borilmoqda va undan faol foydalanilmoqda (http://archive.uz/search-data?page=10).
Mavjud muammolarni bartarf etish uchun qilanayotgan ishlar.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” qarori loyihalari ishlab chiqildi.
Olingan takliflar buyicha hujjatlar loyihalari qayta ishlab chiqildi va yangi loyiha kelishish uchun tegishli vazirliklar va idoralarga yuborildi.
Hujjatlarda O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish, jumladan,
– har bir davlat arxivlarida 30 ta shtat birligidan iborat arxiv hujjatlarini raqamlash sektorlarini (elektron shaklga o‘tkazish) tashkil etish;
– hujjatlarni raqamlash (elektron shaklga o‘tkazish) uchun 200 ta skaner, film-skaner, server, 200 ta kompyuter qurilmalarini xarid qilish;
– davlat arxivlarining raqamlashtirilgan arxiv hujjatlaridan foydalanish bo‘yicha yagona axborot tizimini yaratish;
– 12 ta viloyat davlat arxivlari uchun qo‘shimcha saqlovxonalar qurish;
– 7 ta davlat arxivlarini rekonstruksiya qilish va boshqa ko‘plab masalalarni yechimi o‘z ifodasini topgan. Ushbu hujjatlarni qabul qilinishini arxiv sohasini rivojlanishiga ulkan turtki bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni ma’lum qilamizki, to‘g‘ri bugungi kunda arxiv ishi sohasida muammolar kam emas, lekin ularni ommaviy axborot vositalari oraqali talqin etishda jiddiy yondoshish, samaradorligini asoslash va bu boradagi amalga oshirilayotgan ishlardan boxabar bo‘lish maqsadga muvofiqdir.
Shu bilan birga, arxiv sohasi taxlil qilingani uchun va jamoat e’tiborini tortgani uchun Davlat xizmatlari agentligidan minnatdormiz.
“O‘zarxiv” agentligi matbuot xizmati