“Elektron arxiv” ilmiy-o‘quv laboratoriyasi ishga tushdi.

2025-yil 9-iyun kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetida axborotlashgan jamiyat ehtiyojlariga javob beradigan navbatdagi muhim qadam – “Elektron arxiv” ilmiy-o‘quv laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu laboratoriya O‘zbekistonda arxiv ishini raqamlash, elektron hujjat aylanishi va zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Unda talabalar va tadqiqotchilar arxivlash, skanerlash, metama’lumotlar bilan ishlash, elektron hujjatlarni saqlash va qayta tiklash kabi amaliy ko‘nikmalarni mustaqil ravishda o‘rganishlari mumkin bo‘ladi.

Laboratoriya zamonaviy kompyuter qurilmalari, mobil stellajlar, skaner uskunalari, server va ma’lumotlar saqlash tizimlari hamda arxivlashga mo‘ljallangan maxsus dasturiy ta’minotlar bilan jihozlangan.

Mazkur tashabbus TATU va “O‘zarxiv” agentligi, shuningdek boshqa sohaga daxldor tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Laboratoriya nafaqat ta’limiy maqsadlarda, balki ilmiy-tadqiqot ishlari, amaliyotlar va startap loyihalar uchun ham ochiq bo‘ladi.

Tadbirda universitet rahbariyati, arxiv sohasi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi. Ular tomonidan mazkur laboratoriya arxiv sohasidagi raqamli transformatsiyani jadallashtirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati