Elmurod bobo Jo‘raev-Ikkinchi jahon urushida qatnashgan arxivchi
#G‘alaba75 #Pobeda75
Elmurod bobo Jo‘raev, 1922 yilda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatiboq tengdoshlari qatori harbiy xizmatga chaqirilgan. Moskva yaqinidagi Tula shahrida kichik komandirlar maktabida uch oylik tayyorgarlikdan keyin frontga otlangan. Ikkinchi jahon urushining o‘t-olovli yo‘llarini bosib o‘tib, g‘alabani Berlin yaqinidagi Brandenburg shahrida kutib olgan. Bundan tashqari, vzvod komandiri sifatida harakatdagi armiya tarkibida Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Pol'sha, Chexoslovakiya, Germaniyadagi shaharlarni dushmandan ozod qilishda qatnashdi. Elmurod bobo urushning og‘ir va mashaqqatli yillarida Vatandan olisda qanchadan-qancha safdosh do‘stlaridan ayrildi.
Sanoqli jangovar do‘stlarigagina orziqib kutilgan g‘alaba nashidasini surish, o‘z ona yurtini, tug‘ilib o‘sgan tumanini qayta ko‘rish nasib etdi. 1949 yili ko‘kragida qo‘sha-qo‘sha orden va medallar bilan ona yurti Qorako‘lga qaytib kelgan Elmurod Jo‘raev tuman Ichki Ishlar bo‘limi huzuridagi Arxiv bo‘linmasi direktori lavozimiga tayinlanadi. Shu tariqa o‘zining butun ongli hayotini ana shu tizim bilan chambarchas bog‘laydi. Qorako‘l tuman arxiv bo‘limida 1989 yilgacha 40 yil rahbarlik qiladi. Faoliyati davomida respublika va viloyat rahbariyati tomonidan juda ko‘p faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Elmurod bobo Jo‘raev 2018 yil 6 dekabrda vafot etgan.
Qorako‘l tuman davlat arxivi Fond № 171
"O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati