ERKSEVAR VA VATANPARVAR AJDODLARIMIZ XOTIRASI HAMISHA BARHAYOT.

Ikkinchi jahon urushi yillarida (1939-1945- yillar, Ulug‘ Vatan urushi - 1941-1945-yillar) frontda va front ortida jonbozlik ko‘rsatgan, haqiqiy fidoiylik, erksevarlik namunalarini ko‘rsatgan O‘zbek xalqining, erishilgan g‘alabadagi o‘rni beqiyosdir. Chunonchi, O‘zbekistonda tuzilgan, birgina 258-o‘qchi diviziya askarlari Moskva ostonalaridagi janglarda 9000 dan ko‘proq dushman askar va zobitlarini yer tishlatib, 137 ta aholi yashaydigan manzilgohlarni ozod etgan, birinchilardan bo‘lib Upa daryosiga chiqib o’z strategik muhim pozitsiyasini egallagan, ko‘plab jangovar texnikani qo‘lga tushirgan. 258-o‘qchi diviziyasi Kalugani ozod etishda ko‘rsatgan matonati uchun gvardiyachi diviziya unvoniga sazovor bo‘lgan.

Shuningdek o‘zbek jangchilari mashhur va o‘ta ahamiyatli bo‘lgan Moskva, Stalingrad, Kursk, Dnepr va shu kabi shiddatli mudofaa janglarida chin qahramonlik namunalarini ko‘rsatganlar. 1753 nafar o‘zbekistonlik jangchilar “Moskva mudofaasi uchun” medali bilan mukofotlangan.

O‘zbekistonlik jangchilardan 2738 kishi “Stalingrad mudofaasi uchun” medali bilan mukofotlangan.

Dneprni kechib o‘tishda, uning o‘ng qirg‘og‘idagi istehkomlarni egallashda ko‘rsatgan jasorati uchun jami, 2348 jangchiga, jumladan, 26 nafar o‘zbek yigitlariga Qahramon unvoni berilgan.

Kurskdagi g‘alaba va dushmanning Dneprdan uloqtirib tashlanishi natijasida jahon urushining borishida tub burilish yasaldi, harbiy strategik tashabbus dushmandan batamom tortib olingan. Stalingraddagi g‘alaba Gitler Germaniyasining yengilishi muqarrarligini ko‘rsatgan bo‘lsa, Kursk va Dneprdagi g‘alaba nemisfashist qo‘shinlarini halokatga mahkum etdi. O‘zbekistonlik jangchilar Leningrad qamalini yo‘q qilish, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va Boltiqbo‘yi respublikalarini dushmandan ozod qilish uchun bo‘lgan janglarda ham qahramonlik namunalarini ko‘rsatdilar. 1944- yil kuz oylariga kelganda dushman mamlakatdan butunlay haydab chiqarildi, qarshi hujumga o’tildi. O‘zbekistonliklarning Qarshilik ko‘rsatish harakatidagi ishtiroki Yevropa xalqlarini fashistlar asoratidan xalos qilish harakatiga qo‘shgan muhim hissasi ham beqiyosdir.

“Berlinni olganligi uchun” medali bilan o‘zbekistonlik jangchilardan 1706 kishi taqdirlangan. Fashistlar Germaniyasi tor-mor etildi. “Germaniya ustidan g‘alaba qozonilganligi uchun” medali bilan 109208 o‘zbekistonlik jangchi taqdirlandi.

120 ming o‘zbekistonlik jangchilar, jumladan, 70 ming o‘zbek yigit va qizlari orden va medallar bilan mukofotlangan. 300 ga yaqin askar va komandirlar “Qahramon” unvoniga sazovor bo‘lishgan, ularning 75 nafari o‘zbeklardir. 32 nafar o‘zbekistonlik jangchi uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan mukofotlangan. Biz toabad jang taqdirini hal etishda munosib o‘z o‘rniga ega erksevar, vatanparvar ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. Ularning jasoratli faoliyatlari esa bizlar uchun yuksah ibrat va o‘rnak namunasidir!

Mazkur tarixiy arxiv hujjatlari Buxoro viloyati Kogon shahar davlat arxivi saqlovxonasidagi fond-300, 1-raqamli ro‘yxat, 5-yig‘majildda saqlanmoqda.


Manba : “Ўзархив” агентлиги Ахборот хизмати