Ertangi kun bizniki, marra bizniki!
“Turkiston” saroyida oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli va ijtimoiy faol talaba-yoshlar festivali yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi B.G‘aniyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning puxta bilim olishi, iqtidor va qobiliyatini to‘la namoyon etishi, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Talabalar festivali” ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. 2008-yildan buyon har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan mazkur festival yoshlarning talabalik davrini mazmunan yanada boyitish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Ilmiy-ijodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, madaniy, sport-sog‘lomlashtirish xarakteriga ega bo‘lgan mazkur forumda mamlakatimizning barcha hududidan besh yuz nafardan ortiq talaba-yosh ishtirok etdi.
Festival doirasida yigit-qizlar turli sohadagi bilimlarini boyitish, vatanparvarlik tuyg‘usi va ma’naviyatini yuksaltirish, jamoat ishlaridagi faolligini rag‘batlantirish, o‘zaro ilmiy-ijodiy hamkorlik muhiti, do‘stlik aloqalarini shakllantirishga xizmat qiladigan qator loyihalarda ishtirok etdi.
– Ushbu festival barcha yoshlar qatori menga ham unutilmas damlarni tuhfa etdi, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Mohichehra Ashurova. – “O‘zbekistonda barkamol avlodni tarbiyalash masalalari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyada umumta’lim maktablarida ingliz tilini o‘qitishda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga doir tashabbuslarni ilgari surdim. Tadbirlarda yangi do‘stlar orttirdim. Bugun tengdoshlarim orasida mustaqil hayotga dadil qadamlar bilan kirib kelayotgan, o‘z kuchi, bilimi va salohiyatiga ishongan, buyuk kelajakni barpo etishga qodir, dunyoqarashi keng, fikri teran yigit-qizlar ko‘p ekanidan faxr-iftixor tuydim. Bu mamlakatimizda barkamol avlodga tayanadigan erkin va farovon hayot barpo etish yo‘lida mustahkam poydevor yaratilganidan darak beradi.
– Texnika taraqqiy etgan davrda yashayapmiz, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti talabasi Jahongir Xidirov. – Ilm-fan yutuqlaridan foydalanmaslik, ilg‘or texnologiyalarni hayotimizga keng tatbiq etmaslik ijobiy natijalarga olib kelmaydi. “Munozara” turnirida jamoamiz bilan mana shu masalaga e’tibor qaratdik. Turnirda g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Bu bizga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Tadbirda faol ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ular orasida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Aziza Ilyosxonova ham bor. U “Uz” domenini rivojlantirishda yoshlarning o‘rni” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida faol ishtirok etgani uchun taqdirlandi.
– Bugun internetda barcha ma’lumotlar mavjud, undan qanday foydalanish esa o‘zimizga bog‘liq, – deydi Aziza. – Shu bois global tarmoqning yoshlar uchun mo‘ljallangan segmentini kengaytirish, axborot makonida milliy ruhdagi saytlarni ko‘paytirish, bu boradagi bilim va ko‘nikmalarimizni boyitish, internetdan foydalanish madaniyatimizni yuksaltirishga qaratilgan ushbu davra suhbati bugungi zamon talabi asosida tashkil etilgan muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Unda yoshlar portallarini ko‘paytirish, ularning mobil ilovalarini yaratib, turli ommabop saytlarga joylashtirish bo‘yicha bildirgan takliflarim mutaxassislarda qiziqish uyg‘otdi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, internet orqali bo‘ladigan axborot xurujlari haqida tushunchamizni yanada boyitganimiz tadbirning ahamiyatini yanada oshiradi.
Festival yakunida taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi yoshlarga katta zavq bag‘ishladi.
manba: uza.uz