Farg‘ona viloyati davlat arxivi binosida Boshqarma va uning tizimidagi arxiv muassasalari rahbar va xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurash” bo‘yicha bir kunlik seminar tashkil etildi.

KORRUPSIYA TARAQQIYOT KUSHANDASI

Joriy yilning 18-aprel kuni Farg‘ona viloyati davlat arxivi binosida Boshqarma va uning tizimidagi arxiv muassasalari rahbar va xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurash” bo‘yicha bir kunlik seminar tashkil etildi.

Seminarda, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev, Farg‘ona viloyati prokuraturasining mas’ul xodimi Shohruhbek Inomov hamda Farg‘ona viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i D.Mallayev hamda tizimdagi arxiv muassasalari rahbar va xodimlari ishtirok etishdi.

Seminarni arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i D.A.Mallayev ochib berib, viloyat prokuraturasining mas’ul xodimi Sh.Inomovga so‘z navbatini berdi. Seminarda soz olgan viloyat prokuraturasining mas’ul xodimi Sh.Inomov tomonidan viloyat prokuraturasining 2025-yil 15-mart kungi 21/16NP-25-son taqdimnomasi tizimdagi arxiv muassasalari rahbar va xodimlariga o‘qib eshittirildi. Unga kora viloyat davlat arxivining sobiq rahbari R.Madaminov tomonidan oz vakolatini suiiste’mol qilganligi, bir necha holatlar soxta qarorlar bilan bog`liq ishlarda qatnashganligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan song, soz olgan "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati rahbari A.Aliyev tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha quyidagi ma’lumotlari taqdim etildi. Jumladan, Korrupsiya – bu mansab vakolatidan shaxsiy manfaat uchun foydalanish ekanligi, u pora olish va berish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, tanish-bilishchilik, nepotizm hamda byurokratiya va yashirin kelishuvlarda namoyon bo‘lishini ma’lum qildi. Shuningdek, korrupsiyaning keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlari ijtimoiy adolatsizlik, Davlat byudjetiga katta zarar yetkazilishi, inson huquqlari buzilishi, Tashqi investorlarning ishonchi yo‘qolishi hamda taraqqiyot jarayonlarini izdan chiqarishi yuzasidan suhbat olib borildi. Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash masalasi davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan bir ekanligi bu borada salmoqli ishlar yo‘lga qo‘yilganligi hamda qo‘yilayotganligi bayon qilindi. Bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilib ushbu agentlik tomonidan jamiyatimizning rivojiga to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsion holatlarga butkul barham berish asosiy maqsad qilib belgilandi. Shu kabi, O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2025 yillarga moljallangan milliy strategiyasi qabul qilindi, Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari joriy qilindi hamda raqamlashtirish va elektron xizmatlarni rivojlantirish jadal sur’atda oshib borayotganligi ma’lum qilindi.

Shundan so‘ng Boshqarma boshlig‘i D.Mallayev so‘zga chiqib Korrupsiyaga qarshi kurash – bu birdaniga erishiladigan natija emasligi, bu – uzluksiz, qat’iyatli, jamoaviy harakatni talab qiladigan jarayonligini, har birimiz halollik, mas’uliyat va vijdon bilan ish yuritsak, korrupsiyadan xoli jamiyat barpo etishimiz mumkinligini ma’lum qildi. Bundan tashqari Boshqarma tomonidan o‘tkaziladigan har bir Direksiya yig‘ilishlarida kun tartibidagi eng asosiy masala “Korrupsion holatlarni oldini olish” ekanligi ta’kidlandi. Bundan buyon Boshqarma va uning tizimidagi arxiv muassasalarida faoliyat yuritayotgan har bir arxivchi “Korrupsiyaga yo‘q deylik – kelajak uchun halol yo‘lni tanlaylik!” shiori ostida mehnat faoliyatini yuritishligi, tizimda korrupsiya ildizini batamom yo‘q qilishlik uchun xodimlarning ongiga halol hayot vaksinasini singdirishlik zarurligini ta’kidladi.

Qaysi bir arxiv muassasasi rahbar va xodimi tomonidan korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan taqdirda zudlik bilan Huquqni muhofaza qiluvchi organlarni mazkur holat yuzasidan ogohlantirilishini hamda tegishli tartibda belgilangan qonunlarga binoan javobgarlikka tortilishini yana bir ma’lum qildi. Seminarda "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati rahbari A.Aliyev so‘zini yakunlar ekan har xodim qonun ustuvor - jazo muqarrar ekanligini chuqur anglab yetishi zarurligini yana bir bor eslatib o‘tdi.


Manba : “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati