“Fuqarolarga pensiya tayinlash uchun arxiv maʼlumotnomalarini taqdim qilishda fuqarolar ovoragarchiligini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida BRIFING
“Fuqarolarga pensiya tayinlash uchun arxiv maʼlumotnomalarini taqdim qilishda fuqarolar ovoragarchiligini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ishtirokidagi
BRIFING
Assalomu alaykum hurmatli yurtdoshlar.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 4 maydagi PQ-5102-son qaroriga muvofiq davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinishi, bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali “Yagona mehnat milliy tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YAMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 oktyabrdagi 592-son qaror bilan tasdiqlangan Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 77-bandiga muvofiq arxiv maʼlumotlarini talab etilmasdan ish staji va ish haqi miqdorini quyidagicha aniqlashi lozim:
2005-2016 yillar davri uchun – jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
2016-2018 yillar davri uchun – fuqarolarning Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan sug‘urta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlari;
2019 yil uchun – fuqarolarning ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlari;
2020 yil 1 yanvardan keyingi davr uchun – Yagona milliy mehnat tizimi Idoralararo dasturiy apparat kompleksidagi mavjud maʼlumotlar asosida.
Bunda, ushbu davrlar uchun arxiv maʼlumotlaridan faqat axborot tizimlarda zarur maʼlumotlar mavjud bo‘lmaganda, noaniq maʼlumotlar mavjud bo‘lganida Pensiya jamg‘armasi bo‘limining so‘rovi yoki fuqaroning murojaati asosida foydalanishi mumkinligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 sentyabrdagi 597-son qarori bilan Yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlangan.
Mazkur reglamentlarga muvofiq jismoniy shaxslarga yoki ularning yaqin qarindoshlariga maʼlum tashkilotda ishlagan davridagi ish haqiga oid va ishlaganligi to‘g‘risidagi ish stajiga oid maʼlumotnomani olish bo‘yicha hamda yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi davlat arxivlarida saqlanayotgan tashkilotlar bo‘yicha yozuvlarni tasdiqlash uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.
Shuning bilan, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida imzolangan 2024 yil 26 avgustdagi Qo‘shma ko‘rsatmaga muvofiq fuqarolarga pensiya tayinlash uchun arxiv maʼlumotnomalarini taqdim qilishda fuqarolar ovoragarchiligini yana-da bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etilmoqda.
Endilikda, “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi arxivlar:
1) fuqarolarning ish haqi va ish stajini hamda yaroqsiz holatga kelgan yoki yo‘qotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi arxiv maʼlumotnomalarini taqdim etishni qatʼiy ravishda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali ko‘rsatadilar;
pensiya tayinlashda axborot tizimlarida zarur maʼlumotlar mavjud bo‘lmaganda, Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yagona portalda (arm.gov.uz) ochilgan shaxsiy kabinet orqali Idoralararo integratsiyalashgan platforma yordamida yo‘llagan so‘rovi asosida “my.archive.uz” dasturi orqali QR-kodli arxiv maʼlumotnomalari elektron shaklida taqdim etiladi;
2) maʼmuriy reglamentlar bilan tartibga solingan davlat xizmatlari bo‘yicha fuqarolarga muhr qo‘yilgan va imzo chekilgan arxiv maʼlumotnomalarini taqdim etish amaliyotiga barham berilmoqda.
Bunda, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash yuzasidan xorijdan kelib tushgan so‘rovlar mustasno.
3) fuqaroning ish haqlari va ish stajlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi arxiv maʼlumotnomalarini taqdim etish yuzasidan rasmiy xat kiritish, fuqarolarni arxivlarga yuborishi hollariga barham berilmoqda.
Маълумот ўрнида айтадиган бўлсак, жорий йилнинг 1-ярим йиллик ҳисобот даврида архивлар томонидан фуқроларнинг ижтимоий-ҳуқуқий мазмундаги 250 мингдан зиёд сўровлари ижроси таъминланган бўлса, шундан қарийиб 20 фоизи архивларга фуқароларнинг тўғридан-тўғри мурожаати асосида амалга оширилган.
Эндиликда, мазкур чора-тадбирлар натижасида фуқаролар уларга пенсия тайинлаш учун архив маълумотномаларини тақдим этиш юзасидан архивларга тўғридан-тўғри мурожаат этишлари ва ташриф буюришлари эҳтиёжи мавжуд эмас.
Шунингдек, хизматларни кўрсатиш тартиби, уларнинг ҳуқуқий асослари фуқароларга тушунтириб борилади.
Ҳурматли юртдошлар агар Сиз архивлар томонидан мазкур тартибнинг бузилишини гувоҳи бўлсангиз ёки Сизга нисбатан ғайриқонуний ҳатти-ҳаракатлар содир этилганда ушба хақида “Ўзархив” агентлигининг 55-50-301-50 рақамли “Ишонч телефони” ёки “antikor_archive_bot” орқали хабар беришингизни сўраймиз.
Эътиборингиз учун раҳмат саломат бўлинг.