“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida “O‘zbekiston arxivlari: Tarixiy xotiradan Yangi O‘zbekiston sari” nomli anjuman hamda “Tarixiy xotira” mavzusida foto va arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
“O‘zbekiston arxivlari: Tarixiy xotiradan Yangi O‘zbekiston sari”
Keyingi yillarda arxiv ishi sohasida ham ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, arxivlarda saqlanayotgan tarixiy hujjatlarga aholi, ilmiy jamoatchilikning qiziqishi kuchaydi. Buning natijasida arxivlarda saqlanayotgan boy tariximiz, boy maʼnaviy merosimizning hali oʻrganilmagan hujjatlari ilmiy oʻrganildi. Islohotlar natijasida tariximizni raqamlashtirish, yaʼni arxiv hujjatlarini raqamlashtirishga eʼtibor kuchaytirildi. “Oʻzarxiv” agentligi davlat arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlarini nes-nobud qilmay saqlanishini taʼminlash siyosati boshqaruvini amalga oshirmoqda. Bugungi kunda tariximizga oid koʻplab arxiv hujjatlarini oʻrganishga ilmiy tadqiqotchilar jalb etilgan, ayniqsa yosh ilmiy izlanuvchilar soni oʻtgan yillarga nisbatan oshgan.
Shu kunlarda “O‘zarxiv” agentligi tizimida arxiv sohasi tarixiga, ayniqsa tizimli boshqaruvi tarixiga oid bo‘lgan “Ajdodlar merosi-o‘chmas xotira” nomli haftalik o‘tkazilmoqda. Haftalik doirasida Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida “O‘zbekiston arxivlari: Tarixiy xotiradan Yangi O‘zbekiston sari” nomli anjuman hamda “Tarixiy xotira” mavzusida foto va arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Anjuman ishida “O‘zarxiv” agentligi masʼullari, O‘zbekiston milliy arxivlari xodimlari, davlat arxivlari xodimlari, vazirlik va idoralarning idoraviy arxivi arxivchilari, oliy taʼlim muassasalari o‘qituvchi-professorlari, talaba yoshlar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi. Anjumanda arxivlarning tarixi, rivojlanish bosqichlari, siyosiy qatag‘on davri, jadidlik harakati hujjatlari, shaxsiy kelib chiqish hujjatlari-shaxsiy fondlar tarixi, zamonaviy arxivlarda raqamlashtirish tarixi va rivojlanish bosqichlari haqida O‘zbekiston milliy arxivi ilmiy xodimi, professor M.Isakova, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi ilmiy xodimi professor M.Darmonova va boshqalar maʼruza qildilar.
Anjuman ishida “Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi saqlovidagi 60 dan ziyod va Oʻzbekiston Milliy arxivi saqlovidagi 20 dan ziyod arxiv ishi sohasi tarixiga oid “Tarixiy xotira” foto va arxiv hujjatlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Anjuman tantanali ochlishi oldidan ishtirokchilar arxiv ishi sohasi tarixiga bagʻishlangan mazkur fotokoʻrgazma bilan tanishib, turli yillarda arxiv sohasining rivojlanish bosqichlarini fotohujjatlarda koʻrib chiqdilar. Fotoko‘rgazma O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi saqlovidagi fotosuratlar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Xususan, ko‘rgazmadan o‘rin olgan ilk marotaba namoyish etilayotgan 10 dan ortiq fotosuratlarda arxivlarning va ularda faoliyat yuritayotgan ilmiy xodimlarning tarixi aks ettirilgan.
Anjuman avvalida o‘tgan arxivlar rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh arxiv xodimlari yod etildi.
Anjuman so‘ngida arxiv ishi sohasi rivojlanishiga hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh arxivchilar “O‘zarxiv” agentligining idoraviy mukofotlari bilan taqdirlandilar. Anʼanaga ko‘ra uzoq yillar samarali mehnat qilib, arxiv ishi sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tuman davlat arxivi direktori Usarov Ruslan Turobovich, Sirdaryo viloyati Guliston Tumani davlat arxivi direktori Sangilov Alimdjan Rustamovich, Jizzax viloyat davlat arxivi arxivchisi Kendjametova Lemara Kemalovnalar “Soha iftixori” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandilar. Mukofotlarni “O‘zarxiv” agentligi direktori U. Yusupov tantanali ravishda topshirdi.
“Ajdodlar merosi-oʻchmas xotira” nomli haftalik doirasida bugungi kunda barcha hududlarda mavzuga bagʻishlangan turkum tadbirlar, foto va arxiv hujjatlari namoyishi keng ommaga yetkazilmoqda. Tadbirlarda Oʻzbekiston arxivlarida saqlanayotgan eng qadimiy hujjatlar, jumladan IX asrga tegishli boʻlib, u Buxoro shohi Ismoil Somoniyning oʻz avlodlariga atab vaqf qilingan yerlar haqidagi maʼlumotlar, Arxivlarda 1500 dan ortiq vaqf hujjatlari kolleksiyasi saqlanib, ularning eng uzuni 83 metr, eng qisqasi 20 santimetrni tashkil etishi haqida, hujjatlarning asosi – teri, qogʻoz, kalka, shakllanishi – naqshinkor, rangli tuslardaligi haqidagi maʼlumotlar keng jamoatchilikka taqdim etilmoqda. Saqlanayotgan qadimiy hujjatlar asosan arab, fors-tojik va eski oʻzbek (turk), rus tillaridagi hujjatlardir. Anjumanda arxiv hujjatlari davriyligiga alohida eʼtibor qaratildi, xususan ular uch davrni, yaʼni tarixiy davr (1917-yilgacha boʻlgan), Shoʻrolar davri (1917-1991-yilgacha) va Mustaqillik davri (1991-yildan to hozirgi kunga qadar) tashkil etishi taʼkidlandi.
Arxivlarda 800 ming saqlov birligidan ortiq alohida qimmatli hujjatlar saqlanmoqda, ular jumlasidan, “Vaqf hujjatlari kolleksiyasi” (IX asrdan – XX asr boshigacha), “Xiva xonlari kanselyariyasi ” (XVII asr boshi – XX asr boshigacha), “Buxoro amirligi” (XIV asr boshi – XX asr boshigacha), “Qoʻqon xonligi” (XVIII asr boshi – XIX asr oxirigacha) va boshqalar;
Saqlanayotgan hujjatlarning noyobligi va dunyo tamadduni tarixidagi oʻrnining ahamiyatli ekanligini inobatga olib, YUNESKO tomonidan 2017-yilda “Xiva xonlari kanselyariyasi” hujjatlari (20 ming saqlov birligidan ortiq) “Jahon xotirasi” dasturining Xalqaro roʻyxatiga kiritildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari arxivlari orasida Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot milliy arxivi birinchi boʻlib va bugungi kunda yagona ISO 9001:2008 sifat menejmenti tizimi sertifikati hamda ISO 37001:2016 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi sertifikatiga ega boʻldi va bugungi kunda “Sifatli hamda aniq muddatda arxiv xizmatlarini koʻrsatish” shioriga amal qilgan holda faoliyat yuritmoqda.
Tadbirda arxiv ishi sohasining tarixi, millatimiz ziyolilarning boshdan kechirgan murakkab sinovlari, muvaffaqiyati, arxivlarning rivojlanishi aks ettirilgan fotokoʻrgazmalar tashkil etilmoqda. Tarix va kelajakni bogʻlovchi ushbu tantanalar shukuhi, avvalo, kimlarning ajdodlari ekanimizni, Yaratganning ezgu nazari tushgan zaminda yashayotganimizni, yaqin tariximizda nimalar boʻldiyu, nimalar qilayotganimiz, va albatta bu ulugʻlikka munosib nimalar qilishimiz kerakligini koʻrsatib berdi.
Anjumanda, maʼruzachi va soʻzga chiqqanlar avvalo arxiv ishi tarixiga yuzlangan boʻlsa, tadbir davomida bugungi kunda dolzarb hisoblangan arxiv hujjatlarini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratdilar. Tadbirda turli vazirlik va idoralar xodimlari, fuqarolar, keng jamoatchilik ishtirok etdi. Keksa avlod vakillari mustaqillikning ilk kunlarini yodga olib, yoshlarga uni qadrlash va eʼzozlash boʻyicha fikrlarini bildirdi.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va Toshkent Fotosuratlar uyi ijodkorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan minnatdorchilik bildirildi.