Hozirda 2024–2025-yillar uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlandi
Hozirda 2024–2025 yillar uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlandi
AOKAda Adliya vaziri o‘rinbosari va mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi yuzasidan maʼlumot berildi.
joriy yilning 5-avgust kuni millionlab fuqarolarning yillar davomida kutayotgan tarixiy qonun imzolandi. Ushbu qonun joriy yilning 8-noyabr kunidan kuchga kirdi. Hozirda 2024–2025-yillar uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida mahallalarda kadastr xodimlari tomonidan xatlov ishlari boshlandi. Yaʼni, Kadastr agentligi maʼlumotlariga ko‘ra joriy yilning noyabr-dekabr oylarida 901 ta, 2025-yilda esa 2 980 ta mahallada xatlov ishlari amalga oshiriladi. Keyinchalik, 2026–2027-yilda ham qolgan mahallalarda reja-grafik asosida xatlov davom etadi.
Soha mutaxassislari tomonidan hujjatsiz qurilgan uylarni qonuniylashtirishning aniq tartib-tamoyillari haqida batafsil tushuntirishlar berdilar. Qonunga ko‘ra, quyidagi 8 ta holatdagi yer uchastkalariga va ularda qurilgan binolar uchun huquqlar rasmiylashtiriladi:
1) 2018-yil 1-mayga qadar o‘zboshimchalik bilan egallagan
yer uchastkasi hamda unda qurilgan uy-joylar;
2) Ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan binolar;
3) “Bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni eʼtirof etish oxiriga yetmagan uy-joylar;
4) 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimi qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat darajasida tasdiqlanmagan yerlar;
5) Bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yerlar;
6) Kichik sanoat zonalariga 2020-yil 9-martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yerlari;
7) Davlat orderi bilan xususiylashtirilgan;
8) Hokim qarori bilan mulk huquqi eʼtirof etilgan binolar va uylar egallagan yerlarni o‘z ichiga oladi.
Adliya vazirlgi mutasaddilari tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar va undagi ko‘chmas mulklarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish jarayonlariga oid fuqarolarga bir qator muhim tavsiyalarni ham berib o‘tdi.
Birinchidan, hujjatsiz yerlarga nisbatan tegishli hujjatlarni pul evaziga turli yo‘llar bilan rasmiylashtirib berishni taklif etadigan “firibgarlar”ga aldanib qolmasdan, bu kabi holatga duch kelganda huquqni muhofaza qiluvchi organlariga darhol xabar berish kerak.
Ikkinchidan, mahallalarda xatlov o‘tkazish bo‘yicha reja-jadval bilan tanishib chiqib, mahallada xatlov o‘tkaziladigan sana haqida xabardor bo‘lish lozim.
Uchinchidan, xatlov o‘tkaziladigan kunlarda imkon qadar xonadonda bo‘lib, vakolatli tashkilotlarga mavjud bo‘lgan hujjatlarni ko‘rsatish kerak.
To‘rtinchidan, maʼlumotlar jamoatchilikka eʼlon qilinganda ular bilan tanishib, eʼtirozlarni 1 oy muddatda tegishli tashkilotlarga shikoyat qilish kerak.
Beshinchidan, yer va mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lsa, ularni to‘lash choralarini ko‘rish kerak.
Oltinchidan, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va binolarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiq deb topilganligi to‘g‘risida xabarnoma kelgandan so‘ng, belgilangan muddatdan kechiktirmasdan bir martalik to‘lovlarni to‘lash kerak.