Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni o'tkazilishi, shuningdek, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G'alabaning 71 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag'batlantirish maqsadida:
1. 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 800 000 (sakkiz yuz ming) so'm miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog'liq sarf-xarajatlar respublika byudjeti mablag'lari hisobidan amalga oshirilsin.
3. O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta'minlasin.
4. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo'mitasi, “Kamolot” O'zbekiston yoshlar ijtimoiy harakati, Badiiy akademiya, Respublika Ma'naviyat targ'ibot markazi, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg'armalari, boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi va sha'nu sharafi himoyachilariga bag'ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma'rifiy-badiiy kechalar o'tkazsin.
5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2016 yil 18 aprel
Manba: www.uza.uz