“Inson qadri uchun” tamoyili asosida 2022-yil 9 oyi davomida “Oʻzarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar" mavzusida matbuot anjumani

Mavzu: “Inson qadri uchun” tamoyili asosida 2022-yil 9 oyi davomida “Oʻzarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar" mavzusida matbuot anjumani

Oʻtkazish vaqti: 2022-yil 20-oktyabr soat 16:00da

Oʻtkazilish joyi: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosi. Toshkent shahri, Navoiy koʻchasi, 30- uy.

Tadbir tashkilotchisi: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi, AOKA.

AOKAda “Oʻzarxiv” agentligi rahbarlari ishtirokida  “Inson qadri uchun” tamoyili asosida 2022-yil 9 oyi davomida “Oʻzarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar" mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Jumladan Matbuot anjumanida quyidagilar haqida axborot berildi:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 6-sentyabrda “Arxiv ishi sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 501-son qarori qabul qilindi.

Asosiy maqsad jismoniy va yuridik shaxslarga arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish tizimini anʼanaviy shakldan elektron shaklga oʻtkazish orqali qulaylik yaratishdan iborat. Qaror bilan arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma pasportini tasdiqlash orqali ruxsatnoma olishning aniq tartibi, shu jumladan, taqdim etiluvchi hujjatlar, toʻlanadigan yigʻim miqdori, arizani koʻrib chiqish muddati, ruxsat etishga oid aniq talab va shartlarni belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2022-yil 9 oyligiga moʻljallangan rejasi 21 ta koʻrsatkichlar boʻyicha bajarilib, shundan 19 ta koʻrsatkich boʻyicha oshirib bajarildi.

Xususan, hujjatlarning elektron nusxasini yaratish ishlari boʻyicha hisobot davrida davlat arxivlarida 144 091 saqlov birligida qogʻoz asosidagi , 11 564 051 kadr, 288 saqlov birligida  kino, 17 558 hisob birligida foto, 366 saqlov birligida  ovozli hujjatlarning elektron nusxalari yaratildi.

Davlat arxiv oʻquvxonalarida tadqiqotchilar ishini tashkil etish boʻyicha 929 nafar Oʻzbekiston fuqarolari, 39 nafar Chet el fuqarolari tadqiqotchilik ishlarini olib bordilar, 47 493 saqlov birligida hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etildi.

Arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalar uchun sohaga oid ichki normativ hujjatlarni ishlab chiqish boʻyicha jami 979 ta idoraviy hujjatlar ishlab chiqildi.

Agentlik tomonidan koʻrsatilgan xizmatlarning umumiy hajmi 29 289 mln. soʻmni tashkil etdi.

“Oʻzarxiv” agentligi va hududiy boshqarmalar tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha 2022-yil 9 oy davomida 219 ta tashkilot va korxonalarda nazorat tekshiruvlari oʻtkazilib, qoʻllanilgan chora sifatida tashkilot va korxonalarga 185 ta taqdimnomalar kiritilgan, 5 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 3 ta material yuborilgan. Davlat arxivlari tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha uslubiy hamda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha 2022-yil 9 oy davomida tashkilot va korxonalarda 729 ta yalpi oʻrganish, 344 ta mavzuli oʻrganish ishlari olib borildi.

2022-yil 9 oyligida Agentlik huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazida jami 677 nafar tinglovchi malaka oshirishi tashkil etildi.

Agentlikka joriy yilning 9 oyligi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 794 ta murojaatlar kelib tushdi. Respublika davlat arxivlariga jami jismoniy va yuridik shaxslardan 1 979 ta  murojaatlar kelib tushdi hamda oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqildi, shundan 956 ta murojaat qanoatlantirildi, 818 tasiga tushuntirish berildi, 179 tasi tegishliligi boʻyicha boshqa tashkilotga yuborildi va hozirda 26 ta murojaat ijrosi bajarilish jarayonida.

2022-yilning 9 oyligi davomida Respublika arxivlariga 67 248 ta mavzuli, 314 975 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlar kelib tushgan. Davlat xizmatlari markazlari (DXM) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali 210 672 ta, Pochta va elektron pochta orqali 42 013 ta ijtimoiy-huquqiy mazmundagi soʻrovlar kelib tushgan boʻlsa, 62 290 nafar fuqaro bevosita arxivga murojaat etgan.

Arxiv hujjatlari asosida 243 958 ta soʻrovlar ijrosi bajarilib, ulardan 224 086 tasi ijobiy, 19 872 tasi boʻyicha esa tegishli koʻrsatma va tushuntirishlar berilgan.

Agentlik tizimidagi arxiv muassasalarida bugunga qadar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqishda kamchilik hamda huquqbuzarlikka yoʻl qoʻyganliklari uchun 2 nafar rahbar va masʼul xodimlarga jiddiy ogohlantirish berilib, 23 nafar rahbar (9 nafari) va masʼul xodimlar (14 nafari) intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Arxiv ishi sohasida xalqaro hamkorligi yuzasidan “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi va Amerika Qoʻshma Shtatlari Xolokost yodgorlik muzeyi oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnoma” asosida AQSH Xolokost muzeyi bilan hamkorlik ishlari, jumladan, 2021-yil 14-yanvarda ikki tomonlama imzolangan Texnik bitim doirasida va Agentlikning 2021-yil 9-fevraldagi 39-son buyrugʻiga asosan 2022-yil uchun Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilinganlar taqdiriga aloqador maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan foydalanish uchun ochiq arxiv hujjatlarini (tanlangan arxiv materiallari) kataloglashtirish va mavzuli sharhlarni tuzish, Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilingan aholi taqdiri bilan bogʻliq davlat arxivlarida saqlanayotgan ochiq boʻlgan tanlangan arxiv materiallarining raqamli reproduksiyasini yaratish (koʻpaytiriladigan materiallar) kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

2022-yilning 13-16-iyul kunlari “Oʻzarxiv” agentligi direktori boshchiligidagi delegatsiyaning Qozogʻiston Respublikasi Olma-Ota shahriga xizmat safari amalga oshirilib, unda MDH davlat arxiv idoralari Maslahat kengashining navbatdagi 18-yigʻilishida ishtirok etildi. Shuningdek, delegatsiya ishtirokida Qozogʻiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, Kinofoto hujjatlari va ovoz yozish Markaziy davlat arxivi, Ilmiy-texnika hujjatlari Markaziy davlat arxivi, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti arxivi kabi bir qator tashkilotlarga ishchi tashriflar amalga oshirilib, u yerdagi ish tajribalari oʻrganildi.

2022-yil 6-avgustda Toshkent shahrida “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum” imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi oʻrtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida 2022-yil 4-oktyabr kuni Polsha Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi boshchiligidagi Polsha delegatsiyasining “Oʻzarxiv” agentligiga tashrifi amalga oshirildi. Tashrif doirasida “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi va Polsha Respublikasi Milliy xotira instituti oʻrtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida Anglashuv memorandumi” imzolandi.

Joriy yil 7-oktyabr kuni Belarus Respublikasida “Tarixda arxivlar – arxivlar tarixda” Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi va Belarus Respublikasi Adliya vazirligi Arxivlar va ish yuritish departamenti oʻrtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolandi.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati