ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZI VA "O‘ZARXIV" AGENTLIGI O‘RTASIDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI.
Joriy yil 4 noyabr kuni ajdodlar merosini saqlash va ilmiy-ma’rifiy izlanishlar borasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” Agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi Markazi o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi imzolash marosimi o‘tkazildi.
Mazkur Memorandum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 20 sentyabrdagi PF-5834-son Farmonida qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda tuzildi.
Tadbirda arxiv ishi sohasiga ilm-fan yutuqlarini muntazam ravishda tatbiq etib borish, Markaz va “O‘zarxiv” agentligi tizimidagi davlat arxivlari bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirish yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma arxiv tadqiqotlarini olib borish to‘g‘risida kelishib oldilar
Tenglik va o‘zaro kelishuv tamoyillariga asoslangan Memorandum Taraflarning kelgusi hamkorligi uchun asos sifatida xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida: Xalqimizning ana shunday boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon afkor ommasiga keng tanishtirish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida Toshkent shahrida O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini barpo etilmoqda. Ushbu markaz mashhur Xastimom majmuasi hududida tashkil etilib, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk islom olimlari, alloma va mutafakkirlari, jahon madaniyati rivojiga hissa qo‘shgan ulug‘ shoir va adiblar, rassom va xattotlarga oid boy ma’lumotlarni mujassam etiladi. Markazda keng ko‘lamda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi.