ISROIL DAVLATINING O‘ZBEKISTONDAGI ELChISI ZEXAVIT BEN-GILEL “O‘ZARXIV” AGENTLIGIGA TAShRIF BUYURDI

Joriy yil “27 YANVAR – XALQARO XOLOKOST QURBONLARINI XOTIRLASh KUNI” Isroil davlatining O‘zbekistondagi elchisi Zexavit Ben-Gilel “O‘zarxiv” agentligiga tashrif buyurdi.
Elchi “O‘zarxiv” agentiligi rahbariyati tomonidan kutib olindi va uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi  hamda “O‘zbekiston-Isroil” do‘stlik jamiyati vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov respublikadagi davlat arxivlari faoliyati, ularda saqlanib kelayotgan alohida qimmatli hujjatlar xaqida gapirar ekan millatlararo bag‘rikenglik, totuvlik va do‘stona aloqalarni yanada kengaytirish va rivojlantirish,tenglik, adolat va o‘zaro bir-birini tushunish qadriyatlariga amal qilgan holda ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ekologik, axborot, madaniy, ma’rifiy va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sifat berish va uning huquqiy asoslarini mustahkamlash,
Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilingan yahudiylar taqdiriga oid arxiv hujjatlarini aniqlash, raqamli nusxalarini tayyorlash va elektron qidiruv tizimini yaratishda hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtaldi.
Elchi Zexavit Ben-Gilel xonim Ikkinchi Jahon urushidan keyin dunyo hamjamiyati kelajakda insoniyatga qarshi jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan har qanday tashabbuslar qo‘llab quvvatlanishi lozimligi, Isroildagi arxivlar bilan O‘zbekiston arxivlar o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozimligi to‘g‘risida gapirdi.Shuningdek “O‘zarxiv” tomonidan boshlangan Xolokost loyihasini, O‘zbekiston Respublikasi hududiga evakuatsiya qilingan yahudiylar taqdiriga oid arxiv hujjatlarini aniqlash, raqamli nusxalarini tayyorlash va elektron qidiruv tizimini yaratishda Isroil tomoni ham yordam berishini aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida tashrif buyurgan mehmonlar O‘zbekiston Milliy arxivi ko‘rgazmalar zalida namoyish etilgan arxiv hujjatlari nusxalari bilan tanishdilar.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати