“Jadid ma’rifatparvarlarining xalqaro hamkorligi – xalq diplomatiyasining namunasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.























“Jadid ma’rifatparvarlarining xalqaro hamkorligi – xalq diplomatiyasining namunasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Ma’lumki, jadidchilik harakati nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan. Bugun yurtimizda jadidlar faoliyatiga bag‘ishlangan turli ilmiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Joriy yilning 27-fevralida Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetdida “O‘zarxiv” agentligi va O‘zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi hamkorligida tashkil etilgan anjuman jadidchilik harakati va ushbu harakat namoyondalarining hali atroflicha o‘rganilmagan qirralaridan biri ya’ni xorij jamoatchiligi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalariga bag‘ishlandi.

Mazkur tadbirdan maqsad – ma’rifatparvar jadid bobolarimizning hayoti va ijtimoiy faoliyati, ilmiy-ijodiy merosi, milliy davlatchilik asoslarini bunyod etishdagi sa’y-harakatlari, xorij jamoatchiligi bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari zamirida zamonaviy xalq diplomatiyasi elementlari mavjudligini ochib berishdan iborat.

Tadbirda davlat muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, jamoat tashkilotlari, tarixchi olimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Jadidlar deganda ko‘z oldimizga ma’rifatparvar, ziyoli, diniy va dunyoviy bilimlarni egallagan zamonasining ilg‘or namoyandalari keladi. Ular sharq va g‘arb mamlakatlaridagi ziyolilar bilan doimiy muloqotda bo‘lgan.

Jadid bobolarimiz yashagan davrda xalq diplomatiyasi tushunchasi hali ommalashmagan bo‘lsada, ular bugungi kunda zamonaviy xalq diplomatiyasining muhim vositalari bo‘lgan ommaviy axborot vositalari, gazeta va jurnallar, teatr va madaniy tadbirlar orqali xalq ma’rifatini yuksaltirish mumkinligini ta’kidlashgan.

Yana bir muhim jihat shundaki, bugungi kunda xalq diplomatiyasi ma’rifat, ta’lim va madaniyat bilan hamohangdir. Jadidlar shu narsani bundan 100 yil oldin anglagan va yoshlarni bilim olishlari uchun ham sarmoyasini ham ilmini safarbar etgan.

Tadbirda ularning shu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatib, yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochganligi, jamiyat a’zolarining dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etganligi, yoshlarni ilg‘or davlatlarga o‘qishga yuborganligi kabi jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ma’ruzachilar tomonidan xalq diplomatiyasini jadid ma’rifatparvarlarimizning ilmiy, ijodiy merosini xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz orasida kengroq yoyish, asarlarini xorijiy tillarga tarjima qilish, hamkorlikda turli tadbirlarni tashkil etish orqali rivojlantirish mumkinligi qayd etib o‘tildi.

Buyuk ma’rifatparvar bobolarimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oyaviy-siyosiy, ijtimoiy-ma’rifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar o‘rtasida bag‘rikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda ham barchamizga, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasi ekanligi aytib o‘tildi.

Anjuman doirasida jadid ma’rifatparvarlarimizning ilmiy, ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan arxiv fotolar ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, unda noyob fotosuratlar, arxiv materiallar namoyish etildi.

Ajdodlarimizning boy ilmiy merosi haqida so‘zlovchi ushbu arxiv hujjatlar ularning xorij jamoatchiligi bilan ham aloqalari uzviy bo‘lganligini namoyon etdi.

Anjuman yakunida yosh avlod vakillarini jadid bobolarimiz xalqaro miqyosda olib borgan faoliyatini o‘rganish va tahlil qilishga chorlash, mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmay kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etishni yanada kuchaytirish, xorij mamlakatlarida ham davra suhbatlari va saminarlar tashkil etishga kelishib olindi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati