Joriy yil 1-may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “2024-yil 1-choragi davomida “O‘zarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Joriy yil 1-may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “2024-yil 1-choragi davomida “O‘zarxiv” agentligi tizimida amalga oshirilgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Jumladan Matbuot anjumanida quyidagilar haqida axborot berildi: O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2024-yil 1-chorakligiga mo‘ljallangan rejasi 18 ta ko‘rsatkichlar bo‘yicha bajarilib, shundan 16 ta ko‘rsatkich bo‘yicha oshirib bajarildi.
Xususan, 2024-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekiston milliy arxivlari va respublika davlat arxivlari tomonidan jami 1 030,0 ming saqlov birligidagi 70,1 mln. kadr raqamlashtirildi. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2024 yil boshidan 55,1 ming saqlov birligidagi qariyb 4,2 mln. kadr raqamlashtirildi va reja 131 foizga bajarildi. O‘zbekiston milliy arxivlari va davlat arxivlari tomonidan “Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini taʼminlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimiga jami 1 mln 545 ming 931 ta maʼlumotlar kiritildi, shundan 48 943 ta fond, 53198 ta ro‘yxat, 856 722 ta saqlov birligi va 587068 ta hujjat bazasi yaratildi.
Agentlikka 2024-yil 1-chorak davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 480 ta murojaatlar kelib tushdi. 2024-yil 1-chorak davomida Respublika arxivlariga mavzuli va ijtimoiy-huquqiy mazmundagi so‘rovlar jami 123 574 ta kelib tushgan bo‘lib, ijrosi taʼminlandi.
“O‘zarxiv” agentligi, Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan tashkilotlar hamda korxonalarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha 2024-yil 1-chorak davomida 72 ta tashkilotda nazorat tekshiruvlari o‘tkazilib, arxivlar tomonidan tashkilot va korxonalarga qo‘llanilgan chora sifatida 56 ta taqdimnomalar kiritilgan, 13 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 1 ta materiallar yuborilgan. Shuningdek, korxona va tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha uslubiy hamda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 166 ta yalpi o‘rganish, 107 ta mavzuli o‘rganish ishlari olib borildi.
2024-yil 1-choragida Agentlik huzuridagi Arxiv ishi va ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazida jami 71 nafar tinglovchi malaka oshirdi.
Davlat arxivlari o‘quvxonalarida tadqiqotchilar ishini tashkil etish bo‘yicha 381 nafar O‘zbekiston fuqarolari, 9 nafar Chet el fuqarolari tadqiqotchilik ishlarini olib bordilar, shuningdek 9 647 saqlov birligidagi hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etildi.
“O‘zarxiv” agentligi tizimidagi arxivlarda faoliyat yuritayotgan 4 nafar arxivshunos-mutaxassislari 2024-yil 19-fevraldan 1-martga qadar Turkiyaning Istanbul shahridagi Usmoniylar arxivida hujjatlarini restavratsiya va konservatsiya qilish bo‘yicha malaka oshirdilar. Turkiyadagi Usmoniylar arxividan O‘zbekiston tarixi va allomalarimizga oid aniqlangan hujjatlar va olib kelingan mazkur nusxalar ichida Markaziy Osiyo xon va amirlari, ular tomonidan yuborilgan elchilar, Naqshbandiya tariqati shayxlari va namoyondalari, savdogar va haj safariga borgan ko‘plab fuqarolarning maʼlumotlari sirasida hali tarixda chuqur o‘rganilmagan toshkentlik shahzoda nomi bilan mashhur Sulton Muhammad Pahlaviy, Buxoro muftiysi Qalandarxo‘ja, Buxoro shayxulislomi Sulaymonxo‘ja, Buxoro ulamosi va munajjimboshisi Abdusattor Afandi, buxorolik Hoji Usmonxo‘ja savdogar, Sayyid Umarxo‘ja, Hasan Afandi savdogar, Muhammadjon kabi olimlarga tegishli hujjatlar ham borki, ularning hayot faoliyatini o‘rganish muhim hisoblanadi. Jumladan, 1862-yil iyun oyiga tegishli buxorolik Shukur Afandiyning murojaat xati ham juda qiziqdir. Unda XIV asr oxirida Madina munavvarada vafot etgan va o‘sha yerda dafn qilingan buxorolik Xo‘ja Muhammad Porsoning qabrini aniqlab, uni taʼmirlashni Madina amiridan izn so‘rab murojaat qilgan (Usmonli arxivi. F. MVL, 762-ro‘yxat, 79-yig‘majild, 1279 hijriy 1 muharram oyi).
Shu bilan birga, Tojikiston davlat arxivlarida 2 nafar xodim hujjatlarni o‘rganish uchun yuborildi. Tojikiston Markaziy davlat arxivida saqlanayotgan hujjatlar ichida ikki millatning do‘stona munosabatlari va birgalikda o‘tgan asrning birinchi yarmida qazilgan Vaxsh magistral kanali hamda Farg‘ona katta kanalining qisqa muddatlarda foydalanishga topshirishdagi jonbozliklariga oid tarixiy hujjatlar mavjud. Shuningdek, Sharqiy Buxoro hududiga oid qiziqarlik hujjatlar, Xo‘jand uyezdi tarkibida bo‘lib turgan paytdagi Jizzax volosti va u yerda yashagan aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid hujjatlar ham qiziqarli hujjatlar sirasiga kiradi.
2024-yil davomida “O‘zarxiv” agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan O‘zbekiston Milliy arxivi fondlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish ishlari davom ettirilmoqda. Jami: 12 ta fond, 78 ta yig‘majilddagi hujjatlar o‘rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarilib, tadqiqotchilar uchun ilmiy muomilaga kiritildi. Bular: I-1 «Turkiston general gubernatorining Devonxonasi» (1868-1917y.) fondining 26 saqlov birligida; I-3 «Buxorodagi Russiya imperatorlik siyosiy agentligi” (1886-1918y.) fondining 2 saqlov birligida; I-5 «Zarafshon okrugi boshlig‘ining Devonxonasi” (1868-1886y.) fondining 4 saqlov birligida; I-16 “Sirdaryo rayonida axolini ko‘chirish boshqarmasi” fondining 1 saqlov birligida; I-18 “Samarqand viloyati boshqaruvi” fondining 5 saqlov birligida; I-19 «Farg‘ona viloyati boshqarmasi” (1876-1917y.)fondining 2 saqlov birligida; I-46 “Turkiston bojxona okrugi boshqarmasi”fondining 2 saqlov birligida; I-130 “Samarqand viloyati sudi” fondining 1 saqlov birligida; I-194 «Patta Gisar bojxonasi” (1894-1916y.) fondining 7 saqlov birligida; I-278 “Samarqand viloyati sudi o‘rtoq prokurori” 1 saqlov birligida; I-715 «Polkovnik A.G.Serebryannikov tomonidan tayyorlangan “Turkiston o‘lkasi. Uni bosib olinishi tarixiga oid materiallar to‘plami” mavzusiga bag‘ishlangan hujjatlar nashriga oid maʼlumotlar (1839-1897 yy) fondining 25 saqlov birligida; I-722 «Turkiston xarbiy okrugi Shtabi” (1865-1917y.) fondining 1 ta saqlov birligidagi yig‘majildlari.
Tadbirda “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston milliy arxivlari rahbarlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdilar.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.