Joriy yil 20-avgust kuni Buxoro shahri, Buxoro davlat universiteti binosida “O‘zbekistonda Qozog‘iston arxivlari kunlari” doirasida “O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy hamkorlik arxiv foto hujjatlarida” nomli noyob kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil 20-avgust kuni Buxoro shahri, Buxoro davlat universiteti binosida “O‘zbekistonda Qozog‘iston arxivlari kunlari” doirasida “O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy hamkorlik arxiv foto hujjatlarida” nomli noyob kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekistonda Qozog‘iston arxivlari kunlari” – tarixiy xotira va ilmiy hamkorlik bayrami
Joriy yilning 20-avgust kuni Buxoro shahrida yirik xalqaro tadbir – “O‘zbekistonda Qozog‘iston arxivlari kunlari” doirasida qator muhim voqealar bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston va Qozog‘iston arxivlarida ikki qardosh xalq aloqalariga oid arxiv hujjatlari ko‘rgazmalari taqdimotlari bilan boshlandi. Mazkur ko‘rgazmalar doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi arxivlarida saqlanayotgan, ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yorituvchi noyob hujjatlar ilk bor keng jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Ko‘rgazmalar tashrif buyuruvchilarga ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, qo‘shnichilik va strategik hamkorlikning chuqur tarixiy ildizlarini hujjatlar asosida ko‘rsatish imkonini berdi. Noyob manbalar nafaqat arxiv sohasi mutaxassislari, balki yosh tadqiqotchilar, talabalar, tarix ixlosmandlari uchun ham katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazmalar nafaqat ilmiy-amaliy ahamiyatga, balki ma’naviy va madaniy qadriyatlarni asrash, tarixiy xotirani jonlantirish borasida katta tarbiyaviy va strategik ahamiyatga ega bo‘ldi. Ularning tashkil etilishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida yangi sahifa ochdi.
Tadbir doirasida muhim loyihalar taqdim etildi. Jumladan, “O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida madaniy hamkorlik arxiv foto hujjatlarida” nomli noyob kitob-albom taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur kitob-albom uni varaqlagan o‘quvchiga O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi turli davrlardagi madaniy aloqalari to‘g‘risida foto arxiv hujjatlari asosida tasavvurga ega bo‘lish imkoniyatini beradi, bugungi zamondoshlarning birining ko‘zi bilan qarashga imkon beradi. Kitob-albomda O‘zbekiston va Qozog‘iston arxivlaridagi foto hujjatlar jamlangan bo‘lib, keng jamoatchilik, akademik doiralar, xalqaro va milliy ekspert hamjamiyati vakillari, davlat idoralari xodimlari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, talabalar, pedagoglar, umuman tarixga, madaniyatga qiziqadigan har bir kishi uchun foydali ma’lumotlarga boy manba xususiyatiga ega.
Tadbirning markaziy va eng muhim qismini “Axborot jamiyatida arxivlar o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etdi. Ushbu anjuman – O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, arxivlar sohasidagi strategik hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Anjumanda ikki davlatning arxiv sohasi bo‘yicha yetakchi mutaxassislari, olimlar, tarixchilar, hujjatshunoslar, axborot texnologiyalari sohasi vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi. Tadbirda zamonaviy axborot jamiyatida arxivlarning o‘rni, tarixiy hujjatlarning raqamlashtirilishi, hujjatlarni saqlashning zamonaviy mexanizmlari, ochiqlik siyosati va fuqarolik jamiyati uchun arxivlarning ahamiyati yuzasidan dolzarb mavzular muhokama qilindi.
Anjuman davomida:
Arxiv sohasidagi innovatsion yondashuvlar, xususan, raqamlashtirish va raqamli arxivlar platformalari bo‘yicha tajriba almashildi;
O‘zbekiston va Qozog‘iston arxivlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, qo‘shma loyihalar va akademik almashinuvlar muhokama qilindi;
Arxivlar orqali tarixiy xotirani saqlash va milliy o‘zlikni mustahkamlashdagi o‘rni yuzasidan ilmiy nuqtai nazarlar bildirildi.
Mazkur xalqaro anjuman ilk bor ushbu darajada tashkil etilmoqda va u O‘zbekiston hamda Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik tarixida muhim sahifa ochdi. Tadbir ishtirokchilari ushbu tashabbusni har ikki mamlakat arxivchilari o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional bosqichga olib chiqish yo‘lida mustahkam asos sifatida baholashdi.
Mazkur tashabbus ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yanada chuqurlashuvi va arxiv merosining xalqaro darajada tan olinishi yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.2007 yil 26 iyulda “O‘zarxiv” agentligi va Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va axborot vazirligi o‘rtasida arxiv ishi sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida Bitim imzolangan. 2023 yil dekabr oyida “Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligining Arxivlar, hujjatlashtirish va kitob ishi qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuvlarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha 2023-2026 yillar uchun Amaliy Harakatlar Rejasi” imzolangan. Ushbu tadbirlar yuqoridagi rejaning tegishli bandlariga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Tadbir nimasi bilan muhim?
Tarixiy manbalarni jonlantiradi – ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy aloqalar arxiv hujjatlari orqali yoritiladi.
Ilmiy hamkorlikka turtki beradi – mutaxassislar arxivchilarning zamonaviy jamiyatdagi o‘rnini baholaydi.
Madaniy almashinuvni mustahkamlaydi – qo‘shma nashrlar, ko‘rgazmalar va taqdimotlar orqali.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Hukumat apparati, Madaniyat va axborot vazirligining Arxivlar, hujjatlashtirish va kitob ishi qo‘mitasi, davlat arxivlari, shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti arxivi vakillaridan iborat rasmiy delegatsiya ishtirok etdi.
Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorlik bildiriladi.