Joriy yil 23 dekabr kuni Yakkabog‘ tuman davlat arxivida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “OChIQ EShIKLAR KUNI” o‘tkazildi.

Tadbir boshida Qashqadaryo viloyati Аrxiv ishi hududiy boshqarmasi boshligʼi S.А.Boboqulov jurnalistlar va blogerlar bilan ochiq muloqot oʼtkazdi. Jumladan viloyatda arxiv ishi va ish yuritishga doir olib borilgan ishlar yuzasidan qisqacha axborot berdi. “Oʼzarxiv” agentligining 2020 yil 20 avgustdagi 167-son buyrugʼining 6 va 7 bandlariga muvofiq Davlat arxivlari tomonidan koʼrsatiladigan tegishli xizmatlarni Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 avgustdagi 495-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentlar talabi asosida koʼrsatilishiga Oʼzbekiston Milliy arxivlari direktorlari va Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar arxiv ishi hududiy boshqarmalari boshliqlari hamda viloyat, tuman, shahar davlat arxivlari direktorlari shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qoʼyilganligini maʼlum qildi.
Shundan soʼng Yakkabogʼ tumani davlat arxivi direktori Sh.Jabborov davlat arxivining faoliyati bilan tanishtirdi.
Xususan, Yakkabogʼ tuman davlat arxivi Viloyat xokimining 2006 yil 31 dekabrdagi “Viloyat davlat arxivi Yakkabogʼ tuman filialining tashkil qilish toʼgʼrisida”gi X-329/12 sonli qaroriga asosan 2007 yilda 15 fevraldagi Yakkabogʼ tuman filiali nomi bilan tashkil topgan. Аrxivning ilk tashkil topganida faoliyat olib borgan xodimlar soni 4 nafardan iborat boʼlgan.
 Viloyat davlat arxivi Yakkabogʼ tuman filiali uchun Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiya Dasturi asosida 2011 yilda zamonaviy 2 qavatli yangi bino qurib berilgan va 13 nafar xodimga shtat ajratilgan. Аrxivning manba tashkilotlari roʼyxatiga kiritilgan Yakkabogʼ va Chiroqchi tumanlaridagi xoʼjalik, tashkilot va korxonalarning MАFga tegishli hujjatlari hamda shaxsiy tarkibga oid hujjatlar va depozitar saqlovdagi vaqtincha saqlanuvchi hujjatlar saqlanadi.
 Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 05 apreldagi №101-son qaroriga asosan Yakkabogʼ filiali Yakkabogʼ tuman davlat arxiviga aylantirilganligini maʼlum qildi.
 Tadbir davomida Yakkabogʼ tuman davlat arxivi fond saqlovchisi B.Hakimova Yakkabogʼ tuman davlat arxivida saqlanayotgan hujjatlar saqlovi bilan tanishrtirdi.
Xususan, tuman davlat arxivida 2 ta saqlovxona mavjud boʼlib, Milliy arxiv fondiga tegishli doimiy saqlovdagi hujjatlar 2-qavatda va shaxsiy tarkibga oid hujjatlar, hamda depozitar saqlovdagi hujjatlar 1-qavatdagi saqlovxonada joylashtirilgan.
 Hozirgi kunda davlat arxivi saqlovida 1928-2019 yillarga tegishli boʼlgan jami 346 fondda, 41581 saqlov birligidagi hujjatlar, jumladan, 317 fondda 41109 saqlov birligidagi boshqaruv, 29 fondda 472 saqlov birligidagi shaxsiy kelib chiqish xujjatlari, 399 fondda 2976 saqlov birligida shaxsiy tarkib xujjatlari, 9 ta fondda 727 saqlov birligida alohida qimmatli hujjatlar saqlanmoqda. 
 Oʼzbekiston Respublikasining 2019 yil 20 sentyabrdagi №5834-sonli Farmoni ijrosi boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasida 2020-2025 yillarda arxiv ishi va ish yuritishni yanada takomillashtirish dasturining 21-bandiga asosan davlat arxivi saqlovidagi shaxsiy tarkibga oid hujjatlarning qariiyb 75,0 foizi Yakkabogʼ tuman shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivi saqloviga oʼtkazilganligini maʼlum qildi.
 Shundan soʼng Boshqarma АKT boʼyicha masʼul S.Oʼ.Maxmaniyozov Yakkabogʼ tuman davlat arxividagi hujjatlarning elektron nusxasini yaratish ishlarining olib borilishi jarayoni bilan tanishtirdi.
Jumladan,Yakkabogʼ tuman davlat arxivi ishi xodimlari uchun 7 dona kompьyuter, 4 dona printer, 3 dona skaner ishlab turibdi, internet va lokal tarmoqlarga ulangan.
Saqlovdagi 24 ta fonddagi 2413 saqlov birligidagi hujjatlardan 192803 ta kadr raqamlashtirilgan. 
2021 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarning ish haqi va ish stajini tasdiqlash toʼgʼrisidagi arxiv maʼlumotlarini olish elektron axborot tizimi orqali amalga oshirilishi joriy etilganligi munosabati bilan davlat arxivlari tomonidan arxiv maʼlumotnomalarini qogʼozda rasmiylashtirish, qoʼlda imzo qoʼyish va muhr bilan tasdiqlash amaliyotini toʼxtatilishi koʼrsatib oʼtilganligi maʼlum qilindi.


Manba : "Ўзархив" агентлиги Ахборот хизмати