Joriy yilning 30-oktabr kuni Farg‘ona viloyati Quva tumani davlat arxivi binosining ochilish marosimi o‘tkazildi.






Mavzu:
Farg‘ona viloyati Quva tuman davlat arxivining yangidan ta’mirdan chiqarilgan binosi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir.

O‘tkazish vaqti: 2023-yil 30-oktabr, soat 11:00da.

O‘tkazilish joyi: Farg‘ona viloyati, Quva tuman davlat arxivining yangidan ta’mirdan chiqarilgan binosi.

Tadbir tashkilotchilari: Farg‘ona viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi, Quva tuman hokimligi, Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi. 

Farg‘ona viloyati Quva tuman davlat arxivining yangidan ta’mirdan chiqarilgan binosi foydalanishga topshirildi.
Quva tuman davlat arxivi Farg‘ona viloyat hokimining 2006-yil 11-dekabr kungi “Farg‘ona viloyat Davlat arxivining Bog‘dod, Quva, Rishton va Furqat tuman filiallarini tashkil etish to‘g‘risida”gi № 298-sonli qaroriga muvofiq, Quva tuman hokimining 2006-yil 14-dekabr kungi 862-sonli qarori bilan tashkil etilgan. 

2007-2012 yillarda Farg‘ona viloyat davlat arxivining Quva filiali, 2012-yildan esa Farg‘ona viloyati Quva tuman davlat arxivi deb yuritilib kelinmoqda.

Tuman davlat arxivi tashkil etilgach, 2006-yildan 2012-yilga qadar Quva tuman Obodonlashtirish boshqarmasi binosining 1-qavatida, 2012-yildan hozirgi kunga qadar esa Quva tuman Qaqir MFY  Begat ko‘chasida joylashgan 111-uyda faoliyat yuritib kelmoqda.
Bugungi kunda davlat arxivida jami 32268 saqlov birligida hujjatlar mavjud.

Quva tuman davlat arxivining bugungi kunga qadar 190 ta fonddan iborat 4861 saqlov birligidagi doimiy, 27407 saqlov birligidagi shaxsiy tarkibga oid xujjatlari talab darajasiga javob bermaydigan binoda saqlab kelingan edi.

Joriy yilning birinchi choragida Respublikamizda ommalashib borayotgan “Open budget”  tashabbusli loyihalar qatoriga Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi tizimidagi Quva tuman davlat arxivi binosini qayta rekontruksiya qilish tashabbusi joylashtirilgan edi. 

Tumandagi 200 ga yaqin loyiha qatorida Quva tuman davlat arxivini rekonstruksiya qilish loyihasi ham axoli tomonidan yuqori darajada qo‘llab quvvatlandi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra 2100 ga yaqin ovoz to‘plagan holda Quva tuman davlat arxivi binosini qayta rekontruksiya qilish tashabbusi ham g‘olib deb topilib, davlat budjetidan 800 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratilishi belgilandi. 

Ushbu loyiha doirasida mablag‘ni qo‘lga kiritgan Quva tuman davlat arxivi saqlovida bo‘lgan hujjatlarning endilikda zamonaviy binoda saqlanish imkoniyati yaratildi. 

Hozirda tuman davlat arxivi Quva tumani Qaqir MFY Begat ko‘chasi 111-uyda joylashgan. Yangi, zamonaviy va texnik jixozlangan arxivda 60 ming hujjat sig‘imi mavjud bo‘lib, bugungi kunda arxivda 10 nafar xodimlar faoliyat olib bormoqda.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Mirtalibovich Yusupov, Quva tuman hokimi Umarov Xalimjon Komilovich hamda arxiv sohasi faxriylari  so‘zga chiqishdi.

Ta’kidlanishicha, yurtimizda arxiv ishi tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar arxiv ishi va ish yuritish sohasini takomillashtirishga, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani davlat arxivlari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, arxiv hujjatlarini kelajak avlod uchun asrab-avaylashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi.

O‘z tabrik so‘zida Adliya vazirligi huzuridagi "O‘zarxiv" agentligi direktori Ulug‘bek Mirtalibovich arxivlarimiz xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi: “Tariximizni o‘rganmay, bilmay turib, yangichasiga yashashni, hayot tarzimizni o‘zgartirishimizni, zamonga, buyuk ajdodlarimizga mos avlodni tarbiyalashimizni amalga oshirish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun ham Arxivlarga e’tibor yildan yilga ortib bormoqda. Mazkur davlat arxivi binosi ham Farg‘ona viloyati ahliga, jamiyatimizga ezgu maqsadlarda xizmat qiladi”

Shuningdek, Agentlik direktori o‘z so‘zini davomi ettirar ekan, “Open budget”  tashabbusli loyihalari davomida Farg‘ona viloyatida o‘ziga hos natijalar qayd etilayotgani, boshqa hududlardan farqli ravishda viloyatda bir emas, uchta mana shunday tashabbus g‘oliblar qatoridan joy olganligini, bunga esa albatta viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasida ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilganligi, bir maqsad yo‘lida uyushqoqlik bilan harakat qilinganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng, tadbir qatnashchilari yangilangan binoda yaratilgan qulaylik va sharoitlar bilan tanishishdi.

Xonalarga zamonaviy jixozlar, kompyuter jamlanmalari, internet tizimi, kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Tadbirda Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi rahbariyati, Quva tuman  hokimligi, Farg‘ona viloyat arxiv ishi hududiy boshqarmasi, davlat arxivlari xodimlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni yoritishda yaqindan yordam bergan ommaviy axborot vositalari vakillariga “O‘zarxiv” agentligi tomonidan minnatdorchilik bildiriladi.


Manba : "O‘zarxiv" agentligi Axborot xizmati